2022-yil 10-oktyabrda Nyu-York shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Gayana Kooperativ Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida Qoʻshma kommunike imzolandi.
Ikki davlat hukumati nomidan hujjatni Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov va Gayana Kooperativ Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Karolayn Rodriges Birket imzoladi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qoʻshma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini izlash uchun ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Hujjatning imzolanishi Oʻzbekistonning Janubiy Amerika davlatlari bilan oʻzaro hamkorligini kengaytirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.