Bugungi o'zgarish va yangiliklarga boy kechayotgan davr barchamizning oldimizga yangi-yangi talablarni qo'ymoqda. eng muhimi ilm yo'lini tanlagan xotin-qizlarimiz uchun o'z imkoniyatlarini namoyon qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ularni qo'llab-quvvatlash davlatimizning taraqqiyot dasturlariga kiritilgan.
Aytish lozim, har bir jamiyatning intellektual manzarasi haqida fikr yuritilganda, ilm-fanga munosabat, ilmiy g'oyalar va tadqiqotlar, erishilgan ilmiy natijalar ko'lami muhim ko'rsatkich bo'lib xizmat qiladi. Zotan, mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishi ilm-fan rivojiga bog'liq. Bu, o'z navbatida, ilm-fan sohasida izlanishlar olib borayotgan xotin-qizlar zimmasiga ham alohida mas'uliyat yuklaydi. Olima ayollar tomonidan bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlar, sanoat, qishloq xo'jaligi, ijtimoiy-ma'rifiy va madaniy sohalarning rivojiga munosib hissa bo'lib qo'shilmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2015-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to'g'risida rezolyutsiyada 11-fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni, deb e'lon qilingan. Ushbu qaror ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to'laqonli foydalanishiga teng sharoitlar yaratilishi, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadiga xizmat qilmoqda. Bunda belgilangan bosh g'oyalar – ayollar yangi innovatsion g'oyalarni hayotga keng tatbiq etishi, yuksak marralar sari intilishini qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirishga qaratilgan. 2016-yildan e'tiboran bu kun jahonda keng nishonlanib kelinmoqda.
Bugungi kun xotin-qizlarning ilmiy tadqiqotlar olib borishdagi ishtiroki dunyo davlatlarida turli raqamlar bilan qayd etilmoqda. Masalan, YUNESKO Statistika instituti ma'lumotlarining 2020-yil holatiga ko'ra, dunyoda fan bilan shug'ullanayotgan olimalar ulushi 30 foizni (xususan, Boliviyada bu ko'rsatkich 63 foiz, Frantsiyada 26 foiz, efiopiyada 8 foizni) tashkil etadi. O'zbekistonda bu ko'rsatkich 39 foizga yaqinlashgani quvonarli holat, albatta.
Bunda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida xizmat ko'rsatayotgan olimalarning hissasi alohida ekanini ta'kidlash zarur. Fanlar akademiyasining asosiy vazifasi fan va texnika sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash, davlat va jamiyat taraqqiyotini ta'minlovchi istiqbolli yo'nalishlar bo'yicha fundamental ilmiy tekshirish va ilg'or texnologiyalarni rivojlantirish strategiyasini belgilash, tabiiy, texnikaviy, tibbiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ma'naviy-ma'rifiy rivojiga ko'maklashuvchi fundamental tadqiqotlar olib borishdan iborat.
1943-yil 4-noyabrda tashkil etilgan O'zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil topgan davrdan beri uning ilmiy tekshirish muassasalari xodimlari soni, ilmiy tekshirish ishlari ko'lami va salmog'i jihatidan katta tarixiy rivojlanish yo'lini bosib o'tdi.
Akademiya tashkil topgan 1943-yili uning tarkibida 11 haqiqiy a'zosi, 18 muxbir a'zosi hamda 3 faxriy a'zosi bo'lib, 10 ilmiy tekshirish institutini birlashtirgan, 210 ilmiy xodim, jumladan, 28 fan doktori va 80 nafarga yaqin fan nomzodi ishlagan. Aytish lozim, xodimlar orasida ayollar juda ozchilikni tashkil etgan edi. O'tgan tarixiy davr mobaynida Fanlar akademiyasi tarkibidagi ilmiy tadqiqot muassasalarida ilm-fan bilan shug'ullanuvchi xotin-qizlar soni ortib bordi.
Fanlar akademiyasi tizimida ilm bilan shug'ullanayotgan xotin-qizlar faolligi oshib borayotganini ko'rsatmoqda. 2023-yil holati bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida jami xodimlar soni 5337 nafar, shundan 2081 nafar ayol (38,9 foiz), ilmiy xodimlar soni 2833 nafar, shundan 927 nafari ayollar (32,7 foiz), jami fan doktorlari 490 nafar, shundan 109 nafari ayollar (22,2 foiz), fan nomzodlari va PhD 831 nafar, shundan 265 nafari ayollar (31,8 foiz) tashkil etdi.
Shu bilan birga Fanlar akademiyasi tayanch doktoranturasi hamda doktoranturada tahsil olayotganlar orasida xotin-qizlar soni ortayotgani e'tiborga loyiq. Hozirda tayanch doktoranturada tahsil olayotganlarning umumiy soni 686 nafar, shundan 250 nafarini ayollar (36,4 foiz), doktoranturada (DSc) 88 nafar, shundan 25 nafarini ayollar (28,4 foiz) tashkil etadi. Quvonarlisi shundaki, aniq va tabiiy fanlar yo'nalishida izlanuvchi qizlarning ulushi oshib bormoqda.
Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatida 39 foiz ayollar xizmat ko'rsatadi. Tizimdagi mavjud 35 ilmiy tashkilotning 4 tasida ayol direktorlar (2 akademik, 1 fan doktori, professor, 1 fan nomzodi) o'z sohalari rivojida sidqidildan xizmat qilmoqda.
2023-yil yanvar holatiga ko'ra, Fanlar akademiyasi akademiklari soni 65 nafar, shundan 5 ayol akademik mamlakatimiz ilm-fani rivojiga samarali hissa qo'shib kelmoqda. Qayd etish kerak, 2017-yil bo'lib o'tgan Fanlar akademiyasi akademik saylovlarida saylangan 32 akademikning 3 nafari ayol bo'ldi.
Tarixga nazar solinsa, 1943-yildan 2017-yilga qadar saylangan 310 nafar Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi – akademiklarning faqat 20 nafarini xotin-qizlar tashkil etgan. Ularning 9 nafari tabiiy, 8 nafari ijtimoiy-gumanitar, 3 nafari aniq fanlar yo'nalishidadir. Ammo, akademik ayollar soni yuqorida qayd etilgan umumiy ko'rsatkichga nisbatan 6,45 foizni tashkil etadi.
Akademik ayollarimizning hayot yo'li ilm-fan bilan shug'ullanayotgan xotin-qizlar uchun haqiqiy ibrat maktabidir. Bu esa, o'z navbatida, Fanlar akademiyasi haqiqiy a'zoligiga bo'ladigan saylovlarda ilm-fanda o'z ilmiy maktabini yaratgan, yuqori natijalarga erishayotgan xotin-qizlar ishtirokini ko'paytirishni taqozo etayotganini ko'rsatmoqda.
XX asr boshlarida millatimiz ma'rifatparvari Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan ko'proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, bu masalani hal etmasdan taraqqiyotni tasavvur etish qiyin. Bugungi kunda o'zbek olimalari ayollik maqomini tadqiqotchilik, etakchilik, ustozlik faoliyati bilan uyg'unlashtira olgan zamonamizning haqiqiy qahramonlaridir.
Nodira Mustafoyeva,
O'zRFA Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo'limi rahbari
tarix fanlari doktori, professor