O‘zbekiston bolalari rasmlarining namoyishi mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Xalqaro Sumie jamiyati bilan birgalikda uyushtirildi.
Ushbu ko‘rgazmada 35 ta mamlakatdan yig‘ilgan 500 dan ortiq san’at asarlari namoyish etilyapti. O‘zbekiston burchagi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari tomonidan chizilgan 30 ta rasmlar bilan bezatildi. Rasmlarda yurtimiz tabiatining go‘zalligi, madaniy merosi, milliy liboslari, shuningdek, mamlakatimizning tarixiy va diqqatga sazovor joylari tasvirlangan.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston diplomatlari ishtirok etib, tashkilotchilarga ko‘p yillardan buyon Yaponiyaning markaziy san’at saroylaridan birida o‘zbek bolalari tomonidan chizilgan rasmlari orqali yurtimiz madaniyati va urf-odatlarini yapon hamjamiyatiga keng namoyish etish imkoniyati yaratib berilayotganligi uchun minnatdorlik bildirdilar.
Shuningdek, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish o‘zbekistonlik yoshlarni ruhlantirib, ularning yanada samarali ijod qilishida keng imkoniyatlar ochib berishi qayd etildi.
Ko‘rgazma tashkilotchisi, Xalqaro Sumie jamiyati raisi, taniqli yapon rassomi Toxun Kobayashi O‘zbekiston o‘quvchilarining ijodiy mashqlarini e’tirof etdi.
«Tokioning markazida joylashgan mashhur Milliy san’at saroyida 22-bor o‘tkazilayotgan «San’at - chegara oshib» nomli rasmlar ko‘rgazmasi 23 yanvardan o‘z ishini boshladi. Ushbu yirik ko‘rgazmaning «Bolalar rasmlari» qismida doimiy ravishda O‘zbekiston maktab o‘quvchilarining rasmlari namoyish etilyapti, deb xabar beradi «Dunyo» AA.