Davlatimiz rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar jarayonida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilni joriy etishga ustuvor ahamiyatiga hamda mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida oldimizda turgan eng ustuvor vazifalarga ham toʻxtalib oʻtdi.
Jumladan, birinchi ustuvor vazifa, ijtimoiy siyosat mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday boʻlib qolishi va yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va oʻziga xos tizimi yaratilganligi, yaʼni keyingi paytda “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilganligini. Shu asosda muammoga oid mavhum koʻrsatkichlar emas, balki yordam va koʻmakka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari oʻz joyida aniq oʻrganilib, ular vaqtida va samarali hal etilayotganligini taʼkidladilar.
Ikkinchi ustuvor vazifa esa, iqtisodiy taraqqiyot sohasida oʻsish nuqtalarini aniqlash va ularga alohida ahamiyat qaratish, shu tariqa Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish lozimligi va uchinchi ustuvor vazifa, hozirgi global pandemiya davrida aholi sogʻligʻini muhofaza qilish, jumladan, tadbirkorlarni oʻz muammolari girdobiga tashlab qoʻymaslikni asosiy maqsad ekanligi aytib oʻtildi.
Bu sohadagi mavjud kamchilik va nuqsonlarni hal etishda mamlakatimiz hayotini yana-da erkinlashtirish, ochiqlik va oshkoralik muhitini, jamoatchilik nazoratini kengaytirish muhim ekanligi taʼkidlandi.
Toʻrtinchi ustuvor vazifa, bu pandemiya qishloq xoʻjaligida tub oʻzgarishlar amalga oshirilayotgan davrga toʻgʻri kelganligi. Bu davr oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, agrar sektorni zamon talablari asosida rivojlantirish butun insoniyat, jumladan, biz uchun ham eng dolzarb vazifaga aylanib borayotgani va ushbu sohani iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish – bosh maqsad ekanligi taʼkidlandi. Shu maqsadda 2020-2030-yillarga moʻljallab ishlab chiqilgan Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasida tarmoqni rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalar aniq-ravshan belgilab qoʻyildi.
Beshinchi ustuvor vazifa esa, pandemiya davrida xalqimizning sogʻligi va hayotini asrash biz uchun eng muhim vazifa ekanligi va shu maqsadda 2021-yil uchun davlat byudjetida 3 trillion soʻm zaxira shakllantirilib, ushbu mablagʻ hisobidan tibbiyot sohasida koʻpgina chora-tadbirlar, jumladan, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilgani aytib oʻtildi.
Barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni koʻpaytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga oʻtkazish, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari oʻrtasida telemeditsina xizmatini yoʻlga qoʻyib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlarni yana-da kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani ham taʼkidlandi.
Mamlakatimizda inson aʼzolarini transplantatsiya qilish boʻyicha qonuniy asoslarni ishlab chiqish boshlangani, ammo bu borada normativ-huquqiy bazaning mavjud emasligi tufayli ilgari, donorlik qiluvchi shaxs bemorning yaqin qarindoshi boʻlmasa, transplantatsiya uchun ruxsat berilmasligi va koʻpchilik fuqarolarimiz bunday tibbiy operatsiyani chet elda oʻtkazar, xorijga borishga qurbi yetmaganlar esa chorasiz ahvolda qolishi borasida ham yurtboshimiz oʻz fikirlarini bildirdi.
Bizni eng qiynaydigan masalalardan biri – sogʻliqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlari ekanligi va oʻtgan yilning oʻzida tizimda 30 milliard soʻmdan ortiq mablagʻni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi va aybdorlar qonuniy jazoga tortilgani hamda bu sohada taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatishga, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berilayotganiga ham taʼkidlandi.
Oltinchi ustuvor vazifa, bu yangi Oʻzbekistonni barpo etish – yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yana-da chuqur oʻrganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yoʻlimizni yangi bosqichda davom ettirish ekanligidir.
Shuningdek, yurtboshimiz Oʻzbekistonni barpo etishda tashqi siyosatga, dunyodagi olis va yaqin davlatlar bilan doʻstona hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilayotgani, yaʼni Oʻzbekiston bugun oʻzining uzoqni koʻzlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylangani, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligimiz yangi bosqichga koʻtarilayotganligi haqida ham oʻz fikirlarini bayon etdi.
Shuningdek, Prezidentimiz mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning taʼlim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini roʻyobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilayotganligi hamda mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida erishilayotgan yutuqlar haqida soʻz borganda, xotin-qizlarning oʻqishi, bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sogʻligini saqlash, isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga birinchi navbatda eʼtibor berilayotganligi va uning sabablariga ham toʻxtalib oʻtdi.
Yurtboshimiz oʻz javoblarini yakunlar ekan, “Yangi Oʻzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi”, deb taʼkidlaydilar.
Xulosa qiladigan boʻlsak, Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” mavzusidagi javoblari barchamizni, Yangi Oʻzbekistonni har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanishiga oʻz xissamizni qoʻshishga undaydi.
Salomat NIYOZOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti kafedrasi professor v.b.
yuridik fanlari doktori