Ona yurtimizning uzoq oʻtmishi, shonli tarixi bugungi kunda nafaqat turkiy elatlar, balki butun dunyo uchun maʼlumki, bugun dunyo jamiyati bizni, olib borayotgan siyosatimiz, yuksalishlarimiz, eksport mahsulotlarimiz, yoinki jahon arenalarida qoʻlga kiritayotgan shoda-shoda medallarimiz bilangina emas, buyuk ajdodlarimiz, sarkarda bobokalonlarimizu ulugʻ allomalarimiz bilan ham eʼtirof etmoqdalar. Biz ana shunday bir pogʻonaga koʻtarila olgan ekanmiz bu mavqega erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni yanada jadal suratlarda amalga oshirishimiz zarur.
Respublikamiz yaqin oʻtmishdagi mustamlakadan soʻng, mustaqillikdan keyingi oʻttiz yil davomida bosqichma-bosqich oʻzini anglab olishga, rivojlanishga va yuksalishga harakat qildi. Oʻtgan bu davr mustaqillik yillari boʻlsa ham koʻplab xatolar, kamchiliklar, sansalorlik, korrupsiya, mansabparastlik kabi turli illatlar batamom holi kechdi deya olmaymiz. Ammo baribir shunisi quvonarliki, loqayd va begʻamlardan koʻra, yuragida yurt ishqi joʻsh urgan fidoiy, zahmatkash insonlar, niyatlari xolis qolaversa mashaqqatli mehnatlari sermahsulligi tufayli birdamlikda jonkuyar yurtboshimiz rahnamoligida ulugʻ kunlarga erishdik. Yaqindagina mamlakatimizda demokratik huquqlar asosida Prezident saylovi boʻlib oʻtganidan barchamiz birdek xabardormiz. Yurtimizda fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari toʻliq saqlangan holda, toʻgʻridan toʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazilgan saylov uchun oldindan katta tayyorgarliklar koʻrilib, fuqarolar oʻzlari tanlagan nomzodlarga erkin ovoz berish jarayonida hech qanday kamchilik va muammolarsiz ishtirok etdilar. Oʻtkazilgan saylov natijalaridan ham maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan ishlaridan xalq mamnun. Saylovda yana bir bor gʻalaba qozongan yurtboshimiz mamlakat fuqarolari, butun bir oʻzbek xalqining ishonchini qozonganidan benihoya xursandligi, oʻziga bildirilgan ishonch hissining naqadar kuchli masʼuliyatli ekanligini chin dildan his qilayotganligi “Prezident qasamyodi” minbaridagi soʻzlaridan, qolaversa yana kuch-gʻayrat bilan boshlab yuborilgan ishlardan ravshan koʻrinib turibdi. Ayni paytda Yangi Oʻzbekiston kelajak sari odimlar ekan, har kun har daqiqada, har bir qadamida yangilanishlar, oliy maqsadlar va albatta natijalar ham namoyon. Olib borilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlarni birma-bir sanab oʻtishimizning iloji yoʻq, zero olib borilayotgan ishlarning har biri alohida eʼtiborga loyiqdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugun va ertamiz uchun shunday bir mukammal strategiyani ishlab chiqib, uni mahorat bilan olib boryaptilarki, yaqin kelajakda boʻladigan oʻzgarishlarni eshitib, jarayonlarga bevosita guvoh boʻlib, beixtiyor toʻlqinlanib ketasan. Bunyodkorlik ilm-fan, sport, sogʻlikni saqlash, qishloq xoʻjaligi sohalari, ayniqsa ertamiz egasi boʻlgan yosh avlod uchun qilinayotgan ishlar birlamchi va dolzarb mavzulardir. Bu ishlarning amaldagi natijalari uchun esa millionlab mablagʻlar sarflanishi hech kimga sir emas. Ana shunday ulkan sarf-xarajatlar davlat byudjeti tomonidan sarflanayotgan ekan, oʻzlariga ishonch bildirilgan mutasaddi tashkilotlar, mansabdor shaxslar ham sidqidildan ish olib borishi talab etiladi. Bu masala esa yurtboshimiz eʼtibor qaratgan muhim ishlardan biri boʻlib, bugungi kunda xalq otasi rasmiyatchiligini yigʻishtirib, xalq orasida muloqotda boʻlib, xalq dardini shaxsan tinglab, kamchiliklarni joyida hal etib, lavozimlarini suiisteʼmol qilayotganlarning, masʼuliyatsiz rahbarlarning oʻrnini, oʻz egalariga yaʼni “Mana, men xalq uchun, yurt kelajagi uchun xizmat qilaman”, — degan fidoiy xodimlarga boʻshatib beryapti. Shu oʻrinda yaqindagina boʻlib oʻtgan yoshlar bilan uchrashuvlarning birida Prezidentimiz: “Mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, har bir mahalla viloyat hokimining yordamchisi, yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi. Yoshlar siyosati eng muhim masalalardan biri ekanligini inobatga olib, ushbu yoshlar Prezident vakili boʻladi”, — degan edilar. Ushbu yordamchilarning asosiy vazifasi ham dolzarb olib borilayotgan “Beshta muhim tashabbus” loyihasi doirasida olib borilishi, asosi esa yoshlar dasturlarini shakllantirishga qaratilishi maʼlum qilindi. Bobolarimizning “Qishning gʻamini yozda ye” — qabilidagi maqoli singari ertamiz uchun bugundan harakat qilish, harakatni esa toʻgʻri yoʻldan tanlash albatta samara beradi. Yaqin kelajakda Oʻzbekiston Respublikasi butun dunyo andoza oladigan goʻzal va soʻlim, tinch va farovon, hur diyor boʻladi deb ishonamiz. Yangi Oʻzbekistonni esa bilimli va har tomonlama yetuk avlod bilan birgalikda yashnatamiz, oʻz hissamizni qoʻshamiz.
Gulnoza Sobirova,
Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumani hokimining
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi.