Tarixiy qonuniyatlar esa ularni anglash, oʻrganish va xulosalar qilish orqali tugʻiladi. Shu maʼnoda, Prezidentimiz joriy yil 11-oktyabr kuni oʻtkazgan yigʻilishda qatnashar ekanmiz, qisqa davrda turish-turmushimiz qanchalar oʻzgargani, qarash va moʻljallarimiz, hayotdan muddaolarimiz, yechishga kirishgan muammolarimizning kechagi va bugungi sifati, koʻlami, kelajagi oʻrtasidagi farq yer bilan osmonchalik boʻlib borayotgani haqidagi oʻy va tahlillar quyilib kelaverdi. Negaki 2016-yil soʻnggi choragiga qadar kechgan salkam yuz yil ichida odatda oʻzbekning butun kuzi, ayniqsa, oktyabr oyi oʻrtalarida kun tartibida asosan bitta masala turardi: paxta!
Mustaqilligimiz tiklanib, jadidchilik bir sidra jonlangandek boʻlib, Abdulla Avloniyning tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir chaqirigʻini turli minbarlardan bemalol jaranglatolsak-da, aslida bizning kuzak hayot-mamotimiz paxtaligicha qolavergandi. Undan muhimroq, tashvishliroq, qaltisroq mavzu boʻlmasdi, boʻlishi ham mumkin emasdi. Biron ish, ishkal chiqib qolsa, toʻxtab tur, paxta oʻtsin keyin, hozir bu hech kimga yoqmaydi, ishqilib ob-havo turib bersin-da, bolalarimiz paxtadan qachon qaytarkin, qabilidagi gap-soʻzlar tinmas edi. Bugun-chi, bugun?
2023-yil kuzining qirq ikkinchi kunida boʻlib oʻtgan tadbirda yurtimizda sayyohlik sohasini yanada rivojlantirish, mehmonxonalar sonini oshirish, Madrid, Baxmalga uchoqlarni yoʻlga qoʻyish, 56 ta zamonaviy samolyot va 36 ta tezyurar poyezd sotib olish, aeroportlarni xususiy boshqaruvga berish, sayyohlik boʻyicha yetuk mutaxassislar tayyorlash, Surxondaryodagi buddaviylik yodgorliklariga chet elliklarni jalb qilishni kuchaytirish, Buxoroda ham “Boqiy shahar” barpo etish, 16-20-oktyabr kunlari Samarqandda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-yigʻilishini oʻtkazish, yaqin kelajakda “Sharq taronalari”ni Axsikentda uyushtirish, Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur muzeyini kattalashtirish, buyuk bobomizga atab bogʻ barpo etish, 85 millionta koʻchat ekish, uzumzor, tutzorlar yaratish, tarix, madaniyat, kino, milliy davlatchilik kabi — Yangi Oʻzbekistonimiz uchun “hayot-mamot” emas, balki bemalol qilsa boʻladigan, oʻtgan qisqa muddatda mazkur yoʻnalishlarda maqtasa arzigulik ishlar ham bajarib qoʻyilgan masalalar haqida soʻz ketdi.
Agar shundan keyin — oktyabr oyining oxirigacha yuz bergan muhim voqealar — davlatimiz rahbarining Bishkek va Pekin safarlari, Samarqanddagi yirik xalqaro tadbirdagi qatnashuvi, Toshkentda qurilish va obodonchilik ishlari bilan tanishish, “Yashil makon” loyihasining galdagi mavsumini boshlab berish bilan bogʻliqligi, ayniqsa, shuhrati “eng koʻp paxta berishi” bilan oʻlchab kelingan Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida paxta yigʻim-terimi mavzusi tilga olinishi u yoqda tursin, hatto eslanmagani koʻzda tutilsa, millatimiz turish-turmushidagi chindan ham keskin sifat oʻzgarishlarning ahamiyati yanada oydinlashadi, albatta.
Yangi Oʻzbekiston boshqa koʻpchilik qatori uzoq yillar chet elga chiqishdan mosuvo boʻlib kelgan kamina uchun ham oʻzga yurtlarga borish, hamkasblar bilan uchrashish, dunyoni koʻrish baxtini berdi, desak oshirib yubormagan boʻlamiz. Keyingi yillarda jahonning qator ilmiy, taʼlim va madaniyat muassasalari bilan izchil hamkorlik oʻrnatayotgan institutimiz oldida turgan vazifalardan biri xorijiy davlatlarda saqlanayotgan, xalqimiz oʻtmishiga oid birlamchi manbalarni topish, oʻrganish va ilmiy muomalaga kiritishdan iboratdir. Bu haqida soʻz ketganda, odatda Eron, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston, arab davlatlari, Buyuk Britaniya, Fransiyaning bu boradagi imkonlari koʻz oʻngimizga kelishiga oʻrganib qolganmiz. Holbuki, Xitoy, Moʻgʻuliston, Yaponiya, Ispaniya, Italiyada ham bizga tegishli manbalar borligiga hech qachon shubha boʻlgan emas. Biroq u yerlarga yetib borish ushalmas orzu boʻlib qolavergan.
Ispaniya tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Osiyoni tadqiq etish tashkiloti (Casa Asia) va Kadiz universiteti tomonidan shu yilning 22-sentyabrida uyushtirilgan 11-Osiyo tadqiqotlari uchrashuviga taklifga koʻra, Rui Gonsales Klavixo yurtiga otlandik. Bugun hech kimda savolu hayronlik tugʻdirmaydigan, oddiylik kasb etib ulgurgan ushbu holat bahona kechagi kunimiz haqiqatlaridan biriga toʻxtalmasdan oʻtolmaymiz.
Paxta aziz, olimu oʻqituvchi xor boʻlgan oʻtmish damlar va davrimizni endilikda birov yodga olsa oladi, boʻlmasa, yoʻq. Bilib-bilmasdan, masala mohiyatini tushunib-tushunmasdan ilmiy faoliyatni “grant” tizimiga “oʻtkazib” qoʻyishning ayanchli oqibatlariga haligacha baho berganimiz yoʻq. Ikkitagina misol bilan cheklanamiz. Bitta “grant” doirasidagi bitta ish oʻrniga bir necha kishi ilinib olib, kun koʻrishga majbur boʻlgani endi choʻpchakdek tuyuladi. Biroq oʻsha kezlari olimning 0,15 ulushda ishlashidek sharmandachilik hech kimni ajablantirgan emas. Boʻlmasa “propiska” ololmagan, ijtimoiy xizmatlardan foydalanolmagan, bolasini bogʻcha yoki maktabga berolmagan, shifokorga koʻrsatolmagan.
Chet ellarga ilmiy safarlarni aytmasa ham boʻladi. Tashqaridan kelgan takliflarning qanchasi “yuqori va tegishli tashkilotlar”dan oʻtmagani bois, xorijga chiqish har kimga ham nasib etavermaydigan yutuq sanalardi. Bu borada omadi chopganlarning koʻpchiligi esa taklif etuvchining “qoʻli”ga qarab qolganini ham, buning oqibatlarini ham yashirmasligimiz kerak. Pulini toʻlagandan keyin ashulasini ham ayttiradi-da. Mustamlaka bosqichimizda “markaz”ga sajda qilgan boʻlsak, endi chetdan kim siylab chaqirsa, oʻshani duo qilishga oʻtganimiz, mazkur ayanchli ahvolimiz asoratlarining salbiy taʼsiri bugun ham jiddiyligini tan olishimiz kerak...
Shu maʼnoda, Yangi Oʻzbekistonga xos boʻlgan sifatlardan biri ham olimlarimizning qadr-qimmati yuksaltirilib, ilm ahlining faqat ijod bilan mashgʻul boʻlishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgani bilan bogʻliqligini baralla aytishdan hech qachon charchamasligimiz kerak! Aynan soʻnggi yillarda olimlarimiz daromadi uch marta va keskin oshirildi. Bugun institutimizda bir ish oʻrnining 0,5 ulushida ishlayotgan magistrlarning bir yillik sof daromadi magistratura toʻlovining ikki yilligini qoplashga yetib, qolganiga shu kunlarda Istanbulga bir haftalik sayohatga borib kelsa boʻladigan darajada ekanini barcha bilishi va qadrlashi kerak!
Ilmiy salohiyati yuqori, yaratib berilgan imkonlardan unumli foydalanayotgan, qoʻshimcha loyihalarda qatnashib, taʼlim tizimiga tortilgan ishchan xodimlarimiz orasida dollarda hisoblaganda, oyiga ming, bir yarim ming, ikki mingdan ortiq daromad topayotganlari ham borligi yaqin-yaqingacha tushga ham kirgan emas. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ajratilayotgan turli manbalar, instutimiz hisobidan chet ellarda malaka oshirish, kutubxona va arxivlarda ishlash, ilmiy yigʻinlarda qatnashish imkoniga ega xodimlarimiz soni yildan-yilga oshib bormoqda. Homiylarimiz qoʻllashlari bilan oʻzimiz lozim topgan xorijlik olimlarni yurtimizga chorlab, kelib-ketmogʻi, turmoq-yemogʻini qoplashni ham eplayapmiz.
Ilmiy muassasalarni moddiy jihatdan har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati natijasida olimlarimiz chet elliklar oldida tili qisiqlikdan qutulganini qancha urgʻulasak, shuncha oz. 11-Osiyo tadqiqotlari uchrashuvi oʻtkazilgan Kadiz shahriga borib-kelish va shu bahona Turkiya, Ispaniya hamda Italiyaning bir qator shaharlarida boʻlib, u yerlik rektorlar, olimlar, noshirlar, jurnalchilar bilan shaxsan uchrashish, ularda bor va tariximizni toʻlaqonli yoritishimiz uchun zarur manbalar boʻyicha ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mutaxassislar tayyorlash, targʻibot masalalari yuzasidan birlamchi kelishish, arxiv va muzeylari bilan tanishishni oʻz ichiga olgan oʻn olti kunlik ilmiy safar xarajatlarini koʻtarishga bugun institutimiz qodirligining oʻziyoq mamlakatimizda ilm-fanga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning yorqin dalilidir.
Safarimiz davomida davlatimiz rahbarining, “bizning ota-bobolarimiz hech kimga ergashgan emaslar, balki ergashtirganlar — biz ergashuvchi emas, ergashtiruvchi xalqmiz”, soʻzlarini koʻp marta eslashga toʻgʻri kelganini ham urgʻulagan boʻlardik.
Gap shundaki, biz Pireney deya oʻrganib qolganimiz, aslida esa Iberika (Iberica) atalmish yarimorolning Andalus oʻlaroq taniqli va butun boshli janubiy boʻlagi 711-1492-yillari, yaʼni salkam sakkiz yuz yil musulmon sulolalar boshqaruvida boʻlgan va, demak, Sharq, ayniqsa, Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrlari ilmiy-madaniy yutuqlarini toʻla oʻzlashtirishga erishgan. Bu borada Toʻledoʻ (Toledo) tilmochlik maktabi alohida oʻrin tutganini mutaxassislar yaxshi biladi. Atamasining kelib chiqishi arabchada buloq, irmoqni bildiruvchi “majra” (مجري (soʻzi bilan ham bogʻlanadigan Madridning janubi-gʻarbida oʻrnashgan Toʻledoʻ viloyati va shahri ham musulmonlar qoʻl ostida edi. 1085-yili uni egallagan ispanlar ushbu hududda saqlanayotgan, arab tilida bitilgan yuz minglab qoʻlyozma kitoblarning sohibiga ham aylangan. Ular orasida oʻzbekning ulugʻlari — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sinoning ham shoh asarlari boʻlgani juda yaxshi maʼlum. Oʻzlariga butunlay notanish sanalgan, matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafaga oid bunday bebaho merosga duch kelgan yevropaliklar ularni lotin va eski ispan tillariga oʻgirishni boshlab yuborgan. Shu tariqa, u yerdan Yevropaga oʻnlik sanoq tizimi, algebra, algoritm, osmon jismlari, tibbiyot va falsafa boʻyicha eng ilgʻor kashfiyotlar, taʼlimotlar, nazariyalar, qoʻllanmalar tarqala boshlagan, keyingi besh-olti yuz yil ichida qitʼa universitetlarining minglab yoshlari aynan bizning ulugʻ bobolarimizga ergashib, pishib, oʻz mamlakatlari ilm-fan poydevorini yaratib borgan.
Andalus oʻlkasining tezgina va katta koʻlamda koʻzga tashlanadigan yana bir jihati uning ham tarixiy, ham zamonaviy meʼmorchiligiga Sharqning oʻta kuchli taʼsiri boʻlgani va bugun ham borligi bilan bogʻliq. Butun dunyodan kelgan va mahalliy sayyohlarni oʻziga tortadigan eng asosiy yodgorliklar aynan musulmon hukmdorlarining qoʻrgʻonlari, saroylari, bogʻlari hamda masjidlaridir. Eng eʼtiborlisi, ularning bezaklarida Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon tarixiy yodgorliklariga xos handasaviy va islomiy naqshlar, boʻyoqlar, ustachilik ishlari cheksiz uchraydi. Shuning uchun ham boʻlsa kerak, ularni qiziqish bilan tomosha qildik, aniqrogʻi, oʻrgandik, biroq hayratga tushganimiz yoʻq.
Barselona, Rim, Milan ham ogʻzimizni ochirib, soʻlagimizni oqizolmadi deya olamiz. Kolizey, Rim xarobalari, Sagrada Familiya, Duoʻmoʻ tarixiy cherkovlari, koʻpriklari ham lol qoldirolmadi. Negaki, qanchalar mahobatli boʻlmasin, ularda bizning tarixiy yodgorligu majmualarimizdagidek goʻzallik va did, mahorat va uygʻunlikni koʻrmadik. Shunda oʻtgan yili Istanbuldagi Toʻpqopi saroyiga kirib borayotganimizda turkiyalik bir hamkasbimizning bu yer baribir Samarqand, Buxoro, Xiva va Keshdagi yodgorliklarga teng kelolmaydi, degani kaminaning koʻngli uchungina boʻlmaganini esladik. Biroq bir narsaga tan berdik.
Avvalo, har kimning oʻz yurti, tarixi, madaniyati, dini — borligʻiyu merosi oʻziga aziz! Turkiya, Ispaniya, Italiya xalqlari ham bundan mustasno emas. Ularning ajdodlari, chindan ham, koʻzkoʻz qilsa arzigulik tarixiy-madaniy bisot qoldirgan. Ushbu boy va rang-barang bisot koʻz qorachigʻidek asrab-avaylanayotganini ham koʻrdik. Eng asosiysi, ular uni oʻta yuksak, har tomonlama pishitilgan mahorat va pardoz bilan butun dunyoga koʻrsata olmoqda! Ularning bizdan birdan-bir ustunligi ham mana shundaligiga guvoh boʻldik.
Masalan, Rim saltanati asoschisi Oktavian Avgust (miloddan oldingi 63 — milodiy 14 yillar) yashagan, suvoqlari toʻkilib ketgan, ayrimlaridagina jindekkina rangli nimalardir saqlanib qolgan, atayin yarim qorongʻulik tusini berish orqali salobati boʻrttirilgan, turli toʻsiqlariyu taqiqli yozuvlari borligi bilan odamdagi qiziqishni kuchaytiradigan bir necha xonani koʻrish uchun yaxshigina aqcha toʻlashga toʻgʻri keldi.
Shu oʻrinda, haqli savol tugʻiladi: Turkiya, Ispaniya, Italiyada shaxsan koʻrganimiz — arxeologiya va meʼmorchilik tarixiy yodgorliklariga kelayotgan odamlarning keti uzilmasligining bosh sababi nimada? Bunga javobni yigʻilishda loʻndagina qilib aytilgan mana bu soʻzlardan topamiz: biz bor tariximizni ham koʻrsata olmayapmiz, sayyohlik boʻyicha butun dunyoga jar solishimiz kerak, sayyohlik ishining bilimdonlari boʻlgan oliy darajadagi mutaxassislarni tayyorlashimiz lozim!
Chindan ham, buyuk tariximiz, tengsiz madaniyatimiz, olamshumul kashfiyotlarimiz boʻla turib, ularni butun olamga toʻlaqonli koʻrsata olmayotganimiz bor gap! Shu maʼnoda, soʻz ketayotgan tadbirda Surxondaryodagi buddaviylik yodgorliklariga Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari ahlini jalb etish masalasi koʻndalang qoʻyilganini har jihatdan qoʻllaymiz. Negaki, birinchidan, buddaviylik Surxon vohasiga mazkur din asoschisi Budda (miloddan oldingi 563-483) davridayoq kirib kelgani va ilk ibodatxona ham oʻsha kezlari qurilgani maʼlum. I-V asrlarda hukmronlik qilgan kushoniylar (oʻgʻuzlar) davrida buddaviylik Turonda keng koʻlamda tarqala boshlab, Buyuk ipak yoʻli orqali Xitoy, Yaponiya va Koreya yarim oroligacha yetib borgan. Buni tasdiqlovchi yodgorliklar Surxon vohasida yetarli. Eng muhimi, butun tarixi ichida umumbuddaviylik yigʻinlari bor-yoʻgʻi olti marta — miloddan oldingi V, IV, III asrlar, milodiy II asr boshlari, 1871, 1954-1956-yillari oʻtkazilgani va ularning toʻrtinchisi (taxminan 110-yili) buyuk hukmdorlarimizdan sanalmish Kanishka (103-125) davrida uyushtirilganiga oid tarixiy dalil targʻibot ishlarida oʻta qoʻl kelishiga shubha qilmaymiz. Agar hozirda buddaga sigʻinadiganlar butun dunyoda kamida 500 million kishini tashkil etib, ularning koʻpchiligi zikr etilgan mintaqalarda yashashidan tashqari, Shimoliy Amerikada 4 millionga, Yevropada 2 millionga yaqin buddaviychilar borligi koʻzda tutilsa, yuqorida urgʻu berilgan yoʻnalishning ahamiyatiyu qimmati yanada oydinlashadi.
Shu munosabat bilan bir gapning xonasi kelib qoldi. Koronavirus tarqalishidan oldin tashqi sayyohlikdan kamida 130 milliard daromad topgan Xitoyda arxeologiya sohasi iqtisodiyot uchun juda katta foyda keltiradi. Arxeologlar qoʻlga kiritgan har bir yutuq haqida butun dunyoga jar solish orqali millionlab chet elliklarni chorlash, yodgorliklar atrofida xizmat koʻrsatish tizimini yaratishda xitoyliklarga tan berish kerak. Dunyoga mashhur “Haykalchalar qoʻshini” yodgorligining oʻziga har yili 5 million sayyoh kelib-ketadi.
Keksa Turon — Turkiston yuragi boʻlmish yurtimiz tuproqlari ostida besh mingga yaqin arxeologiya yodgorligi bor. Biroq ularning juda ozchiligi oʻrganilgan, xolos. Agar biz bu boradagi izlanishlarni maqsadga muvofiq yoʻlga qoʻya olsak, natijalarimiz boshqalarnikidan kam boʻlmasligi aniq. Bunday ishonch bildirishimizga barcha asoslar yetarli.
Yigʻilishda sayyohlikni rivojlantirishda 3000-yillik tarixga ega milliy davlatchiligimiz, boy madaniyatimiz imkonlarini toʻliq ishga solishga alohida urgʻu berilar ekan, yaqin yillarda “Sharq taronalari”ni Axsikentda oʻtkazish rejasi shunchaki bildirilmadi, deb oʻylaymiz. Fargʻona vodiysining koʻp asrlik markazi boʻlib kelgan, Buyuk ipak yoʻlida joylashgan ushbu shaharni oʻrganish soʻnggi yillardagina tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgani, 2018-yili u yerda “Ochiq osmon ostida muzey” tashkil etilganidan yaxshi xabardormiz. Shu bilan birga, bu yerda xalqaro miqyosda tan olingan “Sharq taronalari”ni oʻtkazish gʻoyasi hech kimning fikriga kelmaganini ochiq aytishimiz kerak. Demak, bu ishni ham qilsak boʻlar ekan! Qolaversa, xalqaro tajriba ham yoʻq emas.
Turkiyalik qardoshlarimiz qadimgi shahar — mashhur Efes xarobalarida saqlanib qolgan teatr maydonida bu yil Opera va balet xalqaro bayramining yettinchisini oʻtkazdi. Jahonning juda koʻplab yurtlari kattayu kichigining millionlab yuraklarini egallagan Frenk Sinatra, Sting, Merayya Keri, Shakira, Scorpions, Red Hot Chili Peppers uchun Misr ehromlari orasida qurilgan sahna shunchaki berib qoʻyilgan emas, albatta. Bu kabi tadbirlardan muddao oydek ravshan: shu yoʻl bilan mamlakatga odam chaqiradilar — sayyohlarni chorlaydilar. Shu maʼnoda, Misrning 2022-yilgi eksportida paxta tolasi 607 million dollar va kiyim-kechak 2,1 milliard dollarni tashkil etgani holda, Suvon kanali 7,9 milliard dollar, sayyohlik esa 13 milliard dollar daromad keltirgani bir sidra tahlillansa, odamlarimiz turmushi, millatimiz yuksalishining moddiy negizi — milliy iqtisodiyotimiz tabiatini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan davlat siyosati magʻzini chaqsak boʻladi.
Demak, yigʻilishda sayyohlik va paxtachilikdan topiladigan milliy daromad solishtirilib, chuqur tahlil etilib, ayniqsa, sayyohlikdan yaqin yillarning oʻzida 3-4 milliard dollar topishimiz mumkinligi, buning uchun dunyodagi keskin raqobat sharoitida har bir sayyoh uchun kurashishimiz kerakligi haqida bejizga aytilgani yoʻq.
Qonunchilik palatasining sayyohlik masalalari bilan ham shugʻullanadigan qoʻmitasida kechgan oʻn besh yillik faoliyatimizda bir raqam yildan-yilga koʻchib oʻtaverardi — yurtimizga chet elliklar oqimini 1 millionga yetkazish. Gaz, suv, chiroq, yoʻl, mehmonxona, oshxona, sovgʻa-salom tayyorlaydigan ishlab chiqarish boʻlmasa, eng asosiysi, davlatga kirish eshiklari taqa-taq yopiq boʻlsa, eng yaqin mijozlarimiz — qoʻshnilarimiz bilan yuz koʻrmas boʻlsak, ishi yurishgan ishbilarmonning mulki ham, choʻntagidagi puli ham qoqib olinsa, mazkur marraga yetishish mumkinmi, degan savolni beradigan mardning oʻzi topilmasdi. Baraka topgurlar, ozgina yengillik berib, sharoit yarataylik, sayyohlik paxtadan necha marta koʻp daromad beradi, degan odam “siyosat”ga qarshi chiqqan bilan teng boʻlardi...
2016-yili paxta tolasi hamda undan ishlangan tayyor mahsulotlarni sotishdan 916 million dollar topilgani holda, 2022-yili toʻqimachilik mahsulotlari eksporti 3,2 milliard dollarga teng boʻlganining ahamiyatini odamlarimizga koʻproq tushuntirishimiz kerak. Paxta tolasini eksport qilishni toʻxtatib, uni import qiluvchi davlatga aylanganimizning tarixiy qimmatini esa hech narsa bilan oʻlchab boʻlmasligi haqida qancha bong ursak, shuncha kamlik qiladi.
2016-yilga kelib, yaʼni yigirma besh yil deganda, chet ellik sayyohlarning sonini arang 1,3 millionga yetkazoldik. Oʻshanda 3 ta davlat fuqarolarigina Oʻzbekistonga vizasiz kira olgan. 2023-yili xorijdan 7 million sayyoh kelishiga erishilmoqda. 2024-yilgi moʻljal — 10 millionlik koʻrsatkich bundan oʻn yil burun aqlga sigʻmasligi turgan gap edi. Bugun salkam 100 ta davlat fuqarolari yurtimizga vizasiz kelish imkoniga ega. 2023-yilning 9 oyida sayyohlikdan olingan daromad 1 milliard 720 million dollarni tashkil etmoqda.
2030-yilga borib, chet ellik sayyohlar sonini 15 million, ichki sayyohlik oqimini esa 25 millionga yetkazish rejasini bemalol bajarsa boʻlishiga esa endi hech kimda shubha yoʻqligiga ishonamiz. Birgina oʻzimiz emas, xalqaro maydonda sayyohlik murvatlarini ishlatadiganlar ham bunga inonmoqda. Boʻlmasa, butun dunyo sayyohligining bosh-qoshida turgan Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasi oʻzining 25-yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazmasdi, 100 dan oshiq davlatdan asosan, vazirlar va oʻrinbosarlari, 120 dan ortiq xorijiy sarmoyadorlar va 600 ta milliy shirkatlarimiz Samarqandga oshiqmasdi.
Soʻnggi yillarda milliy sayyohlik bozorimizga Radisson, Wyndham, Hilton, Hyatt Regency, Ramada, Mövenpick, Mercure, Courtyard by Marriott, Minyoun, InterContinental Hotels Group va Accor singari olamga mashhur, “qoʻy soʻyib chaqirsang” kelmaydigan xalqaro kazo-kazolar rosmana kirib kelayotgani ham bejiz emas. Har bir sentning qadrini biladigan, oʻz manfaati uchun tegishli siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy sharoitni koʻrmasa, eng muhimi, sarmoya kiritadigan yurtda tinchlikxotirjamlik muhiti kafolatlanganiga ishonmasa, bir qadam ham qoʻymaydigan bu kabi ishbilarmonu shirkatlar yangi Oʻzbekistonning ipidan ignasigacha oʻrgangani va oʻrganayotgani, shubhasizdir. Boshqacha aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarixiy oʻzgarishlar, har sohada erishilayotgan yutuqlardan, inqilobiy oʻzgarishlar ortga qaytmasligidan ular juda yaxshi xabardor. Shuning uchun ham, ular oʻzbeklar oʻlkasiga intilmoqda.
Yigʻilishda paxta mavzusi butunlay koʻtarilmadi, deyolmaymiz. Koʻtarildi. Tadbirga “Indorama Corporation” kompaniyasi asoschisi va raisi Shri Prakash Loxiya bilan muzokaralardan keyin kirib kelgan Prezidentimiz singapurlik ushbu yirik ishbilarmon bilan gektariga 70 sentner hosil beradigan paxta navlarini yaratish haqida ham kelishib olinganini taʼkidladi. 2016-yili oʻrtacha hosildorlik 26,1 sentnerga yetgani va mazkur “marra”ga hosildorligi yuqori sanalgan, Amerikaning “sea island” paxta navi Turkistonga olib kelib ekila boshlagandan 150-yil oʻtib erishilgani, bu yil esa, yaʼni qandaydir yetti yilda oʻrtacha hosildorlik 40 sentnerga yetkazilayotgani koʻzda tutilsa, “vaqtni — imkoniyatga, imkoniyatni — yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira oladigan xalq — buyuk xalqdir” tenglamasi oʻz natijalarini berayotgani ayonlashadi-qoladi.
Azamat ZIYO,
FA Tarix instituti direktori,
tarix fanlari doktori, professor