Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar muammolariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi. Unda yangi Oʻzbekistonning butunlay yangi tarixiy sharoitlardagi taraqqiyotida yoshlar ishtiroki, ularda Vatan tuygʻusi, gʻoyaviy va maʼnaviy yetuklik fazilatlarini shakllantirishga doir konseptual masalalar haqida fikr yuritildi.
Yoshlarda mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, gʻoyaviy kurashchanlik fazilatlarini shakllantirish jamiyat tubdan yangilanayotgan, turmush tarzimiz jiddiy ravishda oʻzgarayotgan bir paytda muhim ahamiyatga ega. Biroq inson qalbi, hissiyoti, tuygʻusi va ruhiyati bilan bogʻliq bu murakkab jarayonda, avvalo, insonning oʻzi kim, u qanday jonzot, inson fenomeni nimalardan iborat, degan savollarga javob topmogʻimiz lozim.
Inson butun mohiyati bilan ijtimoiy hodisa. U qanchalik xususiy – har bir inson alohida qadriyat boʻlmasin, oʻz feʼl-atvori, qarashlari, jamiyatda tutgan oʻrni va ijtimoiy taraqqiyotga bogʻliqligi jihatidan umumiydir. Shu bois, har bir insonga alohida voqelik sifatida uning jamiyat taraqqiyotiga qoʻshadigan hissasi, oʻtkazadigan taʼsiri alohida nazarda tutilmogʻi lozim.
Darhaqiqat, har bir inson olam ichra olamdir. Chunki har bir odam alohida va betakror, ayni paytda u umumiy manfaatlar doirasida bir-biriga bogʻliq, bir-birining taqdiriga daxldor ulkan qadriyatdir. Ana shu murakkab ruhiy holatdan kelib chiqib, yoshlar, ularning dunyoqarashi, hayotiy ehtiyojlari va intilishlarini doimiy ravishda oʻrganib, jamiyatning faol va tashabbuskor qatlamiga aylantirish zarurat tusini olmoqda.
Inson ijtimoiy tabiatiga koʻra oʻz turmush tarzini oʻzi yoʻlga qoʻyadi, oʻzini oʻzi boshqaradi. Oʻy-xayollari, orzu-umidlari va maqsadlarini ruyobga chiqarish jarayonlari orqali oʻz hayotini real voqelikka aylantiradi. Yaxshilik va yomonlik, saxiylik va baxillik, muhabbat va nafrat inson olamining butun mohiyatini belgilaydi. Boshqacha aytganda, inson oʻzini oʻzi muvofiqlashtirib turadigan, himoya qiladigan, tiklaydigan, yoʻlga soladigan, hatto shakllantiradigan murakkab tizim. Ana shu holatning oʻzi har bir insondan maʼnaviy barkamollikka intilib, ruhiy tozaligi va axloqiy yetukligini doimiy ravishda oshirib borishini taqozo etadi.
Insonning mohiyati, tabiati, jonzot sifatidagi imkoniyatlari xususida gapirar ekan, Imom Gʻazzoliy “Kimyoi saodat” kitobida: “Inson farishta va hayvon orasidagi mahluqdir. Hayvon rivojlanmaydi, chunki uning kamolot quvvati yoʻq. Farishta ham rivojlanmaydi, chunki uning oʻzi pok, ilohiy nurdan iborat. Faqat insonda rivojlanish, ruhiy kamolot hislati mavjud”, deydi. Demak, hayvonda shakllanishga, rivojlanishga, oʻzini oʻzi boyitishga, oʻzini oʻzi qadriyatga aylantirishga daʼvat etadigan ichki, maʼnaviy-ruhiy quvvat yoʻq. U qanday yashayotganini anglamaydi. Yashash mohiyatini tushunmaydi. Farishta esa azalu abad pok boʻlgani uchun uning shakllanishi va rivojlanishiga ehtiyoj yoʻq. U shundoq ham toza, shundoq ham pokiza. Faqat insondagina ruhiy kamolotga intilish tuygʻusi, oʻzini oʻzi rivojlantirish quvvati mavjud. Uning komillikka intilishida, yetuklik sari harakat qilishida, hayot mazmunini boyitishida, shu asnoda yaxlit jamiyat maʼnaviy qiyofasini barkamol etishiga imkoniyat bor. Ruhiy va maʼnaviy kamolot tuygʻusi inson fenomenining tayanchi, uni qadriyatga aylantiruvchi noyob qudratdir.
Xuddi shu fikrni atoqli nemis faylasufi K.Yaspers ham oʻziga xos talqin etadi. Jumladan, u: “His-tuygʻu mohiyati sifatida inson hayvondan yuqori, maʼnaviy ruhiy jihatdan esa farishtadan pastda turadi. Oʻz mohiyatining ana shu ikki jihati bilan ularga qavmdosh boʻlsa-da, hayvon ham emas, farishta ham emas. Ularning har ikkovidan ham ustun tomonlari bor”, deydi. Demak inson jismidagi rivojlanish quvvati, takomillashishga, shakllanishga ruhiy ehtiyoj mavjudligi barcha jonzotlardan uni keskin ravishda farqlantiruvchi va jonzotlar olamida alohida imkoniyatlari bilan ajralib turuvchi noyob imkoniyat.
Har bir odam oʻzini oʻzi kamolotga yetkazsa, yaxlit jamiyat maʼnaviy qiyofasi shakllanadi. Buning uchun jamiyatning har bir aʼzosida oʻzini rivojlantirish hissi – immunitet boʻlmogʻi lozim. Gʻoyaviy chiniqqan, turli mafkuraviy oqimlarga berilmaydigan, taraqqiyotga va umummilliy manfaatga xizmat qiladigan sogʻlom gʻoyalarni himoya qiladigan odamda ichki daʼvat, maʼnaviy qudrat kuchli boʻladi. Bu – inson qalbidagi gʻoyaviy immunitet.
Har bir inson alohida individ, alohida olam sifatida faqat oʻzigagina xos boʻlgan “men”iga ega. Biroq inson olamining murakkabligi, ziddiyatliligi faqat bitta uning “men”igagina xos emas. Chunki har bir alohida, mustaqil ana shu “men”ning ichida bir necha yuzlab “men”cha yashaydiki, ular bir-biri bilan doimiy ravishda kurashib, talashib, bir-birini inkor etib, baʼzan manfaatlar doirasida qoʻllab-quvvatlab, ragʻbatlantirib turadigan bezovtayu beorom olamni tashkil etadi. Ana shu nuqtayi nazardan qaraganda, inson tabiatidagi yaxshilik va yomonlik, muhabbat va nafrat, ezgulik va yovuzlik tuygʻulari kurashida yaxshilik, mehr-muhabbat va ezgulik fazilatlarini kuchaytirish zamonaviy taraqqiyotning muhim omiliga aylandi. Zotan, mutlaq ideal odam boʻlmagani kabi mutlaq yomon odam ham yoʻq. Faqat qaysidir insonda yaxshilik, ezgulik tuygʻulari nisbatan koʻproq namoyon boʻlishi yoki, aksincha, boshqa birida yomonlik, nafrat tuygʻulari ustuvorlik qilishi mumkin. Insonning ana shu holatidan kelib chiqib, maʼnaviy barkamol jamiyat qurish yoʻlida biz, demak, har bir insonning jismidagi, qalbidagi yaxshilik va ezgulik tuygʻularini kuchaytirishimiz lozim. Bu yoshlar bilan ishlashda, ularni tarbiyalashda muhim axamiyat kasb etadi.
Yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash, barkamol shaxsni shakllantirish borasida keng miqyosli ishlarni amalga oshirar ekanmiz, biz bevosita har bir navqiron yigit-qiz qalbidagi ana shu nozik jihatlarni moʻljalga olmogʻimiz lozim. Mafkuraviy immunitet yoki gʻoyaviy kurashchanlik fazilati, nazarimizda, xuddi shu nuqtada joylashgan. U kimdadir uygʻoq, kurashchan, behalovat boʻlsa, kimdadir mudroq, tambal, befarq va loqayd. Bizning vazifamiz shu immunitetni uygʻotish asosida jamiyat ishiga daxldor, millat taqdiriga taqdirdosh, Vatan istiqboli uchun javobgar avlodni shakllantirishdan iborat. Buning uchun mafkuraviy immunitetning vazifasini aniqlab olmogʻimiz lozim.
Koʻp yillik tajribam va kuzatishlarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, gʻoyaviy immunitet munosabat bildirish, taʼsir etish, yoʻnaltirish, javobgarlik hissini uygʻotish, daxldorlik tuygʻusini oshirish, safarbarlikka daʼvat etish kabi fazilatlar tizimidan iborat.
Yoshlarda bu fazilatlarni shakllantirish, mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, yaʼni maʼnaviy-ruhiy mudroqlikdan uygʻotish, har qanday voqelikka munosabat bildira olish, unga taʼsir koʻrsatish, jamiyat va umummilliy taraqqiyot uchun javobgarlik hissini, daxldorlik tuygʻusini namoyon etish orqali oʻzini oʻzi umummilliy manfaat yoʻlida yoʻnaltira olish, safarbar eta bilish fazilatlarini yorqin namoyon qila oladigan avlodni yaratishimiz kerak.
Yoshlar qalbida mafkuraviy immunitet va gʻoyaviy taʼsirchanlikni oshirishda, albatta, qadriyatlarning oʻrni katta. Har bir yosh oʻzining tasodifiy, bu keng va serqirra hayotda muallaq mavjudod emasligini, uning ajdodlari buyuk, ulkan va mahobatli madaniy-tarixiy merosga voris ekanini anglamogʻi, istqbol oldida esa masʼul ekanini chuqur tushunmogʻi lozim. Bunda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yetarlicha oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Jumladan, qadriyatlar tizimiga kirgan milliy axloq-odob, urf-odat va anʼanalar, amaliy faoliyat bilan bogʻliq meʼyorlar, ijtimoiy hamkorlik, kishilarning yoshi, kasbi, jinsi, irqiy xususiyatlarini inobatga olib munosabatda boʻlish, diniy va dunyoviy qadriyatlar turkumini bir-biriga bogʻliq holda, bir-birini toʻldirib boradigan shaklda amalga oshirishni taqozo etadi.
Bunda, albatta, milliy madaniyat va sanʼatni chuqur tushunish, marosimlar va bayramlar orqali mafkuraviy immunitetni kuchaytirish omillaridan foydalanish muhim . Jumladan, xalq ijodi namunalari, sanʼat turlari, milliy kiyinish, milliy bayramlar, jumladan, Navroʻz, Mustaqillik, Xotira va qadrlash kuni, Vatan himoyachilari kuni va boshqa maʼnaviy-maʼrifiy omillardan unumli foydalanyapmiz.
Yana bir jiddiy masalaga alohida eʼtibor berish lozim. Bunyodkor, taraqqiyotga daʼvat etuvchi, milliy oʻzlikni anglashga chaqiruvchi omillar bilan birga vayronkor va buzgʻunchi gʻoyalar ham mavjudki, unga befarq qarash mumkin emas. Xususan, axborot xuruji avj olayotgan, axborot-psixologik tahdid globallashib borayotgan bir sharoitda “gʻoyaga qarshi gʻoya, fikrga qarshi fikr, jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili yoshlarning feʼl-atvorida, turmush tarzida daʼvatkor va taʼsirchan vositaga aylanmogʻi lozim. Ayniqsa, hali-hamon ongu shuurumizda saqlanib qolgan kommunistik mafkura, ijtimoiy hayotning turli bosqichlarida oʻzini namoyon etayotgan kosmopolitizm, buyuk davlatchilik shovinizmi, irqchilik, fashizm, agressiv millatchilik, qolaversa, mahalliychilik illatlariga qarshi tura oladigan, umummilliy manfaatga xizmat qiladigan mafkuraviy immunitetni, gʻoyaviy kurashchanlik fazilatlarini rivojlantirmogʻimiz lozim.
Yoshlarga gʻoyaviy taʼsir etish omillari xilma-xil. Jumladan, gʻoyaviy taʼsirda vaqt omili alohida ahamiyatga ega. Bu bevosita oʻqish vaqti va boʻsh vaqt bilan bogʻliq voqelikdan iborat. Gʻoyaviy taʼsir yoʻnalishlari esa aqliy, ruhiy, axloqiy, mehnat va estetik omillardan iborat. Gʻoyaviy taʼsir etish shakllari ham taʼsiri, miqyosi va koʻlamiga qarab individual, jamoaviy va ommaviy yoʻnalishlarda boʻlishi mumkin. Demak, ayrim hollarda alohida-alohida yoshlar bilan yakka tartibda gʻoyaviy taʼsir oʻtkazishga, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni olib borishga toʻgʻri kelsa, jamoaviy shaklda muayyan jamoa toʻplangan joyda amalga oshirish mumkin. Gʻoyaviy taʼsir etishning ommaviy shakli esa bevosita ommaviy axborot vositalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri butun jamiyatda targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishni qamrab oladi.
Bizningcha, yoshlar ongi va dunyoqarashiga gʻoyaviy taʼsir etish uzluksizlikni, tizimlilikni, kompleks yondashuvni taqozo etadi.
Darhaqiqat, mafkuraviy immunitetni uygʻotish va gʻoyaviy taʼsirchanlikni kuchaytirishda doimiy ravishda uzluksiz tarzda ish olib borilmasa, maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat shakllangan tizimga ega boʻlmasa, aniq natijaga erishish mushkul. Har bir inson alohida va toʻlaqonli tizim ekan, uning ana shu serqirra, rang-barang va ziddiyatli olamiga mos ravishda gʻoyaviy taʼsir kompleks tarzda, keng miqyosli, yoshlar olamini yaxlit holda qamrab olgan shaklda boʻlmogʻi lozim. Bu vazifa bizdan uchta oʻziga xos vazifani hal etishni taqozo etadi.
Birinchisi – taʼsirchanlik. Bizning har bir soʻzimiz taʼsirchan, jozibali, tinglovchi qalbini junbushga keltiradigan, uning ongu shuurida mustahkam oʻrnashadigan, feʼl-atvorini yaxshilik sari burishga taʼsir oʻtkazadigan boʻlishi kerak. Bu borada, afsuski, leksikonimiz eskirgan, lugʻaviy boyligimiz yetarli emas. Hamma gaplarimiz toʻgʻri. Faqat u umumiy tafsilotdan, bayondan iborat. Soʻzlarimiz haroratsiz. Tinglovchini, xususan, yoshlarni oʻzimizga jalb eta olmaymiz.
Ikkinchisi – hozirjavoblik. Axborot xuruji avj olayotgan hozirgi paytda yoshlarni hayratda qoldirish oson emas. Xususan, talaba yoshlarning keng imkoniyatlarini, internet tizimidan foydalanishga boʻlgan katta qiziqishini nazarda tutsak, gʻoyaviy-tarbiyaviy ishlarda hozirjavoblik, bugunning gapini ayta olish, bugunning muammosiga obyektiv yondashish, yosh tinglovchini bunga ishontira bilish alohida tayyorgarlikni va qobiliyatni, yuksak bilimlar saviyasini taqozo etadi.
Uchinchisi – konkretlik. Fikrlarimiz aniq, loʻnda, yoshlar ongiga tez kira oladigan, qalbini zabt eta oladigan boʻlmogʻi lozim. Koʻp soʻzlilik auditoriyani zeriktirib qoʻyadi. Hozirgi yoshlarning tezkor va shiddatli zamon taʼsirida shakllanayotgan ruhiyatini egallash uchun qisqa, aniq, loʻnda va isbot talab qilmaydigan xulosalar bilan minbarga chiqish samara berishi mumkin, xolos. Bu oʻz-oʻzidan juda katta bilim, zamonaviy jarayonlardan xabardorlik va ular mohiyatini chuqur tushunganlik, mavjud fikr va xulosalarni yetarli darajada jozibador qilib yetkaza olish tajribasini taqozo etadi. Demak, notiqlik sanʼati, soʻz jozibasi muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Iftixor hissi, gʻurur tuygʻusi, gʻoyaviy chiniqqanlik fazilati mafkuraviy immunitetning tayanchi. Ayni ana shu fazilatlar kuchli boʻlgan odam butun intellektual imkoniyatlarini, aqliy salohiyatini ongli ravishda ishga soladi. Har qanday shaxsiy manfaatlardan umumjamiyat, umumdavlat manfaatini ustun qoʻyadi. “Men shu xalqning bir vakiliman, ulugʻ ajdodlarning toʻlaqonli vorisiman, shu aziz Vatan, shu muqaddas tuproq ajdodlarimdan menga yetib kelgan meros. Uni asrash, avaylash mening burchim”, degan fikr bilan yashaydigan xalqni har qanday buzgʻunchi gʻoya yoʻldan urolmaydi. Har qanday tajovuzkor kuch uni yengolmaydi. Har bir yosh oʻzining ajdodlari bilan faxrlana olishi lozim. Milliy qadriyatlari, ulugʻ ajdodlarining jahon taraqqiyotiga qoʻshgan buyuk hissalari bilan faxrlana olish kerak. Yoshlarimizda bunday imkoniyat ham, katta tarixiy asos ham bor. Zotan, oʻzbeklar insoniyat hayotiga madaniyat olib kirgan, bir qator sivilizatsiyalarni koʻrgan buyuk xalqlardan biri. Yoshlarimiz ajdodlar merosini qunt bilan oʻzlashtirsa, ulardan yurtga sadoqat, millatga fidoyilik, gʻanimlarga nafrat, qatʼiyat va iroda sabogʻini olsa, Prezidentimizning gʻoyat insonparvar va millatparvar gʻoyalarini bugungi rivojlanishning tayanchiga aylantirishsa, haqiqiy maʼnodagi yangi Oʻzbekiston fuqarosi dunyoga kelgan boʻladi. Biz shunga erishishimiz lozim.
Hozirgi sivilizatsiyaviy sharoitda yoshlar qalbiga, ongu shuuriga taʼsir etish oson emas. Turli qarama-qarshi axborotlarga ega, internet va boshqa maʼlumot bazalaridan keng foydalanayotgan yosh avlod psixologiyasi butunlay boshqacha. Ularda milliy oriyat, oʻzi fuqarosi boʻlgan shonli, shuhratli Oʻzbekiston degan davlat bilan faxrlanish, uning taqdiriga taqdirdoshlik, istiqboliga daxldorlik hissini uygʻotish dolzarb muammoga aylangan. Demak, ular bilan ishlash, fuqarolik tuygʻusi, kelajak uchun javobgarlik hissi yuqori boʻlgan avlodni voyaga yetkazish zaruratga aylanmoqda. Har bir yosh qalbida gʻoyaviy immunitetni rivojlantirish, faol fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish yangi Oʻzbekistonning buyuk kelajagini taʼminlash bilan bogʻliq umummilliy muammo. Davlatimiz rahbari ham yangi Oʻzbekistonning istiqbolini yoshlar qiyofasida koʻrayotgani va ularga alohida eʼtibor bilan qarayotgani bejiz emas.
Oqil SALIMOV,
akademik.