Aytmoqchi bo‘lganim, yangi kelinligimda uyga mehmon kelsa, hali ular uyga kirmasdan o‘choq boshiga yugurar edim. Chunki mehmonlar joylashib olib, dasturxonga non qo‘yilguncha choy qaynatishim kerak. Dasturxon yozilishi bilan “choy olib kelinglar”, deyilardi. Shu chaqiriq yuragimni bezillatib qo‘ygandi. Qishloqda choy qaynatishning ham, ovqat pishirishning ham faqat bitta yo‘li bo‘lardi — o‘choqda. Shuning uchun biz — kelinlarning asosiy ish joyi o‘choqboshi edi. Dalaga chiqib o‘tin terardik, shox-shabbalarni yig‘ib qo‘yardik, hatto o‘tin yorish ham ba’zan o‘zimizga qolardi.
Uyimiz shundoqqina Oqtov etagida. Aytishlaricha, bir vaqtlar tog‘da bodom ko‘p bo‘lgan. Gaz ballonlari kelmay qolganidan keyin odamlar shu bodomlarni kesib yoqa boshlagan, keyinchalik hatto tomirigacha kovlab olib kelib, o‘tin o‘rnida foydalangan. To‘rt-besh yilda shu bodomlar qurib ketgan. “Keyin soyimizda suv kamaydi, buloqlar tortilib ketdi”, deydi qaynonam.
Bugun, Xudoga shukr, hamma uyda gaz ballonlari bor. Tugashi bilan boshqasiga almashtirib beradi. Chirog‘imiz o‘chmayapti. Besh-olti yildan buyon hali hech kimning tog‘dan o‘tin tashiganini ko‘rmadim. Bodomlar ham o‘zini tiklab, o‘sa boshladi. Lekin baribir soyimizda hali suv ko‘paymadi. Negadir yildan-yilga kamayib boryapti.
Mahallamiz ham o‘zgardi. Farzandlarimni bog‘chaga berishni orzu qilardim. Mana, yaqinda qishlog‘imizda ilk xususiy bog‘cha ochildi. Hozir ikki farzandim shu bog‘chaga qatnaydi. Katta o‘g‘lim bu yil maktabga boradi. Tog‘li qishloq kelinlari yaqin yillargacha biror ishning boshini tutish haqida o‘ylamasdi ham. Chunki bunga imkon yo‘q edi. Qayerda ham ishlasin, maktabga oliy ma’lumotli kadrlar kerak, boshqa ish yo‘q. Tuman markazi olisda.
Lekin bugun men maqtansam bo‘ladi. Qishlog‘imiz kelinlari ichida birinchilardan bo‘lib biznesimni yo‘lga qo‘ydim. “Mumtozbegim” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, tikuvchilik korxonasi ochdik. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. Men buni keyingi yillarda mahalla tizimida bo‘layotgan o‘zgarishlar samarasi, deb bilaman.
Bir kuni mahallamiz raisi Eshmamat Safoyev va hokim yordamchisi Olim Murodov uyimizga kelib, qaynona-qaynotam va erim bilan gaplashdi. “Keliningizning qo‘lida yaxshi hunari bor ekan, chevar ekan. Keling, biz yordam beramiz, bitta tikuvchilik sexi ochinglar, qishloq qizlariga ham hunar o‘rgatsin”, deyishdi ular. Bu taklifga hammamiz rozi bo‘ldik. Shu-shu ishlar boshlanib ketdi. Qishloq markazida ko‘p yillardan buyon ishlamay turgan eski do‘konni ta’mirdan chiqardik, jihozladik. Tikuv mashinalari olib keldik.
Yaqinda “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan va kam ta’minlangan 11 nafar qishloq ayoliga uch oy davomida bichish-tikish sirlarini o‘rgatdim. Bu vaqtda ularga stipendiya ham berib turdik. Hozir ular sertifikat olgan. Endi tikuv fabrikalariga ishga joylashishi mumkin. Bunga ham hokim yordamchisining o‘zi ko‘maklashaman, deb turibdi.
Bugun mustaqillik bayrami arafasida men kelinlik davrimda o‘z hayotimda bo‘lgan mana shu o‘zgarishlar haqida aytgim keldi.
Dilorom YUSUPOVA, “Mumtozbegim” MCHJ raisi
Navoiy viloyati Nurota tumani