Vengriyadan munosabat: Germaniya Markaziy Osiyodagi muvaffaqiyat tarixida ishtirok etishga qiziqish bildira boshlaganining bir qator sabablari mavjud

    Fikr 19 Sentabr 2024 657

    Vengriya Bosh vaziri kanselyariyasining xalqaro munosabatlar boʻyicha maslahatchisi, Vengriya xalqaro munosabatlar instituti yetakchi ilmiy xodimi, professor Laslo Vasa Germaniya Federal kansleri Olaf Sholsning shu yil 15-16-sentyabr kunlari Oʻzbekistonga buyurgan rasmiy tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:

    – Vengriya tahlil doiralari Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning Oʻzbekistonga tashrifini katta qiziqish bilan kuzatdi.

    Kansler Olaf Sholsning Oʻzbekistonga tashrifi va uning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan oʻtkazgan samarali uchrashuvi mamlakatingizning mintaqada qanchalik yuksak baholanayotganini aniq koʻrsatib turibdi. Oʻzbekistonning butun dunyoga ochilishi va 2016-yildan beri ichki siyosiy hamda iqtisodiy islohotlar respublikani yanada mustahkamladi va uni taraqqiyot sari boshladi. Nafaqat uning iqtisodiy salohiyati, balki asosiy geografik joylashuvi, Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub oʻrtasidagi koʻprik sifatidagi roli rasmiy Toshkentni mintaqaviy siyosatda muhim ishtirokchiga aylantirdi.

    Germaniya Markaziy Osiyodagi muvaffaqiyat tarixida ishtirok etishga qiziqish bildira boshlaganining bir qator sabablari mavjud.

    Birinchidan, Oʻzbekiston tashqi siyosatdagi faol rolga va hatto mintaqaviy yetakchi davlat roliga tobora koʻproq intilmoqda. Ikkinchidan, mamlakat nafaqat Markaziy Osiyoning boshqa barcha davlatlari bilan chegaradosh, balki ularning har birida oʻzbek ozchiliklarining katta qismi yashaydi, shuningdek, Oʻzbekiston mintaqaning boshqa mamlakatlariga qaraganda mustaqil tashqi siyosat yuritishi bilan ajralib turadi. Bu respublikaning Turkiy davlatlar tashkilotidagi tobora faol maqomida, shuningdek, Osiyo va Gʻarb tomon olib borayotgan pragmatik siyosatida ham yaqqol koʻrinib turibdi.

    Oʻzbekistoning asosiy intilishlaridan biri — bu Afgʻoniston orqali Pokistonning “Gvadar” dengiz portiga chiqishdir.

    Qozogʻiston bilan oʻrnatilgan strategik sheriklik munosabatlari Oʻzbekiston tashqi siyosatiga ham, uning iqtisodiyotini rivojlantirishga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo integratsiyasi nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega, chunki ular mintaqaning eng rivojlangan va eng qudratli davlatlari hisoblanadi.

    Professor Laslo Vasa bu boradagi oʻz fikrini “Dunyo” AA uchun intervyusida bayon qildi.