2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining toʻrtinchi — IJTIMOIY SOHANI RIVOJLANTIRISHNING USTUVOR YOʻNALISHLARI sharhi
— Sodiq Solihovich, Siz bilan islohotlarning yangi bosqichiga oʻtish davri boshlanishi arafasida suhbatlashib turibmiz. Qolaversa, oʻtgan besh yilda aholi bandligi va real daromadlarini oshirish, ijtimoiy himoya, xotin-qizlarning jamiyatda faolligini taʼminlash, arzon uy-joylar qurish siyosati, ilm-fan, yoshlar hayotidagi oʻzgarishlar haqida gaplashishni maqsad qilganmiz.
Shunday ekan, koʻz oldimizdan har birimizning hayotimizda roʻy bergan oʻzgarishlar, ongimizdagi evrilishlar kechayotgani bor gap. Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekistonda “katta sakrash” amalga oshirildi. Keling, suhbatimizni mana shu jarayonda xalqimiz farovonligi yoʻlidagi islohotlar samarasidan boshlasak.
— Sizni eshita turib, xalqimizning “Ellik yilda el yangi”, degan dono maqoli yodga tushdi. Elni yangilash islohot talab qilishi kundek ravshan. Agar jahon xalqlari tarixiga nazar solsangiz, har bir taraqqiy topgan davlatda keskin rivoj islohotlardan boshlangan.
Endi bevosita Oʻzbekistondagi islohotlar haqida gapiradigan boʻlsak, oʻtgan besh yildan buyon katta evrilishlar davrida yashayapmiz. Bundan besh yil oldin xalqimiz saylagan Yoʻlboshchi — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida misli koʻrilmagan tarixiy yutuqlarni qoʻlga kiritdik. Bu oʻz-oʻzidan boʻlib qolmadi yoki birov chetdan kelib qilib bermadi. Barchasiga avval boshdanoq toʻgʻri, uzoqni koʻzlab tanlangan Harakatlar strategiyasi asosida erishdik. Bu yoʻl oson boʻlgani ham yoʻq. Necha-necha bedor tunlar evaziga, xalq dardini eshitish, mahallalarga tushish, oilalarga kirish, asriy muammolarni hal etishdek nihoyatda zalvorli, oʻz navbatida, murakkab ijtimoiy-iqtisodiy, qaltis siyosiy sharoitda amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimidagi nutqida alohida taʼkidlaganidek, endilikda mamlakatimizdagi barcha darajadagi hokimiyat idoralari faoliyatida “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil bosh mezon boʻlib qoladi. Davlatimiz rahbari urgʻu berib aytganidek, “biz bundan buyon faoliyatimizni “inson — jamiyat — davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz”.
Davlatimiz rahbari adolatli ijtimoiy siyosat yuritishni mamlakat rivojining asosiy maqsadlari ichida eng muhim yoʻnalish sifatida biladi. Bu ham bizning juda katta yutugʻimiz. Chunki xalqimiz uzoq yillar “ijtimoiy siyosat” tushunchasi nimaligini bilmay yashadi, uning farahbaxsh sezimlarini his qilmadi. Faqat keyingi besh yilda “boʻlar ekan-ku”, degan uygʻoq kayfiyat bilan yashayapmiz.
Aslida esa ijtimoiy soha — milliy xavfsizlik omillaridan biri. Bu boradagi jamiyat barqarorligiga asosiy tahdidlar jumlasiga daromadlar darajasidagi tabaqalashuv, salbiy demografik oʻzgarishlar, ishsizlar soni va mehnat migratsiyasi oʻsishi, savodxonlik pasayishi, iqtidorli yoshlarning xorijga ketib qolishi, bevaqt oʻlim, kasallanish, nogironlik darajasi yomonlashishi, epidemiyalar va pandemiyalarning yuzaga kelishi kiradi.
Bizning oʻtgan besh yilda erishgan katta yutuqlarimizdan biri ana shu tahdidlarga barham berganimiz boʻldi. Bu biz yuqorida tilga olgan elni yangilash siyosatining qoʻr olishi bilan izohlanadi.
Eng asosiysi, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bu islohotlar ortga qaytmas tus oldi. Bunga oʻtgan besh yillikda nafaqat xalqimiz, shuningdek, butun dunyo ishondi va Oʻzbekistondagi keng koʻlamli yangilanishlarga havas bilan boqmoqda.
Joriy yilgi Prezident saylovidan keyin Malayziyaning “OIC TODAY” nashrida eʼlon qilingan maqolani oʻqidim. Unda Shavkat Mirziyoyevning saylovdagi muvaffaqiyati zamirida 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida bajarilgan katta islohotlar yotganiga urgʻu beriladi. Bu davrda mamlakatda eng muhim maʼmuriy-huquqiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirilgani eʼtirof etiladi.
Darhaqiqat, oʻtgan davrda Oʻzbekiston shiddatli islohotlar mamlakatiga aylandi. Uzoq yillardan buyon yechimini kutib kelgan muammolar hal etildi. Mamlakatda diniy bagʻrikenglik, yaqin-yiroq davlatlar bilan doʻstona hamkorlik muhiti shakllandi. Gender tenglik siyosati yuritilib, majburiy mehnatga barham berildi. Aholining ijtimoiy himoyasi taʼminlandi. Bularning barchasi Harakatlar strategiyasi asosida zahmatli mehnatlar evaziga bajarildi.
Bugun xalqaro hamjamiyat mamlakatimizdagi bu oʻzgarishlarni “OʻZBEKISTON MOʻJIZASI”, deya eʼtirof etmoqda. Bu nihoyatda katta eʼtirof. Tarixda bor-yoʻgʻi besh yilda biz kabi islohotlar samarasini yorqin ifoda eta olgan davlatlar kam topiladi. Bunda, soʻzsiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning zahmatli mehnati borligini biz ham, dunyo ham bilib turibdi. Shu bois, yaqinda Turkiyaning nufuzli “ANKASAM” nashri Oʻzbekiston rahbarini turkiy dunyoning yetakchi davlat arboblaridan biri sifatida eʼtirof etdi.
— Keyingi yillarda xalqimiz dunyoqarashida ham ijobiy oʻzgarishlarni, jumladan, hayotga boʻlgan ishtiyoq, islohotlarga daxldorlik, kelajakka ishonch hissini sezyapmiz. Fikrimizcha, bu qutlugʻ hodisa ham, avvalo, insonlarning yashash sharoiti yaxshilanib borayotgani bilan izohlanadi. Avval iqtisod, keyin siyosat, degan ibora ham bejiz aytilmagan-ku. Shu maʼnoda, oʻzingiz yuqorida taʼkidlagan katta ijtimoiy siyosatning xalqimiz hayotidagi ifodasi haqida ham gapirib bersangiz.
— Agar Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturlarini tahlil qilsak, ijtimoiy sohaga yil sayin koʻproq eʼtibor qaratilayotganiga guvoh boʻlamiz. Mazkur dalil ham yangi Oʻzbekiston ijtimoiy davlat sifatida bunyod boʻlayotganini yaqqol koʻrsatadi.
Birgina joriy yilda yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari, startap va gʻoyalarini yanada qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan kreditlar hajmi 600 milliard soʻmni tashkil qildi.
Tijorat banklari tomonidan yosh tadbirkorlik subyektlariga 100 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda milliy valyutadagi kreditlar yillik 14 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlar esa yillik 3 foiz miqdorida 7 yilgacha muddatga taqdim etilishi belgilandi.
Ishsiz aʼzolari bor oilalar uchun “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimi yaratilib, ularning bandligini taʼminlash maqsadida imtiyozli kreditlar berish, dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun yer ajratish kabi imkoniyatlar kengaytirildi. Daftarlarga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlashi uchun kerak boʻlgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilishga 7 million soʻmgacha subsidiyalar ajratilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Aholi bandligini taʼminlash maqsadida minglab yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Uzoq yillar xalqimizni uy-joy masalasi oʻylantirib keldi. Aholini uy bilan taʼminlash maqsadida 2017-yildan boshlangan islohotlar samarasida ana shu muammo ham barham topdi. Bundan ikki yil oldin ipoteka tizimi tubdan isloh qilindi. Bunda aholiga istagan uyni sotib olish imkoniyati yaratildi. Ipoteka dasturlari doirasida yiliga oʻrtacha 35 ming xonadonli uy-joylar qurilmoqda.
Eng asosiy islohotlardan biri — Konstitutsiyamiz ishlay boshladi. Fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqlari tiklandi. Buni birgina propiska tizimidagi islohotlar misolida ham koʻrish mumkin.
Milliy valyutaning isloh qilinishi, naqd pul va bank plastik kartochkalari bilan bogʻliq muammolar hal etilishi koʻplab ijtimoiy muammolarga barham berdi.
Ona va bola salomatligi, tibbiy xizmat, gender tenglikni taʼminlash borasidagi katta ishlar bugun oʻz samarasini bermoqda. Pirovardida aholi oʻrtasida kasallanish koʻrsatkichlari pasayishi va umr uzayishiga erishildi.
Yoshlarga oid davlat siyosati yangilandi. Majburiy mehnatga chek qoʻyildi. Xullas, Harakatlar strategiyasining ijtimoiy ahamiyati haqida uzoq gapirish mumkin. Bularning barchasi kundalik hayotimizda oʻz aksini topayotir. Har kuni koʻrib, bilib turibmiz.
— Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili ham nihoyasiga yetmoqda. Shu maʼnoda, Harakatlar strategiyasining Oʻzbekiston yoshlari hayotida tutgan oʻrni haqida qanday fikrdasiz?
— Lui Aragon “Yoshlar orzu qiladi. Qarilar eslaydi”, degani kabi biz ham oʻrta avlod vakili sifatida oʻtgan yoshligimizni eslab, yurtimiz yoshlariga havas qilamiz. Oʻtgan asrda yoshlikning cheki boshqa edi. Bugungi Oʻzbekiston yoshlari avvalgi yigit-qizlar emas. Ularning dunyoqarashi havasli, orzu-intilishlari havasli, Prezident yaratib bergan sharoit va imkoniyatlar havasli. Ular yangi Oʻzbekiston yoshlari boʻlgani uchun ham havasga arziydi.
Bugun Oʻzbekiston nufusining 60 foizini yoshlar tashkil qiladi. Shuning uchun yoshlar masalasi yangi Oʻzbekistondagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Prezidentimiz tomonidan 2016-yilda imzolangan birinchi qonun aynan “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun boʻlgani ham bejiz emas.
Mamlakatimizda keyingi 5 yilda yoshlar huquqlari va manfaatlarini koʻzlagan 50 dan ortiq qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani ushbu siyosatning yorqin isbotidir.
Hukumat tarkibida Oʻzbekistonda yoshlar bilan ishlashga masʼul boʻlgan Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini boshladi. Oliy Majlis palatalarida Yoshlar parlamentlari tashkil etildi. Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida 260 dan ortiq yosh deputat faoliyat yuritmoqda.
Butun dunyo boʻyicha 30 yoshgacha boʻlgan deputatlar ulushi 2,6 foizni tashkil etsa, Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 6 foizdan ziyoddir. Biz bu koʻrsatkichni yanada oshirish choralarini koʻrmoqdamiz.
Shuning uchun Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilinib, hududlardagi oʻgʻil-qizlar Senat aʼzolariga biriktirildi, Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida Yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etildi, faol va tashabbuskor yoshlardan iborat yangi avlod zaxira kadrlari shakllantirildi. Senat qarori bilan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimi joriy etildi.
Dunyoda och-nahor, maktab nimaligini bilmay oʻtayotgan bolalar bor. Ularning orzusi qandayligi hammaga ayon: tushida ajalni koʻrmasa, tongda uygʻonganida issiq non bilan quyuq qaymoq boʻlsa, ota-onasidan ajrab qolmasa, bas...
Yaratganga shukr, bugun bizning farzandlarimiz jahon chempioni boʻlishni, oʻqib-oʻrganib dunyoni zabt etishni orzu qiladi. Buning uchun barcha asoslar bor-da. Masalan, mamlakatimizda bolalarning 100 foizi maktab taʼlimi bilan qamrab olingan, yaqin yillarda maktabgacha taʼlim qamrovini 80 foizga yetkazish, bitiruvchilarning oliy taʼlimga jalb qilinishini 60 foizdan oshirish choralari koʻrilayotgani alohida tahsinga sazovor. Zero, XXI asrda hech bir mamlakat taʼlim tizimini rivojlantirmay turib taraqqiyotga erishishi mumkin emas. Shuning uchun yangi Oʻzbekistondagi tub islohotlar ham aynan taʼlim tizimiga qaratildi.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj talabalarni himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy adolat tamoyilini taʼminlash maqsadida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar talaba uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etildi.
Oliy taʼlim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalarga taʼlim krediti berish va talaba tomonidan ushbu kreditni oʻqish davri tugaganidan soʻng qaytarish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni 25 foiz hamda ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 barobar oshirildi.
Mamlakatimizda oliy oʻquv yurtlari soni 140 dan oshdi, 26 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi filiali ochildi. Holbuki, 2016-yilda respublikamizdagi oliygohlarning soni 77 ta edi.
Keyingi besh yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, 182 ming yigit-qiz uchun talaba boʻlish imkoniyati yaratildi. Bu — umumiy bitiruvchilarning oliy taʼlimga qamrovi 28 foizga yetdi, degani. 4 yil avval shu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi.
Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga koʻpaytirildi, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming qizga bu yil oliygohlarga kirish uchun alohida grantlar ajratildi. Professor-oʻqituvchilarning oylik maoshi 3,5 barobar oshirildi. Oʻqishga hujjat topshirayotganlar ham 2 barobar koʻpaydi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning taʼlim olishi va kasb egallashiga koʻmaklashish, ogʻir kasallikka chalingan bolalarni davolash maqsadida Bolalarni qoʻllab-quvvatlash fondi tashkil etildi va uning maqsadlari amalga oshirilishini moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan 100 milliard soʻm ajratildi.
Hukumatning tegishli qarori bilan davlat oliy taʼlim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Oʻzingiz oʻylab koʻring, zabardast yoshlikni qoʻllab-quvvatlaydigan bu tizim qachon boʻlgan yoki qaysi rivojlangan davlatda bor?! Navoiy, Bobur va jadid bobolarimiz orzu qilgan shu kunlar emasmi?!
Sir emas, ayrim yoshlarimiz xorijga ishlash uchun ketadi. Shu yoshlarimiz ham oʻynab ketmagan, oʻylab ketgan. Lekin Oʻzbekistonda yangi siyosat boshlangunga qadar ulardan hol soʻraydigan mard topilmadi. Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, hatto muayyan muddat chet elda ishlab, halol pul topib kelgan yurtdoshlarimizni davlat ishiga qabul qilmadik. Ularga begona koʻz bilan qaradik.
Shavkat Mirziyoyev ana shu vaziyatni tubdan oʻzgartirdi. Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati takomillashtirildi.
Harakatlar strategiyasida yosh avlodning intellektual salohiyatini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, yoshlarning ilmiy va startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida ilmiy dasturni amalga oshirish uchun ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari mablagʻlari hisobidan 50 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi, 2021-yildan boshlab iqtidorli yoshlar oʻrtasida “Akademik harakatchanlik” dasturi va “Boʻlajak olim” tanlovi tashkil qilinishi, stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirilishi katta samaralar berishi shubhasiz.
Mustabid tuzum davrida ham, mustaqillikdan keyingi yillarda ham maktab oʻquvchilari paxta dalalarida “oʻqidi”. Murgʻak yigit-qizlarimizning qoʻli qadoq boʻlib, qalbi paxta zahmati bilan ulgʻaydi.
Xalqimiz Yetakchisining qatʼiy saʼy-harakatlari natijasida Oʻzbekistonda majburiy mehnatning barcha shakllariga, xususan, bolalar mehnatiga chek qoʻyildi. Fikrimiz tasdigʻi sifatida AQSH Davlat departamenti tomonidan 2020-yilda eʼlon qilingan hisobotni ham keltirish mumkin. Unda “Oʻzbekistonning ushbu muammoni hal qilishga qaratilgan katta saʼy-harakatlari mintaqadagi mamlakatlar uchun yangi standartni belgilab bermoqda”, deya alohida qayd etilib, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berilgan.
Yana bir eʼtiborli jihat, 2020-2021-yillarda mamlakatimizda birgina “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan bir qancha oʻzgarishlar aniq amaliy natijalar berdi. Xususan, mazkur qonunga “davlat bolalarni gʻayriqonuniy koʻchirishning oldini olish, shuningdek, ularni doimiy yashaydigan mamlakatiga qaytarish choralarini koʻrishi”, degan norma kiritilgan. Natijada davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Mehr” nomli 5 ta operatsiya tashkil qilinib, Suriya, Iroq va Afgʻoniston hududlarida murakkab vaziyatda qolgan 550 dan ortiq xotin-qiz va bola yurtimizga qaytarilib, uy-joy hamda ish bilan taʼminlandi.
Shuningdek, yuqoridagi qonunga “Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning turar joyga boʻlgan huquqlari kafolatlari”, degan norma ham kiritilib, birgina 2021-yilda davlat byudjetidan 120 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilib, 757 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola uy-joy bilan taʼminlandi. Bu jarayon kelgusi yillardagi davlat byudjetlarida ham nazarda tutilishi belgilandi.
Bundan tashqari, YUNISEF bilan hamkorlikda mehribonlik uylarini deinstitutsionalizatsiya qilish, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga va oilaviy sharoitga yaqinlashtirilgan maskanlarga joylashtirish ishlari boshlandi.
Yosh oilalarni arzon uy-joylar bilan taʼminlash hamda bu tizimning shaffof tartibini joriy etish maqsadida hukumatning “2021-2023-yillarda yoshlar uylarini qurishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Bularning barchasi mamlakatda yoshlar siyosati mazmunan, shaklan va mohiyatan oʻzgargani, Oʻzbekistonda barkamol kelajak ulgʻayayotganidan xayrli mujdadir.
— Keyingi yillarda mamlakatimizda ona va bola salomatligini, umuman, xalqimiz genofondini yaxshilash maqsadida katta ishlar amalga oshirildi. Bu jarayonda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini taʼminlash masalasi ham chetda qolmadi. Ayting-chi, mana shu ikki jihat taraqqiyot uchun qanday xizmat qiladi, nechogʻliq ahamiyatli?
— Ona va bola salomatligi va xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini taʼminlash — taraqqiyot hodisasi, sogʻlom sivilizatsiya. Qanday davlat boʻlishidan qatʼi nazar, agar shu ikki muhim masalani eʼtiborsiz qoldirsa, soʻzsiz inqirozga yuz tutadi.
Shu bois, bundan besh yil oldin ish boshlagan Harakatlar strategiyasida aholi salomatligini mustahkamlash va gender tenglikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan edi.
Keyingi yillarda aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentning 2021-yil 26-iyuldagi “Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida 35 ta tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilishi belgilandi.
Bundan tashqari, aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori-darmon bilan kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish maqsadida “Kafolatlangan paket” tasdiqlandi.
Nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazmasdan turib, ular nogironligi boʻlgan shaxs, deb topilganda nogironlikni muddatsiz davrga belgilash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblash tizimi yaratildi.
Mamlakatimizda oxirgi besh yillikda boshqa sohalar bilan bir qatorda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga davlat tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy koʻmak koʻrsatish, huquqlarini himoya qilish yoʻnalishida ham bir qator ijobiy islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi, Oliy Majlis Senati tomonidan 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqidagi qaror tasdiqlandi.
Ularda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Qonun hujjatlaridagi jins boʻyicha kamsitilishga yoʻl qoʻyadigan normalarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida ushbu hujjatlar va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi oʻtkazilishi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tuzildi. “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti, Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika hamda 28 ta hududiy, tumanlararo markazi tashkil etildi, respublika va hududiy Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika komissiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlim boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlari — viloyat, tuman (shahar)lar hokimlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi sifatida hokimning oʻrinbosari maqomiga tenglashtirildi.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etilib, davlat byudjetidan 512 milliard soʻm ajratildi.
Oʻtgan besh yillikkacha ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarimiz koʻzida ogʻir mung bor edi. Oʻzingiz oʻylab koʻring, farzandlarini yolgʻiz tarbiyalayotgan, ijarama-ijara sarson yurgan, kamiga nogironligi boʻlgan ayollardan, holing qanday, deb soʻramadik. Ularning dardi ichida edi. Hatto qanchasi joniga qasd qilishgacha borib yetdi. Chunki ogʻir sharoit va umidsizlik girdobi har qanday irodali insonni tamom qiladi.
Prezidentimizning insonparvarlik siyosati tufayli shu davrlar ham ortda qoldi. Bugun nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uchun arzon uylar qurish va ularga berish tartibi joriy etildi. 124,6 milliard soʻm mablagʻ sarflanib, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan
5 ming 500 nafarga yaqin xotin-qizning uy-joy sharoitlari yaxshilandi. Shuningdek, 17 ming 740 nafariga 393,4 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy himoyaga muhtoj 30 yoshdan oshgan 883 ming xotin-qizga manzilli yordam koʻrsatilib, 1 trillion 950 million soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.
Uy-joyini taʼmirlashga muhtoj, birinchi guruh nogironligi boʻlgan 5 ming 140 xotin-qizga moddiy yordam koʻrsatildi. Noturar joylarda istiqomat qilayotgan, oʻzining yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarining nomida turar joy mavjud boʻlmagan 11 ming xotin-qizga ijara kompensatsiyasi toʻlab berildi, ularning 4 ming 769 nafari imtiyozli arzon uy-joy bilan taʼminlandi.
Tibbiy himoyaga muhtoj 161 ming 578 nafar ehtiyojmand xotin-qizga tibbiy xizmat koʻrsatildi. Ularning 3 ming 37 nafari viloyatlar markazlari va poytaxtimizdagi ixtisoslashtirilgan klinikalarda order orqali bepul sogʻlomlashtirildi. Ogʻir bemor boʻlgan xotin-qizlar respublika miqyosidagi klinik kasalxonalarga yotqizilib, bepul operatsiya qilindi.
Soʻnggi yillarda ijtimoiy-siyosiy hayotda xotin-qizlarning faolligi salmoqli darajada oshdi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida xotin-qizlar ulushi 32 foiz, Senat aʼzolarining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy kengashlar deputatlarining qariyb 25 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 26 foizga, tadbirkorlikda 25 foizga yetdi. Rahbarlikka zaxiraga olinganlar 2016-yilda 3 ming nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda ularning soni 15 mingdan oshdi.
Nafaqat jamiyat va davlat hayotida faollik, tashabbuskorlik koʻrsatgan, balki yaxshi farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ayollar, jumladan, uy bekalari uchun ilk bor “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etilib, 855 nafar (2019-yilda 290 nafar, 2020-yilda 287 nafar, 2021-yilda 278 nafar) xotin-qiz koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Mana bu ham tariximizda boʻlmagan siyosat edi.
Hozirgi kunda oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar soni 365 ming nafar boʻlib, jami talabalar soniga nisbatan 47 foizni tashkil qilmoqda. Ularning 144 nafari mehribonlik uylaridan kelgan, 1 ming 598 nafari “Temir daftar”ga, 993 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan talaba-qizlardan iborat.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning 41 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Jumladan, ayni paytda tizimda xotin-qizlar orasida 879 nafar fan doktori, 2 ming 208 nafar falsafa doktori (PhD), 833 nafar professor, 2 ming 24 nafar dotsent barqaror faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 4 rektor, 56 prorektor (rektor oʻrinbosari), 199 fakultet dekani va dekan oʻrinbosari lavozimlari ayollarga tegishli.
Respublika boʻyicha sohalar kesimida 3 yillik maʼlumotlarning tahliliga koʻra, talaba-qizlar ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Magistratura bosqichida oʻqishini davom ettirgan talaba-qizlar soni 2019-yil 4 ming 488 nafarni, 2020-yilda 12 ming 855 nafarni, 2021-yil 13 ming 600 nafarni tashkil etadi.
Bazaviy toʻlov-kontrakt asosida davlat oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan 1 ming 431 nafar muhtoj qiz, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollar uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hisobidan toʻlov-kontrakt pullari toʻlab berildi.
Men hozir koʻproq raqamlar bilan gapirdim. Chunki oʻtgan yillarda bajarilgan ishlar haqida aytganda, bu raqamlarni keltirmaslikning iloji yoʻq edi. Endi savolingizga qoʻshimcha javob sifatida yana bir mulohazani bildirmoqchiman. Qurʼoni karimning eng katta suralaridan biri “Niso”, yaʼni “Ayollar” deb ataladi. Bu surada insonlar ayollarga nisbatan adolatli boʻlishga daʼvat etiladi. Bunda ham buyuk ilohiy hikmat mujassam.
Demak, xotin-qizlar, ona va bola salomatligi bundan keyin ham doimiy eʼtiborda boʻladi, islohotlarimizning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.
— Darhaqiqat, bu islohotlar har birimizning bosh maqsadimiz sifatida belgilangan. Shu oʻrinda, yakuniy xulosa sifatida Harakatlar strategiyasining asl mazmun-mohiyati haqida ham fikrlaringizni bilmoqchi edik.
— Shu savolingizga javobni Amir Temur bobomizning qudratli saltanat boshqaruvidagi siyosatidan boshlasam. Bobomiz xalqchil mamlakat qurish maqsadidagi yoʻrigʻida bunday yozadi: “Sarmoyasi qoʻlidan ketib qolgan savdogarga oʻz sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berilsin. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan boʻlsa, unga ekin-tikin uchun zarur urugʻ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalarni yetkazib berib, unga yordam berilsin”.
Mana endi bir gapni aytsak boʻladi. Prezidentimiz bundan besh yil oldin ishlab chiqqan Harakatlar strategiyasi ham ana shu olijanob maqsadlarni amalga oshirish yoʻlidagi katta siyosat edi.
Harakatlar strategiyasi asosidagi islohotlar sababli Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosati tubdan oʻzgardi. Dunyo davlatlari pragmatik ochiq siyosat yuritayotgan va yangi-yangi tashabbuslar bilan yuzlanayotgan Oʻzbekistonni tanidi.
Mamlakatimizdagi xalqchil islohotlar jamiyatimizda katta umidlar uygʻotdi. Bu siyosat yurtdoshlarimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda va xalqaro miqyosda nihoyatda yuqori baholanyapti.
Qolaversa, xalqimiz shu yil oktyabr oyida tarixiy tanlov qildi — oʻz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ikkinchi muddatga toʻliq ishonch bilan qayta sayladi. Bugun yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻymoqdamiz. Bu Prezidentimiz belgilab bergan Yangi Oʻzbekiston strategiyasi asosida amalga oshadi.
Katta maqsadlarni koʻzlaganmiz. Bu yoʻlda “Inson qadri uchun” tamoyili bosh maqsad qilib olingan. “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil barcha islohotlarimizni yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi asosiy mezon oʻlaroq kun tartibiga qoʻyildi. Taraqqiyot strategiyasi amaliy harakat dasturi sifatida Oʻzbekistonning yangilangan ichki va tashqi siyosatini belgilaydi hamda Uchinchi Renessans tamal toshini qoʻyishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, bir jihatni anglamoq lozim: islohotlar, agar ular chinakam islohotlar boʻlsa, hech qachon oson oʻtmaydi. Insoniyat tarixi shuni uqtiradiki, chuqur islohotlar, ayniqsa, boshlangʻich bosqichda, doimo muammolarni, ziddiyatlarni keskinlashtiradi. Islohotlar uchun vaqt doimo tansiq, ular har doim tahlika bilan bogʻliq. Oʻzgarishlarni barqarorlikka putur yetkazmasdan amalga oshira bilish eng katta muammo va katta sanʼatdir.
Biz ishonch bilan aytamiz: uzoqni koʻzlagan bugungi shiddatli saʼy-harakatlarning xayrli natijalari uzoq kuttirmaydi. Bir necha yillarda Taraqqiyot strategiyasining bugungidan ham yorqinroq samaralarini koʻramiz.
— Albatta, bunga ishonchimiz komil. Mazmunli suhbatingiz va fikrlaringiz uchun rahmat.
Salim DONIYOROV
suhbatlashdi.