Qayd etilishicha, tadbirda 90 mamlakatdan 2500 ga yaqin ishtirokchi, jumladan, davlat va hukumat rahbarlari, BMT, xalqaro tashkilotlar va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish chogʻida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon muzliklarning tez erishi sharoitida global hamkorlikka chaqirdi va ularni oʻrganish boʻyicha kompleks ekspeditsiya tashkil etishni taklif qildi. E.Rahmon oʻz nutqida Tojikiston tashabbusi bilan 2025-yil Xalqaro muzliklarni saqlash yili, 21-mart esa Butunjahon muzliklar kuni deb eʼlon qilinganini taʼkidladi. Tojikiston prezidenti muzliklarni himoya qilish boʻyicha global strategiya yaratish, shuningdek, Muzliklarni saqlash xalqaro jamgʻarmasi mablagʻlarini koʻpaytirish zarurligini qayd etdi. 2025–2034-yillarni Kriosfera fanlari boʻyicha harakatlar oʻn yilligi deb eʼlon qilish boʻyicha Fransiya bilan qoʻshma taklif ham ilgari surildi.
Oliy darajadagi yalpi majlisdagi nutqida A.Abduhakimov Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi va barqaror rivojlanish uchun muzliklarni asrab-avaylash muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Vazir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar, jumladan, “Yashil makon” tashabbusi, Orol dengizining qurigan tubini koʻkalamzorlashtirish, yashil texnologiyalar va suvni tejash tizimlarini joriy etish loyihalari bilan tanishtirdi. Ishtirokchilar shu yilning iyun oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Eco Expo Central Asia” koʻrgazmasiga ham taklif etildi.
Vazirlar muloqoti doirasida iqlim barqarorligi, muzliklarni saqlash va suv sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston ekologik siyosatga kompleks yondashuvni taqdim etdi: “yashil” iqtisodiyot strategiyasi, Milliy moslashish rejasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqlim kengashi va Milliy iqlim markazini tashkil etish. RESILAND loyihasi (142 million dollar), Kopernik dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik va muz koʻllarini monitoring qilish boʻyicha YUNESKO loyihalarida ishtirok etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Iqlimshunoslikka bagʻishlangan sessiyada mintaqa davlatlari iqlim boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini yaratish zarurligini muhokama qildi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoni “yashil” rivojlantirish konsepsiyasini yakunlash va 2026-yilga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash boʻyicha ekspert guruhini shakllantirishni taklif qildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetining ("Green University") ekologiya, suvni tejash va qayta tiklanadigan energiya sohalarida kadrlar tayyorlash boʻyicha ilmiy platforma sifatidagi roli ham tasdiqlandi.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo+YaIJ” formatida davra suhbati tashkil etilib, unda mintaqaviy loyihalar samaradorligini oshirish yoʻllari va Yashil iqlim jamgʻarmasi bilan oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston tomonining YAIJ bilan muvofiqlashtirish boʻyicha davlatlararo ishchi guruhini tuzish taklifi bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Bu loyiha konsepsiyalari toʻplamini shakllantirish va moslashish tashabbuslarini moliyalashtirishni oshirish imkonini beradi.
Anjuman "Suv, yer va iqlim oʻzgarishi (NEXUS)" mintaqaviy dasturini muhokama qilish bilan yakunlandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillariga GEFga 26 million dollarlik yakuniy loyiha hujjati taqdim etilgani haqida maʼlumot berildi. Oʻzbekiston mintaqadagi boshqa davlatlar qatori oʻzgaruvchan iqlim sharoitida suv va yer resurslarini barqaror boshqarishga qaratilgan ushbu keng koʻlamli tashabbusni amalga oshirishda kelgusida ham ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.









