Oʻzbekiston oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha eng yuqori oʻsishga erishgan 10 ta mamlakat ichida birinchi oʻrinni egalladi

    Oʻzbekiston “Iqtisodiy foydalana olish imkoniyati” kategoriyasi boʻyicha 18 pogʻona, “Sifat va xavfsizlik” kategoriyasi boʻyicha 3 pogʻona, “Barqarorlik va moslashish” kategoriyasi boʻyicha 36 pogʻona koʻtarildi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2019-2022-yillarda Oʻzbekistonning Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksidagi oʻrni qanday oʻzgarganini tahlil qildi.

    Global oziq-ovqat xavfsizligi indeksi (GFSI) ning reytingi Economist Intelligence Unit tahlil agentligi tomonidan Corteva Agriscience koʻmagida har yili qaytadan tuziladi. 2022-yilning 20-sentyabrida nashr etilgan GFSI-2022 indeksning oʻn birinchi nashri hisoblanadi. GFSI oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari, ularning mavjudligi va xavfsizligi, shuningdek, dunyodagi 113 ta mamlakatning tabiiy resurslari va barqarorligiga oid masalalarni koʻrib chiqadi.

    Tahlil natijalariga koʻra, 2019-2022-yillar boʻyicha umumiy reytingda Oʻzbekiston oʻn ikki pogʻona koʻtarildi va 2022-yilda 113 ta mamlakat orasida 73-oʻrinni egalladi. Shu tariqa, Oʻzbekiston 2019-2022-yillarda oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha eng yuqori oʻsish koʻrsatkichlariga erishgan 10 ta mamlakat ichida birinchi oʻrinni egalladi.

    Oʻzbekiston “Iqtisodiy foydalana olish imkoniyati” kategoriyasi boʻyicha 18 pogʻona, “Sifat va xavfsizlik” kategoriyasi boʻyicha 3 pogʻona, “Barqarorlik va moslashish” kategoriyasi boʻyicha 36 pogʻona koʻtarildi.

    Kelgusida Oʻzbekistonning reytingdagi oʻrnini yaxshilash uchun ichki bozorda oziq-ovqat taklifini oshirish, import mahsulotlarini diversifikatsiya qilishni taʼminlash, sogʻlom ovqatlanish boʻyicha milliy tavsiyalarni ishlab chiqish, oziq-ovqat mahsulotlarini markirovka qilishni joriy etish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati