GFSI oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlari, ularning mavjudligi va xavfsizligi, shuningdek, dunyodagi 113 ta mamlakatning tabiiy resurslari va barqarorligiga oid masalalarni koʻrib chiqadi.

2019-2021-yillar boʻyicha umumiy reytingda Oʻzbekiston ikki pogʻona koʻtarildi va 2021-yilda 113 ta mamlakat orasida 78-oʻrinni egalladi.

“Iqtisodiy foydalana olish imkoniyati” kategoriyasi boʻyicha mavqeini 15 punktga yaxshiladi.

Mutaxassislar “Tabiiy resurslar va barqarorlik” kategoriyasida Oʻzbekiston boʻyicha bahoni sezilarli darajada yaxshiladi. Iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha saʼy-harakatlarning yuqori baholanishi reytingda mamlakatimizga ushbu kategoriyada 19 pogʻona koʻtarilish imkonini berdi.

Mamlakat darajasida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va mamlakatimiz reytingini yaxshilash uchun, birinchi oʻrinda, Oʻzbekistonning baholari eng yomon boʻlgan “ogʻriqli” nuqtalarga eʼtibor qaratish zarur:

Masalan, suv resurslari. Jahon resurslar instituti maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston uchun suv resurslari sohasidagi xavf juda yuqori. Ushbu koʻrsatkichlarni yillik umumiy suv olishni kamaytirish orqali yaxshilash mumkin. Buning uchun esa barcha bosqichlarda suv yoʻqotishni qisqartirish zarur. Ayniqsa, yurtimizning eng zaif hududlar sifatida ajralib turgan 3 ta hududi – Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyatlarida suv yoʻqotishlarni qisqartirishga alohida eʼtibor qaratish kerak.

Oziq-ovqat mahsulotlari oʻrtacha qiymatining oʻzgarishi. Isteʼmol oziq-ovqat mahsulotlari narxining yillik oʻzgarishi bilan bogʻliq vaziyatni yaxshilash uchun ichki bozorda oʻzimizda ishlab chiqariladigan, shuningdek, mos narxlarda import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari taklifini oshirish zarur. Shu bilan birga, narxlarning asossiz ravishda oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish va import qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun belgilangan tariflarni qayta koʻrib chiqish kerak.

D.Ilina

PMTI loyiha rahbari