Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi — globallashuv davrining dolzarb talabi
Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyani ishlab chiqish hamda qabul qilish gʻoyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 19-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assamleyasining 72-sessiyasida taklif qilingan.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi minbaridan soʻzlagan nutqida yoshlar masalasiga alohida toʻxtalib, bugungi dunyo yoshlari son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod ekaniga eʼtiborni qaratdi. Ular soni 2 milliard kishini tashkil etmoqda.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamol topishiga bogʻliq.
Bizning asosiy vazifamiz yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim.
Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston nomidan BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. Bu xalqaro tashabbusning zamirida globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan universal xalqaro huquqiy hujjatni qabul qilish gʻoyasi mujassam.
Ushbu tashabbusning dolzarbligi haqida fikr yuritganda, avvalo, institutsional siyosiy jarayonlarda va siyosat sohasida yoshlarning shaxsan yoki vakillari orqali ishtiroki, boshqa yosh toifalari bilan oʻzaro qiyoslaganda, bu koʻrsatkich dunyo miqyosida quyi darajada qolayotganini qayd etishga toʻgʻri keladi.
Yer yuzidagi yosh avlod vakillari ayni paytda siyosiy institutlarda, xususan, parlamentlar, siyosiy partiyalar va davlat boshqaruvi organlarida zarur darajada oʻz vakillariga ega emas.Bu, oʻz navbatida, dunyo yoshlarining rasmiy tuzilmalar, saylov jarayonlari, yetakchilar va siyosatchilardan uzoqlashishiga hamda ularga nisbatan ishonchsizligi ortishiga olib kelmoqda.
Yoshlarning, ayniqsa, siyosiy jarayonlarda ishtirok etishini taʼminlash yoʻlidagi asosiy muammolardan biri mavjud huquqiy toʻsiq va boʻshliqlardir. Davlat lavozimlarini egallash uchun intilayotgan yoshlar aksar hollarda ana shunday gʻovlarga duch kelmoqdalar.
Jahon parlamentlarida 30 yoshgacha boʻlgan deputatlar 2 foizdan sal koʻproqdir. Bu koʻrsatkich 2016-yilda 1,9 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yilga kelib atigi 2,2 foizga yetgan.
Parlamentlararo ittifoq maʼlumotlariga koʻra, jahon mamlakatlari parlamentlari tarkibida yoshlar vakillari yetarli miqdorda emasligining muayyan sabablari mavjud.
Avvalambor, davlat lavozimlarida ishlash uchun talab etiladigan eng kichik yosh aksariyat hollarda ovoz berish huquqiga ega boʻlishning eng kichik yoshiga nisbatan ancha yuqori. Buning oqibatida dunyo yoshlari tegishli davlat mansablarida ishlash huquqiga ega boʻlishni 25, 35 yoki baʼzi hollarda 45 yoshgacha kutishlariga toʻgʻri kelmoqda.
Bunday holat jahon parlamentlarining yuqori palatalariga koʻproq taalluqlidir. Chunki bu lavozimlarga saylanish huquqiga ega boʻlish uchun imkon qadar katta yosh cheklovlari oʻrnatilgan.
Shu bois, parlamentlar yuqori palatalarining 76 foizida 30 yoshgacha boʻlgan deputat yoki Senat aʼzosi umuman mavjud emas. 2016-yildan bugungi kunga qadar parlamentlarning yosh erkak aʼzolari soni yosh ayol aʼzolariga nisbatan keskin oshgan.
Oʻzbekistonda qizgʻin siyosiy kurashlar ostida oʻtgan saylov natijasida yangi parlament quyi palatasi deputatlarining tarkibi shakllandi. Ularning 48 nafarini ayollar, 9 nafarini, yaʼni 6 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich oʻtgan chaqiriqqa nisbatan qariyb 3 foiz koʻpdir.
Konvensiya loyihasini tayyorlash jarayoni
Oʻzbekistonning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida taklif etilgan tashabbuslarini ilgari surish boʻyicha 2017-yil 27-sentyabrda “yoʻl xaritasi” qabul qilindi. Ushbu hujjatning 7-bandida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Bu vazifa, shuningdek, Harakatlar strategiyasini 2018-yil — Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining 217-bandida koʻzda tutildi.
Shu asosda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tegishli davlat idoralari, yoshlar muammolariga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi. Ishchi guruh tomonidan, birinchi navbatda, konvensiyani tayyorlash jarayonida quyidagi manbalar atroflicha oʻrganildi:
— yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi milliy qonunchilik, xususan, 50 dan ortiq davlatning tegishli qonun hujjatlari;
— mintaqaviy tajriba, yaʼni Afrika Ittifoqi, Amerika davlatlari tashkiloti, Yevropa Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi kabi mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan 20 dan ziyod hujjat;
— xalqaro tajriba: BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, Parlamentlararo ittifoq, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti doirasida qabul qilingan 30 dan ortiq universal shartnoma tahlil qilindi.
Shundan soʻng konsepsiya va konvensiya loyihasi ishlab chiqildi. Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasi yoshlarning asosiy huquqlarini mustahkamlaydigan 26 ta moddani oʻz ichiga olgan. Jumladan:
• har tomonlama qoʻllab-quvvatlov olish va oilaviy himoya huquqi;
• jamiyat qoʻllab-quvvatlovi va gʻamxoʻrligidan foydalanish huquqi;
• milliy va xalqaro darajalarda qarorlar qabul qilinishida ishtirok etish huquqi;
• shaxsiy hayotga boʻlgan huquq;
• zoʻravonlik va majburiy mehnatdan himoyalanish huquqi;
• erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi;
• harakatlanish erkinligi huquqi aks etgan moddalar shular qatoriga kiradi.
Konvensiya loyihasi jamoatchilikdan takliflar olish maqsadida bir qator davlat idoralari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlariga - jami 20 ta manzilga joʻnatildi. Shu bilan birga, loyiha BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasiga ham yuborildi.
Milliy va xalqaro muhokamalarda sayqal topgan hujjat
BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi loyihasi kelib tushgan taklif va tavsiyalar asosida maromiga yetkazildi. Shundan keyin ushbu hujjat keng milliy va xalqaro muhokama uchun taqdim etildi.
Birinchidan, konvensiya loyihasi 2018-yil 22-23-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 70 yilligiga bagʻishlangan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi.
Ikkinchidan, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining 2019-yil 7-8-oktyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Tinchliksevar demokratik jamiyatlar va barqaror rivojlanishni barpo etishda yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi oltinchi xalqaro seminari ishtirokchilari ham konvensiya loyihasini koʻrib chiqdilar.
Har ikki anjumanda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususan, BMT, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Afrika Ittifoqining inson huquqlari boʻyicha ekspertlari, shuningdek, xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari, parlament, vazirlik va idoralar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilar tomonidan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasini qabul qilishning zaruriyati va ahamiyati alohida eʼtirof etildi. Konvensiya loyihasi IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi seminarining yakuniy hujjati — “Toshkent deklaratsiyasi”ga kiritildi.
Uchinchidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yaqinda tashkil etilgan “Yoshlar va parlament” mavzusidagi onlayn konferensiyada konvensiya loyihasi muhokama qilindi. Ushbu anjumanda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi vakillari bilan bir qatorda mamlakatimizdagi barcha siyosiy partiyalarning “Yoshlar qanotlari” faollari ishtirok etdi.
Toʻrtinchidan, “BMT—75” tashabbusi doirasida tashkil etilgan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumi kun tartibiga ham mazkur konvensiya loyihasini muhokama qilish masalasi kiritildi.
Konvensiya nima uchun kerak?
BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini qabul qilishning qanday foydasi bor, degan savol tugʻilishi tabiiy. Bu muhim xalqaro hujjatga talab va qiziqish kattaligining bir qator omillari mavjud.
Birinchidan, hozirgi dunyomizda yoshlar tarixda misli koʻrilmagan darajada eng koʻp sonli navqiron avlod hisoblanadi. Shu maʼnoda, yoshlarning barcha huquqlarini, xususan, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarni himoya qilish va amalga oshirishni taʼminlash uchun yana-da koʻproq harakat qilish zarur. Bu masʼuliyatli jarayonda faol ishtirok etmaslik va imkoniyatlarning yetishmasligi yoshlar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ikkinchidan, hozirgi vaqtda yosh avlodda davlat va jamiyatning har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi, yoshlarning rivojlanishiga qaratilgan muhim resurslar ajratilishi, inson huquqlari bilan bogʻliq boʻlgan yoshlarga doir davlat siyosatining zamonaviy infratuzilmasi yaratilishiga nisbatan talab hamda ehtiyoj kuchlidir.
Uchinchidan, ushbu sohada shu paytgacha majburiy mazmunga ega muayyan xalqaro hujjat qabul qilinmagan. Bu esa yoshlarga oid davlat siyosatining zamonaviy qonunchilik bazasini shakllantirishni murakkablashtirmoqda.
Toʻrtinchidan, aholining yoshlar qismiga kimlar mansubligini aniqlash boʻyicha xalqaro mezonlarni ishlab chiqish zaruriyati mavjud. Mazkur mezonlarni, oʻz navbatida, yoshlarning huquqlarini taʼminlash boʻyicha davlat majburiyatlarini belgilovchi xalqaro hujjatda belgilab qoʻyish taqozo etiladi.
Kimlarni yosh deb hisoblash mumkin?
BMTning Yoshlar uchun jahon harakatlar dasturiga muvofiq, yoshlar toifasi 15 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan insonlarni oʻz ichiga oladi.
BMT Xavfsizlik kengashining Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik toʻgʻrisidagi 2250-rezolyutsiyasida esa yoshlik davri 18 yoshdan 29 yoshgacha etib belgilangan.
BMTning Aholi punktlariga oid dasturida “yoshlar” atamasi 15-32 yoshdagi shaxslarga nisbatan qoʻllanadi.
Afrika yoshlar xartiyasi “yoshlar” vakillarini 15 dan 35 yoshgacha boʻlgan shaxs sifatida belgilaydi.
Ibero-Amerika Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasida 15-24 yoshdagi shaxslarning huquqlari mustahkamlangan.
Shuni taʼkidlash joizki, xalqaro va mintaqaviy hujjatlarda bu boradagi yondashuvlarning bunchalik xilma-xilligi tegishli majburiyatlarni bajarishda turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy hol. Ayniqsa, 15 yoshli oʻsmirlar oldida turgan muammolar bilan 29 yoshli yigitlar duch keladigan muammolar oʻrtasida farq borligidan koʻz yumib boʻlmaydi.
Dunyoda yoshlarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi vaziyat tahlili shuni koʻrsatadiki, davlatlarning yoshlarga doir siyosati nafaqat inson huquqlarining amaldagi xalqaro tizimiga, balki BMTning yoshlar huquqlariga taalluqli maxsus hujjati — Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyada mustahkamlangan prinsip va normalarga asoslanishi zarur.
Shu maʼnoda, birinchidan, konvensiya xalqaro tahlil va davlatlar tomonidan yoshlarga oid siyosatni amalga oshirishda toʻplangan ijobiy tajribani umumlashtirish, ikkinchidan, yoshlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha umumeʼtirof etilgan prinsiplar va standartlarni ishlab chiqish natijasi boʻlmish yagona kodifikatsiyalashtirilgan xalqaro hujjat hisoblanadi.
Konvensiyaning maqsad va prinsiplari
Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya tom maʼnodagi yangi hujjat boʻlib, unda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida eʼtirof etilishi zarur boʻlgan huquqlari oʻz aksini topgan. Bu xalqaro hujjatning qabul qilinishi jahondagi barcha davlatlar tomonidan yoshlar masalalariga boʻlgan eʼtiborni tubdan oshiradi.
Yoshlarning alohida huquqlariga jiddiy eʼtibor qaratilishi, oʻz navbatida, navqiron avlod vakillariga manzilli koʻmak koʻrsatishda muhim omil boʻladi.
Mazkur konvensiyaning maqsadi dunyo boʻyicha yoshlarning ehtiyojlarini qondirish, yoshlarning eng maqbul qiziqishlari, erkinliklari va huquqlari kafolati hamda salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishdan iborat.
Konvensiyada yoshlar siyosati tushunchasi mohiyatiga hayotning turli soha va tarmoqlari: davlat va xususiy sektor, shuningdek, nodavlat tashkilotlarning yoshlarga qaratilgan faol faoliyatiga doir siyosat sifatida keng maʼno singdirilgan.
Konvensiyada quyidagi prinsiplar mustahkamlangan:
• yoshlarning turli guruhlari qiziqishlari va talablarini inobatga olish;
• davlatning yoshlarga doir siyosati istiqbolli yoʻnalishlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishda yosh fuqarolarning ishtirokini taʼminlash;
• yoshlarning moddiy, ijtimoiy, maʼrifiy, madaniy, maʼnaviy ehtiyojlarini va bu boradagi muammolarini hisobga olish;
• ogʻir sharoitlarda hamda ijtimoiy xavfli vaziyatlarda yashaydigan yoshlarga alohida eʼtibor qaratish va ularni qoʻllab-quvvatlash;
• yoshlar hayotining barcha sohalarida gender tenglikka erishish;
• oila institutini va uning yoshlar maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga taʼsirini mustahkamlash;
• yoshlarning xilma-xilligini hamda ular rivojlanishining barcha bosqichlarida inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish zarurligini tan olish;
• yoshlarga doir milliy siyosatni shakllantirishga hissa qoʻshish;
• yoshlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda, xalqaro hamkorlikni va turli davlatlar oʻrtasida tajriba almashishni chuqurlashtirish.
Konvensiyani qabul qilishdan kutilayotgan natijalar
Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya qabul qilingach, dunyo yoshlari huquqlari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan bir qator amaliy natijalarga erishiladi.
Birinchidan, navqiron avlod vakillarining yoshga doir xususiyatlariga, sodda qilib aytganda, “yoshlar” tushunchasiga aniqlik kiritiladi. Konvensiya loyihasida, yoshlar huquqlari boʻyicha qabul qilingan xalqaro hujjatlarni inobatga olgan holda, oʻn sakkiz yoshdan oʻttiz yoshgacha boʻlgan shaxslarni yoshlar deb belgilash taklif etilmoqda.
Ikkinchidan, davlatlarning yoshlar huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlari roʻyxati belgilanadi.
Uchinchidan, yoshlar taraqqiyoti masalalariga doir, shuningdek, milliy qonunchilikning oʻzgartirilishiga taʼsir koʻrsatadigan uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan davlat dasturlari qabul qilinadi.
Toʻrtinchidan, yoshlar taraqqiyoti istiqbollarining zamonaviy xalqaro modelini shakllantirish, jumladan, bu boradagi aniq maqsad va mezonlarni belgilab olish imkoni tugʻiladi.
Beshinchidan, butun dunyodagi yoshlarning jamiyat hayotida toʻliq, samarali va amaliy ishtirok etishlari uchun real sharoitlar yaratiladi.
Oltinchidan, madaniyatlararo muloqot, oʻzaro birdamlik va hamjihatlik koʻnikmalarini rivojlantirish uchun imkoniyatlar kengayadi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda dunyo davlatlarining yoshlar sohasidagi siyosati nafaqat amaldagi xalqaro inson huquqlari tizimiga, balki yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi maxsus xalqaro hujjatda mustahkamlangan prinsip hamda normalarga ham asoslanishi shart. Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya xuddi shunday muhim xalqaro hujjat maqomiga ega boʻlishi kutilmoqda.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ushbu hujjatning ahamiyati toʻgʻrisida xalqaro hamjamiyatda ijobiy fikr shakllanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Konvensiya loyihasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida BMTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari va BMT vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi oʻrinbosari,
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori