Toshkent shahrida Qishloq xo'jaligini rivojlantirishda gender yondashuvlarni joriy etish bo'yicha strategiyasi loyihasi va O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligining chora-tadbirlar rejasi muhokamasi bo'lib o'tdi. Hujjat BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning “Inklyuziv qishloq xo'jaligi siyosatini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash” loyihasi doirasida milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, Qishloq xo'jaligi vazirligi hamda FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy bo'limi mutaxassislari ishtirokida tayyorlangan.

Gender tengligi 2030-yilgacha bo'lgan Barqaror rivojlanish kun tartibining asosiy masalasi hisoblanadi. FAO mamlakatlarga 2030-yilgacha bo'lgan Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish bo'yicha erishilgan yutuqlarni monitoring qilishda ko'maklashadi. Xususan, tashkilot 21 ta ko'rsatkich, shu jumladan, 5 maqsadga (Gender tengligini ta'minlash va barcha ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish) erishish ko'rsatkichlarini  muvofiqlashtiruvchi vazifasini bajaradi. Bular “Qishloq xo'jaligi yerlariga egalik qiluvchi ayollar ulushi” va “Yerga egalik qilishda ayollarning tengligi” ko'rsatkichlaridir.

Yuqoridagi loyiha doirasida FAO O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi va mamlakat agrosanoat kompleksiga aloqador boshqa tashkilotlarga ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning, birinchi navbatda, qishloq ayollarining manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan xolda tegishli siyosat va yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirish salohiyatini mustahkamlashda texnik yordam ko'rsatadi.

Qishloq xo'jaligini rivojlantirishda gender yondashuvlarini joriy etish bo'yicha strategiyasi loyihasi va O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligining chora-tadbirlar rejasi ushbu loyiha doirasida FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda. Hujjatni tayyorlashda ayollarning yer, sanoat va tabiiy resurslarga egalik qilish va tasarruf etish, shuningdek moliyaviy xizmatlar va ixtisoslashtirilgan bilimlarga ega bo'lish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.