Oʻzbekistonda davlat xaridlari tizimi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solingan. Ushbu Qonunda xarid qilish tartib-taomillarining turlari, mezonlari va asosiy prinsiplari belgilangan.

Moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi, ochiqlik va shaffoflik, tortishuv va xolislik, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik davlat xaridlarining asosiy prinsiplari jumlasidandir.

Qonunning 23-moddasida xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari belgilangan boʻlib, bugungi kunda barcha raqobatli xaridlar elektron tarzda (inson omili aralashuvisiz) amalga oshirish mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan.

Joriy yil 23-iyulda Kurbanoff.net Telegram kanalida kislorod konsentratorining narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumot eʼlon qilgan boʻlib, unga koʻra davlat xaridlari boʻyicha elektron doʻkonda kislorod konsentratorining narxi 11,0 va 30,0 million soʻm, olx.uz veb-saytida esa 7,7 million soʻm ekanligi qayd etilgan.

Maʼlumot uchun, muallif, bir ozdan soʻng, olx.uz veb-saytida yuqorida koʻrsatilgan narxda kislorod konsentratori ayni paytda mavjud emasligi va davlat xaridlari boʻyicha koʻrsatilgan narxlar tuzilgan bitimlarning narxlari emasligini koʻrsatib oʻtgan, shuningdek, 30,0 million soʻm narxdagi kislorod konsentratorining davlat xaridi bugungi kunga qadar amalga oshirilmagan.

Qonun talabiga koʻra, elektron doʻkon orqali bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan (byudjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan) oshmaydigan tovarlar, bir davlat buyurtmachisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan oshmaydigan miqdordagi ishlar, xizmatlar xarid qilinishi mumkin.

Elektron doʻkonda tovarlar (ishlar, xizmatlar) tadbirkorlik subyektlari tomonidan joylashtirib boriladi va yuqorida qayd etilgan summalardan ortiq qiymatdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) joylashtirilishiga dastur tomonidan cheklovlar oʻrnatilgan.

Bugungi kunda byudjet buyurtmachilari 5,6 million soʻmgacha, korporativ buyurtmachilar esa 55,8 million soʻmgacha boʻlgan qiymatdagi tovarlarni, shuningdek, 5,6 million soʻmgacha boʻlgan ishlar va xizmatlarni elektron doʻkon orqali xarid qilishlari mumkin.

Qonun hujjatlariga koʻra maxsus axborot portali avtomatik rejimda, narxlar soʻrovi mexanizmini amalga oshirgan holda ofertani taklif etgan ishtirokchiga hamda elektron doʻkonda oʻxshash tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) taklif etayotgan barcha ishtirokchilarga xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish toʻgʻrisida takliflar yuborilishini taʼminlashga majbur.

Ishtirokchilar tomonidan berilgan narx boʻyicha takliflarni taqqoslash portal tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.

Portal shartnomani buyurtmachi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasida bayon etilgan shartlarga muvofiq hamda ishtirokchilar tomonidan taklif etilgan eng past narxda shakllantiradi.

Shu nuqtayi nazardan, elektron doʻkonda ishtirokchilar tovarlarni narxini oshirib kiritgan taqdirda ham savdo gʻolibi portal tomonidan narx soʻrovi mexanizmini amalga oshirgan holda avtomatik tarzda aniqlanishini inobatga olsak, shu turdagi tovar boʻyicha eng maqbul (real) narx taklif qilgan ishtirokchi gʻolib deb topiladi. Oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdiki, narxlarni sunʼiy tarzda oshirib koʻrsatgan ishtirokchi gʻolib boʻla olmaydi.

Misol uchun, pandemiya davrida elektron doʻkon orqali byudjet buyurtmachisi tomonidan boshlangʻich narxi 5,3 million soʻmlik kislorod konsentratori tanlangan, elektron savdo natijasida 5,0 million soʻmga (lot raqami 8551108) shartnoma tuzilgan.

Shuningdek, oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida kislorod konsentratori 3,4 million soʻmdan 23,0 million soʻmgacha (QQS bilan) ekanligi, ularni modellari (qoʻshimcha funksiyalari mavjudligi) va ishlab chiqilgan mamlakatiga qarab narxlari har xilligi aniqlandi.

Shu bilan birga, davlat buyurtmachilari xarid qilish tartib-taomillari turlarini tanlashda, xaridlarning boshlangʻich narxlarini belgilashda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan belgilangan asosiy prinsiplarga qatʼiy rioya etishlari hamda tovarni (ishni, xizmatni) sifati va narxi oʻrtasidagi maqbul nisbatni taʼminlash orqali xaridni amalga oshirishlari lozim, deb xabar beradi Moliya vazirligi matbuot xizmati.