Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisini 2022-yil 17-mart kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, videokonferensaloqa shaklida ikki kun davomida boʻlib oʻtadigan yalpi majlis doirasida bir qator masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

“Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi, “Organik mahsulotlar toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar muhokama etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini eshitadi.

Yalpi majlisda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini oʻzgartirish va Koʻkdala tumanini tashkil etish masalasi koʻrib chiqiladi.

Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi, ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi 2021-yil yakuni boʻyicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotlari eshitilishi ham rejalashtirilgan.

Senatorlar tomonidan qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini koʻrib chiqish nazarda tutilgan.

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining 2020-2021-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti ham eshitiladi.

Shu bilan birga, senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlarini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalalarini koʻrib chiqadi.

Shuningdek, Senat Kengashining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga asosan tayinlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga muvofiq roʻyxatga olingan senatorlar Zulayxo Baxriddinovna Maxkamova va Gulnora Maxmudovna Marufova Senatning tegishli qoʻmitalari aʼzolari etib saylandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.