Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 523 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 195 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 147 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 87 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 94 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 8 nafarini chet el fuqarolari, 45 nafarini ayol, 31 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 220 nafarini yoshlar (shulardan 1 nafari voyaga yetmagan) hamda 15 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.




