Talabalar uchun xalqaro almashinuv va akademik mobillik dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi, qo‘shma ta’lim dasturlari uchun yetakchi xorijiy universitetlarning jalb etilishi quvonarli hol. Keng ko‘lamli ishlar zamirida sifatli, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarining xalqaro miqyosdagi nufuzini yuqori reytingga olib chiqish maqsadi yotibdi.
Natijaga qanday erishiladi? Birinchi navbatda, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning eng adolatli va shaffof shaklini yo‘lga qo‘yish kerak. Bu borada mamlakatimizda qator ishlar bajarildi. Jumladan, talabalar uchun budjet o‘rni ko‘paymoqda, shu bilan birga, oliy ma’lumot olish imkoniyatini kengaytiradi. Abituriyentlar uchun hujjatlarni topshirish tartibi soddalashtirildi. Onlayn tartibda foydalanish ularga har jihatdan qulaylik tug‘dirmoqda. Bundan tashqari, chekka hududlarda yashovchi hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlarini o‘qishga qabul qilishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari takomillashib boryapti.
Tizimda sezilarli yutuqlarga erishilganiga qaramay, sifat bosqichi borasida yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas. Shulardan biri o‘qishga qabul qilish va ta’lim sifati o‘rtasidagi bog‘liqlikdir. Jarayon aniq va shaffof tanlov mezonlarini ishlab chiqishni talab qiladi. Bu esa tizimga ishonchni oshiradi, subyektivlik xavfini kamaytiradi.
Qabul tizimini isloh qilish va ta’lim sifatini oshirish xalqaro reyting ko‘rsatkichlarida o‘rin egallashning asosiy omilidir. Prezidentimizning 2024-yil 24-maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni ana shu masalalarga huquqiy yechim bo‘ladi.
Farmondan ko‘zlangan maqsad oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun mavjud shart-sharoitni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yo‘naltirishdin iborat.
Mazkur huquqiy hujjatda 2024/2025 o‘quv yilidan OTMlar talabalariga davlat granti ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant va ta’lim granti shaklida ajratilishi belgilandi. Shuningdek, bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratiladi. Albatta, ta’lim grantini birinchi kursda oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalar olishi mumkin. Davlat grantini shu yo‘sin taqsimlash mexanizmiga uzoq yillar amal qilindi. Biroq yangi tartibga ko‘ra, ta’lim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting ko‘rsatkichiga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi. Davlat granti va unga qo‘yilgan talablar ta’lim oluvchilarning o‘qishga munosabatini o‘zgartirishi bilan birga, bilim va iqtidorini har tomonlama haqqoniy, adolatli baholaydigan mexanizmga aylanadi.
Mehnat bozorining bugungi va kelgusi ehtiyojlarini inobatga olish ko‘plab muammolarning bartaraf etilishiga olib keladi. Jumladan, yurtimizning chekka hududida iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida malakali kadrlar yetishmasligi kuzatiladi. Bu muammoni hal qilish uchun ta’lim tizimi va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, kadrlarga ehtiyojni prognozlash mexanizmlarini joriy etish, ta’lim dasturlarida amaliyotga yo‘naltirilgan komponentlarni kengaytirish zarur. Xuddi shu maqsaddan kelib chiqib, farmonda hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyojini ta’minlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari ajratilganini sohadagi muammolarni bartaraf etishning muhim yechimi, deyish mumkin. Farmonda maqsadli qabul va uni to‘g‘ri tashkil qilish mexanizmiga oid ko‘rsatmalar berib o‘tilgan. Jumladan, maqsadli qabul kvotasi doirasida talabalikka tavsiya etilgan fuqaro bilan manfaatdor tuman (shahar) hokimligi, sohaviy davlat organi (tashkiloti) va oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma tuzilishi maqsadli ta’limning natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Joriy o‘quv yilida birgina Buxoro viloyatida 22 mingdan ziyod bitiruvchi mustaqil hayotga yo‘llanma oldi. Ularning katta qismi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga hujjat topshiradi. Bitiruvchilarning iqtidori va salohiyatini to‘g‘ri baholash ta’limda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuning uchun ham 2024/2025 o‘quv yilidan davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq tashkil qilinishini ijobiy hodisa sifatida baholash mumkin. Endi abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra, test sinovidan to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. O‘qishga qabul qilishning bunday mexanizmi mamlakatimizda ilk bor amalga oshirilmoqda.
Ta’lim-tarbiya samaradorligi oliy ta’lim tizimida o‘quv jarayonini sifatli tashkil qilish, malakali kadrlarni tanlash, o‘qitishning zamonaviy shakllarini yo‘lga qo‘yish kabi qator masalalar bilan uzviy bog‘liq. Oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnik bazasining mustahkam va boy bo‘lishi ham yoshlarning sifatli ta’lim olishiga imkon yaratadi.
Farmonda oliy ta’lim tashkilotlari moddiy-texnik bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibi va o‘quv-metodik ta’minotiga muvofiq, keyingi o‘quv yili uchun o‘z qabul parametrlarini shakllantirishning belgilab qo‘yilishi oliy ta’lim muassasalarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishish uchun barcha imkoniyatdan foydalanish zarurligini ko‘rsatadi.
Bu borada Buxoro davlat pedagogika institutida ham qator ishlar bajarildi. Jumladan, oliy ta’lim tizimida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalarida stajirovkadan o‘tkazish va malakasini oshirish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Institut faoliyat boshlaganiga uch yil bo‘lganiga qaramay, ilmiy sohada ancha yutuqlarga erishildi. Jumladan, moddiy-texnik baza yaxshilandi hamda professor-o‘qituvchilar salohiyati oshirildi. Kadrlar tayyorlashda o‘zgaruvchan bozor talablariga moslasha oladigan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan, sanoat va iqtisodiyotning rivojiga hissa qo‘shadigan, raqobatbardosh, malakali ishchi kuchi zarur. Sifatli ta’limga erishish, malakali mutaxassislarni yetishtirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash esa kelgusi avlodlar uchun porloq istiqbol yaratishning muhim omilidir.
Mamlakat taraqqiyoti, kelajagi, jahon miqyosidagi mavqei ta’lim sohasidagi islohotlar bilan belgilanadi. Davr talablariga javob beradigan, ilg‘or fan-texnika, texnologiya yutuqlari bilan qurollangan kadrlarni tayyorlamay turib, mamlakat iqtisodiyotini, jamiyat hayotini yuksaltirib bo‘lmaydi. “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonda ham xuddi shunday vazifalar belgilab berilgan. Samarali, shaffof va adolatli qabul amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonning keyingi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun asos bo‘la oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashning asosiy poydevori sifatida xizmat qiladi.
Bahodir MA’MUROV,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor
Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 110-sonida (2024-yil 5-iyun) chop etilgan.