Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar koʻrsatishni yana-da rivojlantirish toʻgʻrisida”gi PF-6159-son farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

  1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Fanlar akademiyasining:

a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (keyingi oʻrinlarda – Milliy markaz) tizimida:

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Gʻallaorol ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutini;

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo filiali negizida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutini;

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi va Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini tashkil etish;

b) quyidagilar:

Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi huzuridagi Akademik M.Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti;

“Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining “Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti masʼuliyati cheklangan jamiyatini belgilangan tartibda davlat muassasasi shaklida qayta tashkil etgan holda Milliy markaz tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

  1. Quyidagilar:

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi boshqaruv apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi
hamda viloyatlardagi axborot va maslahat tizimi asosida ish yuritadigan hududiy agroxizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda – hududiy agroxizmatlar markazlari) namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda tashkil etiladigan hududiy agroxizmatlar markazlari joylashuv manzillari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qishloq xoʻjaligi vaziriga, zarur hollarda, Milliy markaz, uning tarkibidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari va agroxizmatlar markazlarining tuzilmasiga xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish huquqi berilsin.

  1. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.X.Toshqulov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) ushbu qarorga 4-ilovada koʻrsatilgan taʼlim muassasalarining hududiy agroxizmatlar markazlariga oʻtkazilayotgan bino-inshootlari hamda mol-mulklari, ularning faoliyatini taʼminlashga yetarli qismini belgilangan tartibda operativ boshqaruv huquqi bilan, shuningdek, yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi bilan oʻtkazilishini taʼminlasin.
  2. Belgilansinki:

a) Milliy markazga qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari – Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori rahbarlik qiladi;

b) Milliy markazning qoʻshimcha 11 nafar hamda hududiy agroxizmatlar markazlarining qoʻshimcha 119 nafar boshqaruv xodimlari shtat birliklari Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarning mavjud shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi;

v) Milliy markaz va hududiy agroxizmatlar markazlari qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalarni, axborot va maslahat xizmatlari tizimini joriy etish sohasida vakolatli organ hisoblanadi hamda yuridik shaxs maqomiga, oʻz balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, Davlat gerbi tasvirlangan muhriga ega boʻladi;

g) Milliy markaz Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi “Agroinnovatsiya” davlat unitar korxonasi va Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi “Gʻoʻza urugʻchiligi markazi” davlat muassasasining barcha huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

d) Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy-tajriba stansiyalari yuridik shaxs maqomiga ega davlat muassasalari boʻlib:

Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo filialining;

Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Gʻallaorol ilmiy-tajriba stansiyasining;

Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati huzuridagi “Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” masʼuliyati cheklangan jamiyatining;

Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasining hamda Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanadi;

ye) hududiy agroxizmatlar markazlari binosiga joylashtirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hududiy boʻlinmalarining mutaxassislari faoliyati hududiy agroxizmatlar markazlari tomonidan muvofiqlashtiriladi;

j) qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari, muassasalari, ilmiy-tajriba stansiyalari va uchastkalari (keyingi oʻrinlarda – ilmiy-tadqiqot muassasalari), oliy taʼlim muassasalari hamda Milliy markaz va hududiy agroxizmatlar markazlari:

yer uchastkalarini maqbullashtirish, olib qoʻyish va ularning ixtisoslashuviga mos boʻlmagan ekinlarni joylashtirishga;

ilmiy xodimlarini ularning faoliyatiga xos boʻlmagan boshqa ishlarga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

  1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov) “Oʻzagrokimyohimoya” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi Milliy markaz tizimiga oʻtkazilayotgan “Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” masʼuliyati cheklangan jamiyati ustav kapitalidagi “Oʻzagrokimyohimoya” AJ ulushining balans qiymati hisobiga kamaytirilishini taʼminlasin.
  2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

a) hududiy agroxizmatlar markazlari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida, ularda xizmat koʻrsatishni tashkil etish uchun oylik maoshi va ustamalarni saqlab qolgan holda agrosanoat sohasiga xizmat koʻrsatuvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda ularning hududiy boʻlinmalari mutaxassislari jalb etiladi;

b) fan va taʼlimning uzviy integratsiyasini taʼminlash maqsadida:

tajriba-sinov tariqasida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalarining kafedra mudirlari bir vaqtning oʻzida tegishli taʼlim yoʻnalishi boʻyicha ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari hisoblanadi;

oliy taʼlim muassasalari kafedra mudirlariga hamda ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar va innovatsion ishlanmalar boʻyicha oʻrinbosariga taʼlim jarayonini ilm-fan bilan integratsiya qilgan holda tashkil etish vazifasi yuklatiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki hafta muddatda mazkur bandga asosan tajriba-sinov oʻtkaziladigan oliy taʼlim muassasalari kafedralari va ilmiy-tadqiqot institutlarini aniqlasin hamda
2021-yil 1-dekabrga qadar tajriba-sinov natijalari yuzasidan aniq takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

  1. Quyidagilar Milliy markaz va hududiy agroxizmatlar markazlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

belgilangan tartibda jalb etiladigan byudjetdan tashqari mablagʻlar, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

boʻsh turgan byudjetdan tashqari mablagʻlarni belgilangan tartibda tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qoʻyilsinki, Milliy markaz va hududiy boʻlinmalari hamda qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarini byudjet mablagʻlari hisobidan saqlash xarajatlari 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida idoraviy mansubligiga koʻra tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2022-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

  1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar:

hududiy agroxizmatlar markazlarini tashkil etishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida xususiy sektorning ishtirokini;

hududiy agroxizmatlar markazlarida xizmat koʻrsatishni tashkil etish uchun oylik maosh va ustamalarni saqlab qolgan holda tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, xizmat koʻrsatuvchi bank, sugʻurta va boshqa tashkilotlar hamda ularning hududiy boʻlinmalari mutaxassislari jalb etilishini;

xususiy mulkchilik asosida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tashkilotlar tomonidan qishloq xoʻjaligi konsalting xizmatlarini tashkil etish boʻyicha tashkiliy, moliyaviy hamda huquqiy jihatdan har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlasin.

  1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov), Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (F.K.Umarov) va Toshkent viloyati hokimligi (D.A.Xidoyatov) belgilangan tartibda quyidagilarni:

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanining A.Yassaviy mahallasi hududida joylashgan Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi “Agroinnovatsiya” davlat unitar korxonasiga tegishli barcha
mol-mulklarni operativ boshqaruv huquqi bilan hamda 10,7 gektar yer uchastkasini doimiy foydalanish huquqi bilan Milliy markazga;

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanining A.Yassaviy mahallasi hududida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi “Gʻoʻza urugʻchiligi markazi” davlat muassasasiga tegishli binoni operativ boshqaruv huquqi bilan Milliy markazga va 57,4 gektar yer uchastkasini doimiy foydalanish huquqi bilan Milliy markazning Toshkent viloyati agroxizmatlar markaziga oʻtkazib bersin.

  1. Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

qayta tashkil etilayotgan muassasalarning mol-mulki va pul mablagʻlarini oqilona taqsimlash maqsadida ularni xatlovdan oʻtkazishni;

mazkur qarorga muvofiq qayta tashkil etilayotgan muassasalarning moddiy-texnik bazasini yaratish, ular ishini samarali tashkil etish uchun zarur boʻlgan kompyuter texnikasi, aloqa vositalari bilan jihozlash tadbirlari tashkil qilinishini;

qayta tashkil etilayotgan muassasalarni, ularning hududiy boʻlinmalarini joylashtirish, shuningdek, ular faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etishni;

qayta tashkil etilayotgan muassasalarning shtat birliklarini tahlil qilgan holda ish hajmidan kelib chiqib, qayta taqsimlanishini hamda ularni shaffof tarzda oʻtkaziladigan tanlovlar asosida yuqori malakali, zamonaviy bilimga va dunyoqarashga ega kadrlar bilan toʻldirishni taʼminlasin.

  1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev):

2021-yil 1-aprelga qadar Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida Respublika agroxizmatlar, axborot maslahat (extension) markazini tashkil etish choralarini koʻrsin;

2021-yil may oyidan boshlab hududiy agroxizmatlar markazlarini bosqichma-bosqich tashkil etsin;

ikki hafta muddatda Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparatida Oʻquv yurtlari va malaka oshirish boʻlimi negizida 6 ta shtat birligidan iborat Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimini rivojlantirish boshqarmasini tashkil etsin. Bunda, qoʻshimcha 3 ta shtat birligi vazirlik tizimidagi mavjud boshqaruv xodimlari shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi;

bir oy muddatda Milliy markazning aniq hisob-kitoblariga asosan uning tizimidagi ilmiy muassasalarda tashkil etiladigan birlamchi laboratoriyalar, urugʻlikni saqlash, quritish omborxonalarini barpo etish, ularni qadoqlash va qayta ishlash uskunalari bilan jihozlashga “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida mablagʻ ajratish choralarini koʻrsin;

ikki oy muddatda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Milliy markaz va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tuzilmalarini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini kiritsin;

ikki oy muddatda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda uning hududiy agroxizmatlar markazlari toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ikki oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi ekinlarining nav mualliflari
va originatorlarini ragʻbatlantirish, urugʻchilik va koʻchatchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tartibga solish, urugʻlik va koʻchatlarni sertifikatlash tizimini joriy etish mexanizmini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

2022-yil yakuniga qadar Niderlandiyaning Vageningen, Buyuk Britaniyaning Bangor va boshqa xorijiy yetakchi ilmiy markazlar bilan maslahatlar oʻtkazgan holda Milliy markazning yuqori texnologiyalar asosidagi koʻp tarmoqli Ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etsin. Bunda, Ilmiy-tadqiqot markazida zamonaviy yuqori texnologiyali laboratoriya, yoʻnalishlar boʻyicha koʻrgazma maydonchalari, oʻsimliklar florasi milliy genbanki, ilmiy strategik tahlil markazi tashkil etiladi hamda har bir yoʻnalish boʻyicha xalqaro maslahatchilar guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

  1. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari hamda soha mutaxassislarini, birinchi navbatda, quyi tizimdagilarni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga xorijiy yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga uzoq va qisqa muddatli stajirovka, malaka oshirish va oʻqishga yuborish yuzasidan 2021-2022-yillarga moʻljallangan dasturni tasdiqlasin hamda ijroga qaratsin.
  2. Milliy markaz Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet koʻchasi, 2-uy manzilida joylashtirilsin.
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
  4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 6-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
  5. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A.Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.K.Koʻchimov) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
  6. Mazkur qarorning ijrosini tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M.Gʻaniyev, qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev, qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari – Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2021-yil 3-fevral