Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari kuni munosabati bilan “Men Gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi

    Sport 11 Yanvar 2024 1327

    Musobaqa “Humo Arena” start-finish maydonchasida boʻlib oʻtadi.

    14-yanvar kuni ikkita muhim davlat sanalari – Vatan himoyachilari kuni va mamlakatning Qurolli kuchlari tashkil etilganining 32-yilligini nishonlash kunida “Humo Arena” start-finish maydonchasida “Men Gʻolib” anʼanaviy qishki ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi.

    “Men Gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasi Oʻzbekistonda Yengil atletika federatsiyasi koʻmagida oʻtkazilayotgan ommaviy yugurish musobaqalarining navbatdagi seriyasi uchun debocha boʻladi. Sport musobaqasiga mamlakatning qurolli kuchlari vakillari, kuch ishlatish tuzilmalari xodimlari, professional sportchilar va havaskor yugurish klublarining ishtirokchilari qoʻshiladi

    Tadbir asosiy tashkilotchi – Yengil atletika federatsiyasi, bosh hamkor – “Oʻzbekneftgaz” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi qoshidagi Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent shahar hokimligi koʻmagida tashkil etiladi.

    Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va kuch ishlatish tuzilmalari orasida shosseli yugurish boʻyicha Oʻzbekiston chempionatini oʻtkazish doirasida harbiylar uchun ixtisoslashgan sport tadbiri sifatida qabul qilingan boʻlsa-da, “Men Gʻolib” musobaqasi oddiy yugurish havaskorlari orasida ham tobora ommaviylik qozonib bormoqda. Mana bir necha yildirki, “Men Gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasini tashkil etishga Andrey Kulikov rahbarligida yugurish va jismoniy tayyorgarlik maktabi ham qoʻshilmoqda.

    “Men Gʻolib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasini oʻtkazishning asosiy maqsadlari – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va kuch ishlatish tuzilmalarining vakillari orasida qoʻshimcha jismoniy faollikni oshirish va rivojlantirish, eng kuchli jamoalarni aniqlash va Oʻzbekiston harbiy-kuch tuzilmalarining jamiyatdagi maqomi va nufuzini oshirishga qaratilgan.

    14-yanvar kuni mingdan ziyod ishtirokchi “Men Gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasiga qoʻshiladi. Tadbir dasturiga 3 ta masofa kiritilgan: 3 va 10 km, hamda 1 km masofada “Family Run” (oilaviy ommaviy yugurish musobaqasi). havaskor yuguruvchilar shaxsiy musobaqalarda ishtirok etadi, idoraviy tuzilmalar uchun esa jamoaviy musobaqalar tashkil etiladi. Ommaviy yugurish musobaqasi kunida ishtirokchilarning yigʻilishi – 07:00 da boshlanadi, 08:00 da esa musobaqaga start beriladi.

    “Men Gʻolib” kubogi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Prezident xavfsizligi davlat xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining vakillaridan tashkil topgan 8 ta jamoa oʻrtasida oʻynaladi.

    Havaskor yuguruvchilar uchun 10-yanvargacha Prorun.uz saytida ochiq tarzda roʻyxatdan oʻtish – pullik imkoniyati mavjud boʻladi. 10 km, 3 km va “Family Run” masofalari uchun roʻyxatdan oʻtish qiymati 150 000 soʻmni tashkil qiladi. Ishtirokchilarning start paketlari 12-yanvar kuni, soat 10:00 dan 18:00 gacha Yengil atletika federatsiyasida, quyidagi manzilda beriladi: Islom Karimov koʻchasi, 98, moʻljal – “Paxtakor” stadioni.

    Ishtirokchining start paketiga quyidagilar kiradi:

    · Start koʻkrak nishoni (1 dona);

    · My Laps chipi;

    · baff;

    · futbolka;

    · 4 ta toʻgʻnogʻich

    Belgilangan vaqt limitida masofani yugurib oʻtgan barcha ishtirokchilarga “Men Gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasi uchun maxsus ishlab chiqilgan finishchi medallari topshiriladi.

    Sport tadbirini oʻtkazish shartlari bilan batafsil tanishib chiqish uchun Yengil atletika federatsiyasining saytida “Men Gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasining nizomi joylashtirilgan.