Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist E.Malikov, “Mahalla” teleradiokanali davlat muassasasi direktori I.Choriyev, “Gʻuncha” jurnali bosh muharriri D.Shomalikova, milliy mediamakonda jurnalistikaning oʻrni, Prezidentimiz tomonidan uning rivoj topishi yoʻlida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda tadbiring asosiy qahramoni boʻlgan S.Oʻrmonovning yaqindagina nashrdan chiqgan “Telejurnalist” kitobining maʼnaviy ahamiyati xususida soʻzga chiqdilar.

Inson qalbini munavvar qilishda kitoblarning oʻrni benihoya katta. Kitob odamzotning buyuk ixtirosi hisoblanadi. Uning kuchu-qudratini faqat quyoshgagina mengzash mumkin, deydi – Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov. – Shunday kitoblar borki, ularni oʻqiganing sari tafakkuring teranlashib, ongu shuuring musaffolashib, hayotga boʻlgan ishonching oshib boraveradi. Hayot yoʻllaringda beminnat hamrohingga aylangan asarni mutoalaa qilish barobarida oʻzing uchun eng muhim narsalarni kashf etasan odamiylikni, oddiylikni, halollik, ezgulik va yaxshilikni. Saodat Oʻrmonovaning kitobida esa aynan telejurnalistikaning kelajagi uchun muhim boʻlgan, yosh jurnalistlarga namuna boʻla oladigan voqea va hodisalar yoniq yurak, yuksak mahorat va xalqchillik bilan qalamga olinganki uni shunchaki oʻqib boʻlmaydi...

Darhaqiqat, Saodat Oʻrmonova oʻzbek telejurnalistikasi rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan tinib-tinchimas, iqtidorli ijodkorlardan hisoblanadi.

Jurnalistik faoliyatini Oʻzbekiston telekanalida boshladi va 1990-yillarda mashhur boʻlgan “Yoshlik videokanali”ning uch boshlovchisidan biri sifatida teletomoshabinlar tiliga tushdi. Shu bilan birga faoliyati davomida “Telejarida”, “Roʻzgʻor tashvishlari”, “Assalom, Oʻzbekiston” tonggi dasturi va “Qishloq haqida oʻylar”, “Qishloqdan maktublar”, “Koʻngil obodligi” kabi qator koʻrsatuvlari oʻz muxlislarini topdi va uni elga tanitdi.

“Telejurnalist” kitobini S.Oʻrmonovaning ana shu koʻp yillik sermashaqqat va ayni paytda mehr bilan yoʻgʻrilgan faoliyatining oʻziga xos sarhisobi deyish mumkin.

Tadbirda S.Oʻrmonovaga Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi guvohnomasi va koʻkrak nishoni topshirildi. Uning hayoti va ijodiga bagʻishlangan telelavha namoyish etildi. “Telejurnalist” kitobi taqdimoti oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bundan buyon jurnalist-ijodkorlar asarlarining taqdimotini muntazam oʻtkazib borishini maʼlum qiladi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi OʻZbekiston” muxbiri