Mamlakatimiz xalqaro miqyosdagi nufuzli uchrashuv — Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (WCC-APR)ning 38-Bosh Assambleyasiga mezbonlik qildi. Anjuman doirasida o'tkazilgan onlayn tadbirlar O'zbekiston Savdo-sanoat palatasida bo'lib o'tgan Boshqaruv Kengashning yig'ilishi bilan o'z ishini boshladi.
Unda jahon Hunarmandlar kengashi Prezidenti Rozi Grinliz, tashkilotning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Prezidenti doktor Gada Qaddumi hamda 30 dan ortiq mamlakatning 80 dan ziyod delegatlari ishtirok etdi. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda O'zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi vakillari mehmonlarni onlayn qarshi olib, mazkur xalqaro uchrashuv yurtimizda ikkinchi bor o'tkazilayotganidan mamnunligini bildirdi.
Tadbirning birinchi qismida Assambleya kun tartibidagi masalalar, tashkilotning 2019-2020 yillar davomidagi faoliyati, hunarmandchilik sohasini rivojlantirish dasturini tasdiqlash bo'yicha takliflar muhokama qilindi. Asosiy masala sifatida Boshqaruv Kengashining yangi Prezidentini saylash va tayinlash masalasi ko'rib chiqildi.
Yig'ilishning ikkinchi qismida esa delegatlar o'tkazilgan saylov natijalari asosida tashkilotning navbatdagi rahbarini saylash bo'yicha o'z qarorini e'lon qildi. Hay'at a'zolari va Assambleya ishtirokchilari bir ovozdan ushbu lavozimga O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov nomzodini tasdiqlab, Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 2021—2024 yillardagi Prezidentligini O'zbekistonga topshirishni rasman e'lon qildi. Nomzodlar orasida Xitoy va Malayziya davlatlari ham bor edi. Ammo nufuzli lavozimning hunarmandchilik an'analari asrlar davomida avloddan-avlodga o'tib, o'z holicha saqlab kelinayotgan O'zbekistonga berilishi mamlakatimiz hayotida haqiqatan tarixiy voqea bo'ldi.
— Yurtimiz 2019 yildan boshlab Jahon hunarmandlar kengashining to'laqonli a'zosiga aylangan bo'lsa, o'tgan qisqa vaqt ichida hunarmandchilikka katta e'tibor qaratayotgan davlat sifatida dunyo e'tiboriga tushdi, — dedi Adham Ikromov. — Bu albatta, o'z-o'zidan bo'lgani yo'q. Bunga zamin yaratgan birinchi tarixiy qaror Prezidentimizning 2017 yil avgust oyida tor doiradagi majlisda “Hunarmand” uyushmasi faoliyatini Savdo-sanoat palatasi qoshida yo'lga qo'yish, rivojlantirish bo'yicha bergan takliflari bo'ldi. Shundan so'ng mazkur uyushma tarixida yangi sahifa ochildi. Hunarmandlarga ko'plab imtiyozli kreditlar ajratilishi hisobiga oxirgi uch yilda hunarmandlarimiz soni ilk bor 5 barobarga oshdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil 10–15 sentyabr` kunlari Qo'qon shahrida ilk bor o'tkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivali bu yo'nalishda amalga oshirilgan yana bir ulkan muvaffaqiyat bo'ldi. Dunyoning 78 dan ortiq mamlakatidan eng mahoratli hunarmandlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan ushbu tadbirda jahon hamjamiyatining O'zbekistonga qiziqishi yanada ortdi. O'sha vaqtdayoq jahon Hunarmandlar kengashi Prezidenti Rozi Grinliz navbatdagi Assambleyani ikkinchi bor O'zbekistonda o'tkazish taklifini kiritdi va buni barcha a'zolar ma'qulladi. Mazkur festival Kengash prezidentligiga yurtimiz nomzodligining qo'yilishiga ham turtki berdi. Bu haqiqatan tarixiy voqea va biz bundan faxrlanamiz. Jamoamiz bilan birgalikda ushbu vazifa doirasida oldimizga bir qancha g'oyalarni amalga oshirish, nafaqat O'zbekiston, balki mintaqadagi davlatlarning milliy hunarmandchiligini targ'ib qilish, ularni dunyo bozorlariga faol olib chiqish, hunarmandchilikni yanada rivojlantirish uchun sharoitlar yaratib berish kabi ulkan maqsadlarni qo'yganmiz va bunga erishishimizga ishonaman.
Jahon hunarmandlar kengashi 1964 yil 12 iyunda AQSHning Kolumbiya universitetida bo'lib o'tgan xalqaro yig'ilishda madaniy hayotning muhim qismi sifatida hunarmandchilik maqomini saqlab qolish, mavqeini mustahkamlash, hunarmandlarni qo'llab quvvatlash va qo'l mehnatining yuksak namunasi bo'lgan ushbu kasbni jahonda keng targ'ib qilish maqsadida tashkil etilgan edi. Bugun mazkur xalqaro Kengash o'z atrofida 28 ta doimiy va boshqa o'nlab ishtirokchi davlatlarni birlashtirgani holda hunarmandchilik an'analarini targ'ib qilishga munosib hissa qo'shib kelmoqda.
Endilikda, xalqaro tashkilotning bosh ofisi o'z faoliyatini O'zbekistonda davom ettiradi. O'ziga topshirilgan vazifani qabul qilib olgan Adham Ikromov anjuman ishtirokchilariga tashakkurini bildirib, faoliyati davomida amalga oshirishni rejalashtirayotgan vazifalari bilan o'rtoqlashdi. Delegatlar Kengashning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo'yicha yangi saylangan Prezidentini samimiy qutlab, hamkorlikdagi ishlari samarali bo'lishiga ishonch bildirishdi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri