Oʻzbekiston-Shvetsiya: tibbiyot sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda

    Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullaridan iborat delegatsiya shu kunlarda Shvetsiyaning Stokgolm va Gyoteborg shaharlarida sogʻliqni saqlash boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Delegatsiya tarkibida Toshkent tibbiyot akademiyasining oʻquv ishlari prorektori Shuhrat Boymurodov ham bor.

    Ikki tomonlama manfaatli uchrashuvlar 27-aprelga qadar davom etadi. Xizmat safarining muhim jihatlari toʻgʻrisida professor Sh.Boymurodov bilan bogʻlanib, intervyu oldik.

    — Safarimizning birinchi kuni Stokgolm shahridagi Karolinska instituti rektori Annika Vernerson bilan uchrashdik. Muloqotimiz qizgʻin muzokara, taklif va mulohazalarga boy boʻldi, — deydi professor. — Uchrashuvda oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolashga kelishildi. Bizni mamnun etgani talabalar mobilligi, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy maqolalar chop ettirish hamda ilmiy darajali mutaxassislar va magistrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishdik.

    Ikkinchi kuni “Elekta” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdik. U dunyoga mashhur “gamma pichoqlari”ni ishlab chiqaradi. Bu uskuna jarrohlik amaliyotida organizmning chuqur qismida joylashgan oʻsimtalarni olib tashlashda ishlatiladi. Uchrashuvda “gamma pichogʻi” ishlab chiqaruvchi zavod faoliyati bilan tanishib, bu borada ham hamkorlik qilishga kelishildi. Ushbu pichoqlarning xavfsizligi, onkologiya va radiologiyada samarali foydalanish boʻyicha seminar-treningda ishtirok etdik.

    Safarning uchinchi kuni Stokgolm shahridagi “Getinge” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdik. Bu kompaniyasi COVID-19 paytida butun dunyoga sipan, nafas olish va narkoz apparatlarini yetkazib berishda yetakchilik qilgani barchaga maʼlum. Bugun ham innovatsion jarayonlar asosida sipan, narkoz yuroruvchi apparatlar, jarrohlik stollari ishlab chiqarishda ilgʻor loyihalarni ilgari surmoqda. Buyurtmalar soni kun sayin oʻsib borayotgan kompaniyada hatto 200-300 grammlik chaqaloqlar uchun sunʼiy nafas berish apparatlari ishlab chiqarilayotganidan hayratga tushdik.

    Bundan tashqari, oʻziyurar jarrohlik stoli, lampa va kameralar bilan jihozlangan, zamonaviy translyatsiyaga moslashtirilgan jarrohlik qurilmalari bizda qiziqish uygʻotdi. Zavod rahbariyati bilan muzokaralar jarayonida mana shu uskunalarni mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalariga olib kelib oʻrnatish boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan kelishuvga erishildi.

    Maʼlumot uchun: Karolinska instituti Shvetsiya tibbiyot taʼlimi sohasida Yevropadagi eng yirik taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, 1810-yilda tashkil etilgan. Ayni paytda mazkur oliygoh mashhur shved kimyogari va mineralogi Berzelius Jons Yakob, shifokor Gus Magnus, neyroxirurgiya kashfiyotchisi va tadqiqotchisi Gerbert Olivekruna, radiojarrohlik asoschisi Lars Leksell, taniqli radiolog Sven Ivar Seldinger bilan faxrlanadi.

    Dunyoga mashhur Nobel mukofotining fiziologiya va tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha sovrindorlarini baholashda aynan Karolinska institutining 50 dan ortiq professori ishtirok etib keladi, deyiladi Toshkent tibbiyot akademiyasi axborot xizmati xabarida.