Nashrlarda taʼkidlanishicha, soʻnggi besh yildagi islohotlar Oʻzbekiston taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi va “Yangi Oʻzbekiston” konsepsiyasi haqiqatga aylandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Maqolalar mualliflarining soʻzlariga koʻra, yangi strategiyaning yettita ustuvor yoʻnalishi mamlakatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, fuqarolar va etnik guruhlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, odamlarning maʼnaviy olamini yanada rivojlantirish, Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kam taʼminlangan aholini ijtimoiy muhofaza qilish, xalqaro maydonda mamlakatning obroʻ-eʼtiborini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Strategiyada, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari buzilishi, jumladan, qiynoqlarga qarshi kurashish, adolatni taʼminlash, odam savdosiga, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, gender tenglik, qonun ustuvorligi hamda inson huquqlariga hurmatni taʼminlash boʻyicha boshqa muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlagan.
“Mazkur saʼy-harakatlar Oʻzbekiston Konstitutsiyasining asosiy tamoyilini amalga oshirishda yangi turtki beradi. Mamlakat Bosh qomusining 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir”, deb qayd etilgan, — deyiladi nashrda. — Oʻzbekiston Prezidentining mamlakat kelajagini barpo etish boʻyicha Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida “davlat inson uchun” tamoyilining asosiy gʻoya sifatida ilgari surilishi ham bejiz emas”.
Materialda qayd etilishicha, Oʻzbekiston qiynoqlarning oldini olishning milliy mexanizmlari haqida maxsus qonun qabul qilish niyatida. Prezident Fuqarolik kodeksining yangi tahririni qabul qilish va adolatni taʼminlash tashabbusi bilan chiqdi. Hukumat inson huquqlari boʻyicha jamoatchilik xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratishga harakat qilmoqda. Bolalar huquqlari boʻyicha maxsus kurslar oʻtkazib kelinmoqda, jamiyatda ayollar rolini oshirish va ularga bepul yuridik maslahat koʻrsatish tizimi rivojlanmoqda.
“Oʻzbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiqligini tasdiqladi. Bu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi islohotlarning muvaffaqiyatiga xizmat qiladi. Fuqarolarning huquqlari va konstitutsiyaviy erkinliklariga hurmat bilan yondashish esa xalqaro maydonda Oʻzbekistonning ijobiy qiyofasini yanada mustahkamlaydi. Bundan tashqari, global fuqarolik jamiyatini, rivojlanayotgan iqtisodiyotni va siyosiy plyuralizmni qurishda aholining samarali salohiyatini ochishga yordam beradi”, — deb yozadi Italiya ommaviy axborot vositalari.