Bunday ijobiy munosabat, bir tomondan, Oʻzbekistonning davlatimiz rahbari belgilab bergan milliy taraqqiyot yoʻlidan ogʻishmay, dadil odimlayotganini tasdiqlasa, ikkinchi tomondan, xalqaro maydonda oʻrni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganiga yana bir yorqin dalildir.
Milliy qonundan xalqaro konvensiya sari
Birinchidan, 2021-yil 18-may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taklifiga binoan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilinganini taʼkidlash lozim.
Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlat mazkur rezolyutsiyada hammuallif sifatida ishtirok etgani eʼtirofga sazovor.
Ikkinchidan, Oliy Majlis Senatining 29-may kuni boʻlib oʻtgan majlisida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani (Nyu-York, 2006-yil 13-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonuni loyihasi muhokama etildi va tasdiqlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida bu haqda toʻxtalgandi. Davlatimiz rahbari yuksak minbardan turib, imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish masalalari boʻyicha mintaqaviy kengash tuzish taklifini xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola etar ekan, Oʻzbekistonda alohida ehtiyojga ega boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlagani bejiz emas.
Prezidentning qonunchilik tashabbusi: izchillik va samara
Oʻzbekiston hukumati BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini 2009-yil 27-fevralda imzolagan. Oʻshanda mamlakatimiz konvensiyani kelgusida ratifikatsiya qilishga ishonch bildirgan. Afsuski, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur boʻlgan ayni ratifikatsiya masalasi choʻzilib ketdi.
Shu maʼnoda keyingi yillarda bu boradagi amaliy ishlar shiddatli tus olgani diqqatga loyiq. Oʻzbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilishiga oid masala davlat rahbarining quyidagi dasturiy hujjatlarida:
birinchidan, “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida (2017-yil 1-dekabrda qabul qilingan);
ikkinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturida (2018-yil 5-maydagi farmon bilan tasdiqlangan);
uchinchidan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida (2020-yil 22-iyundagi farmon bilan tasdiqlangan);
toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 2021-yil 22-fevralda boʻlib oʻtgan 46-sessiyasidagi nutqida nazarda tutilgan.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va BMT xalqaro shartnomaviy organlari — Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qoʻmitasining, Irqiy kamsitishni tugatish boʻyicha qoʻmitaning yakuniy tavsiya va mulohazalarida Oʻzbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni takomillashtirish va targʻibot-tashviqot faoliyatini amalga oshirish bir necha marta tavsiya etilgan.
Bu orada 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan va 2008-yilda yangi tahriri tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunni takomillashtirish boʻyicha ish olib borildi. Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi asosida 2017-yilda “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha 2018-yil 20-iyul kuni umumxalq muhokamasi uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtirildi.
Bu qonun loyihasida, jumladan, BMT Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasining xalqaro standartlari va talablari, eng muhimi, asosiy falsafasini hisobga olish, shuningdek, “nogiron” soʻzi oʻrniga “nogironligi boʻlgan shaxs” atamasidan foydalanishga eʼtibor qaratildi.
Soʻngra 2020-yil 22-iyul kuni “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 2020-yil 11-sentyabr kuni Senat tomonidan maʼqullandi. Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-yil 15-oktyabr kuni imzolangach, uning 49-moddasiga muvofiq, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach, yaʼni 2021-yil 15-yanvar kuni kuchga kirdi.
Shu tariqa Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan dastavval bu borada alohida qonun qabul qilinishiga muvaffaq boʻlindi. Oʻz navbatida, davlatimiz rahbarining xalqaro tashabbusi doirasida Oʻzbekiston parlamenti Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda ijtimoiy adolat prinsipiga amal qilish, yordam va qoʻllab-quvvatlashga muhtoj, birinchi navbatda, jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga toʻlaqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy diqqat markazida turibdi.
Konvensiya — dunyodagi nogironligi boʻlgan shaxslar Konstitutsiyasi
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrda qabul qilingan va 2008-yil 3-mayda kuchga kirgan. 2021-yil fevral holatiga koʻra, BMTga aʼzo 192 davlatdan, 182 tasi ushbu konvensiyani ratifikatsiya qilgan.
Eʼtibor bering, BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi inson huquqlari toʻgʻrisida XXI asrda qabul qilingan birinchi shartnomadir.
Konvensiyada nogironlarning huquqlari va asosiy erkinliklari, xususan, ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, taʼlim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, siyosiy, ijtimoiy, madaniy hayotda, boʻsh vaqtni oʻtkazish, dam olish va sport bilan shugʻullanishda ishtirok etish, oʻzlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega boʻlish va ijtimoiy yordam huquqlari eʼtirof etilgan. Ushbu huquqlarni amalga oshirishning kafolatlari belgilangan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, dunyo aholisining 15 foizini nogironligi boʻlgan shaxslar tashkil qiladi, bugungi kunda ularning soni 1 milliardga yetgan.
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya 50 ta moddadan iborat boʻlib, dunyodagi nogironligi boʻlgan shaxslar holatini tahlil etish asosida qabul qilingan. Mazkur xalqaro-huquqiy hujjat insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati prinsiplarini oʻzida mujassamlashtirgani juda muhimdir.
Konvensiyaning asosiy gʻoyasi shundan iboratki, nogironligi boʻlgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
Konvensiyaning maqsadi 1-moddada bayon etilgan hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning tenglik asosida barcha inson huquqlarini toʻliq amalga oshirishlarini ragʻbatlantirish, himoya qilish va taʼminlashdan iboratdir. U foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek, tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.
Konvensiyaning 4-moddasida nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash, ragʻbatlantirish va himoya qilish boʻyicha umumiy majburiyatlar belgilangan. Xususan, konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladi:
- nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini amalga oshirish uchun barcha zarur qonuniy, maʼmuriy-tashkiliy va boshqa choralarni koʻrish;
- nogironligi boʻlganlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni oʻzgartirish yoki bekor qilish;
- barcha strategiyalar va dasturlarda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishni hisobga olish, konvensiyaga toʻgʻri kelmaydigan har qanday harakatlar yoki usullardan tiyilish;
- har qanday shaxs, tashkilot yoki xususiy korxona tomonidan nogironlik belgisi boʻyicha kamsitishni bartaraf etish uchun zarur choralarni koʻrish;
- nogironligi boʻlgan shaxslarning aniq ehtiyojlari uchun moslashtirish, tovarlar, xizmatlar, jihozlar va universal dizayn obyektlarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki ragʻbatlantirish;
- konvensiyada kafolatlangan yordam va xizmatlarni taqdim etishni takomillashtirish uchun mutaxassislar va nogironligi boʻlgan shaxslar bilan ish olib boradigan personalni ushbu eʼtirof etilgan huquqlarga oʻqitishni ragʻbatlantirish.
Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda ustuvor subyektlar sifatida nogironligi boʻlgan ayollar (6-modda) va nogironligi boʻlgan bolalar (7-modda) ajratib koʻrsatilgan.
Konvensiya qoidalari bajarilishini monitoring qiluvchi, ishtirok etuvchi davlatlarning maʼruzalarini koʻrib chiqishga vakolatli hamda ushbu maʼruzalar boʻyicha takliflar va umumiy tavsiyalar beruvchi organ — BMTning Nogironlar huquqlari boʻyicha qoʻmitasi (18 kishidan iborat) tashkil etilgan.
Aʼzo davlatlar dastlabki milliy maʼruzani konvensiya ratifikatsiya qilinganidan soʻng 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta taqdim etishi belgilangan.
Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning yuridik asoslari
Mamlakatimizning nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri nogironligi boʻlgan shaxslarga Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari hamda prinsiplari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni taʼminlash hisoblanadi.
Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan 760 mingdan ziyod shaxs istiqomat qiladi. Ular ijtimoiy himoya va qoʻllab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olingan.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi qarori bilan Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. Ushbu hujjatga asosan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash boʻyicha davlat xizmatlari 2021-yil 1-avgustdan boshlab koʻrsatiladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi qarori bilan hukumat huzurida doimiy faoliyat yurituvchi Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash tashkil qilindi. Idoralararo kengashning asosiy vazifalari:
- nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻligʻini tiklash, ularni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va huquqlarini taʼminlashga doir davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
- nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishi, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, mehnat qilishi va bandligiga koʻmaklashish;
- nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida toʻla huquqli tarzda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etishdan iborat.
Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat boʻlishidan qatʼi nazar, insonni, shu jumladan, nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik prinsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik koʻrsatayotgani juda muhim.
Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ular orasida Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston nogironlar jamoat fondi, Oʻzbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi, Oʻzbekistondagi falaj nogiron bolalar va oʻsmirlarga yordam berish “Umr” jamoatchilik markazi, “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasi, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston karlar jamiyati kabi NNTlar bor. Ushbu nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillari konvensiyani ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash hamda himoya qilish masalalari bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasining 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjati bilan tartibga solinmoqda. Bu oʻrinda Konstitutsiya, 40 dan ortiq qonun va 160 dan ortiq qonunosti hujjat koʻzda tutilgan.
Jumladan, Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari Konstitutsiya, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi qonunlar va Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini tartibga soluvchi milliy qonunchilik:
- nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi barcha huquqlarini tartibga soluvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonuni, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar;
- sogʻliqni saqlash va tibbiy xizmat koʻrsatish;
- bandlik masalalari;
- jismoniy tarbiya, sport va dam olish; ijtimoiy obyektlar va xizmatlar, transport, aloqa va axborot vositalaridan foydalanish;
- odil sudlov;
- davlat va jamoat ishlarida ishtirok etish;
- nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kabi normalardan tashkil topgan.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi nogironligi boʻlgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning taʼlim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, oʻzi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega boʻlishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.
Konvensiyani ratifikatsiya qilishda 3 ta manba: milliy qonunchilik, xorijiy yuridik amaliyot va ushbu konvensiyaning oʻziga tayanildi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Rossiya, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasi chuqur oʻrganildi.
Xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya kabi yetakchi xorijiy davlatlar Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan holda, tegishli milliy qonunlarini ham qabul qilgan. Bu qonunlarning barchasi mazmunan oʻxshash boʻlib, konvensiya talablari negizida ishlab chiqilgan.
Eʼtiborli tomoni shundaki, GFRda nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan bir qancha qonunlar mavjud. Jumladan, “Jamiyatda, ishda va kasbiy sohada nogironlarning huquqlarini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun shular sirasiga kiradi.
Oʻzbekistonning bu boradagi huquqiy amaliyotiga kelsak, qonun ijodkorligida ilk bor noyob tajriba qoʻllanildi. Yaʼni xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.
Eng asosiysi, konvensiyani ratifikatsiya qilish natijasida:
birinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimi xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashadi;
ikkinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkoni kengayadi;
uchinchidan, aholini ijtimoiy himoya qilishdagi mamlakatimizning ijobiy xalqaro imiji yana-da yaxshilanadi.
Akmal SAIDOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori