“Oʻzbekiston temir yoʻllari” ishchilarini majburiy-ixtiyoriy ravishda toʻlanmaydigan taʼtilga chiqarilayotgani rostmi?

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan ishchilarni majburiy-ixtiyoriy ravishda toʻlanmaydigan taʼtilga chiqarilayotganligi haqidagi maʼlumot tarqaldi.

    Ushbu xabar notoʻgʻri talqin qilinib, turli eʼtirozlarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.

    Kompaniyaning taʼkidlashicha, ish haqi toʻlanmaydigan taʼtillar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 241-moddasida oʻrnatilgan tartibda ishlab kelinmoqda. Bugungi kunda Jamiyatda ishchi xodimlar ixtiyoriy-majburiy ravishda toʻlanmaydigan taʼtilga chiqarilish holatlari mavjud emas.

    Hozirgi kunda, mazkur masala yuzasidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibiy korxonalari rahbar xodimlari bilan tegishli tushuntiruv ishlari olib borilmoqda.

    Bugungi kunda Jamiyatning iqtisodiy-moliyaviy faoliyatida taqchillik kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan maqsadsiz yoʻnaltirilayotgan xarajatlarni maqbullashtirish choralari koʻrib kelinmoqda.

    Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-329-sonli Qaroriga muvofiq temir yoʻl sohasida transformatsiya, raqamlashtirish, yoʻlovchi va yuk tashishda xavfsiz va sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlash, barqaror investitsiya muhitini yaratish, harakat tartibini yangilash va moliyaviy holatni mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilangan boʻlib, buning natijasida Jamiyatning iqtisodiy moliyaviy holati yaxshilanishi kutilmoqda.