Mana shu qizgʻin va shukuhli jarayondagi izchil oʻzgarishlarning bir qismi sogʻliqni saqlash sohasi bilan ham chambarchas bogʻliq. Chunki rivojlangan, zamonaviy tibbiyotsiz sogʻlom millat va xalqni, har jihatdan raso va toʻkis genofondni tasavvur qilib boʻlmaydi. Biz intilayotgan yangi uygʻonish davriga esa oʻtkir tafakkur, sogʻlom aql, barkamol vujud orqali yetib boriladi.
2025-yil tibbiyot sohasidagi qizgʻin tashabbus va saʼy-harakatlar yili sifatida ham tarixga muhrlanmoqda. Xususan, shu yil 7-may kuni Prezidentimiz raisligida tibbiyotning birlamchi boʻgʻini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini oshirish, dori isteʼmolini tartibga solish hamda tibbiy taʼlimni takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda aholi salomatligini saqlash va mustahkamlashga doir hal qiluvchi vazifalar belgilandi.
Jumladan, “Tibbiyotda 90 kunlik oʻzgarishlar” dasturi boshlanishi eʼlon qilindi. Mana shu tashabbus doirasida qator salmoqli natijalarga erishildi. Tizimni raqamlashtirish jarayonini davom ettirish, birlamchi boʻgʻinni aholiga yaqinlashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish kabi yoʻnalishlarda qilingan ishlar katta maqsadlar yoʻlida mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi.
Bu jarayonda davlat tibbiyot muassasalari bilan birga xususiy klinikalar ham faol ishtirok etdi. Chunki maqsad mushtarak va yagona — xalqimizning salomatligini saqlash, kasalliklarning oldini olish va samarali davolash orqali sifatli turmush darajasini taʼminlash. Mana shu maqsad yoʻlidagi saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq Janubiy Koreya tajribasiga asoslangan, bemorni boshdan-oyoq tekshiruvdan oʻtkazishni nazarda tutuvchi zamonaviy davolash-profilaktika tizimini ishga tushirdik. Odatda tirikchilik vaji tufayli ayrim yurtdoshlarimizning sogʻligʻiga eʼtibor bermagani, kasallikning oxirgi bosqichidagina shifokorga murojaat etganini tanqid qilamiz. Menimcha, bu xalqimizning chidamlilik, sabr-bardosh va matonat tuygʻulari bilan bogʻliq.
Azaldan bobo-momolarimiz biror joyi ogʻrisa, darrov yotib olishni oʻziga lozim koʻrmagan. Farzandlarining salomatligi, bekam-koʻst voyaga yetishi haqida qaygʻurgan. Bola-chaqasi uyli-joyli boʻlgach esa ularga iqtisodiy jihatdan ogʻiri tushishini istamagan. Hozir xalqimizning iqtisodiy holati ancha barqaror. Farzandlar ham ota-onalarining salomatligi, uzoq yashashi haqida qaygʻurmoqda. Biz ishga tushirgan yangi tekshiruv-profilaktika tizimi mana shunday yurtdoshlarimizning talab va istaklari hosilasidir. Qolaversa, bu davlatimiz yuritayotgan siyosat nechogʻliq toʻgʻri va adolatli ekanini koʻrsatadi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10-noyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan oʻtkazgan uchrashuvi sogʻliqni saqlash sohasida avval berilgan topshiriqlar ijrosini koʻrib chiqish, erishilgan natijalarni mustahkamlash va aniqlangan kamchiliklarni hal qilishning samarali usullarini yoʻlga qoʻyish borasida navbatdagi salmoqli qadam boʻldi.
Prezidentimiz sogʻliqni saqlash sohasidagi yangilanish va oʻsish koʻrsatkichlari xususida toʻxtalar ekan, faoliyatimizga aloqador hamda bizni ruhlantiradigan muhim jihatni — tibbiyotda xususiy sektor ulushi ortib borayotganini alohida qayd etdi. Jumladan, soʻnggi sakkiz yilda xususiy klinika va laboratoriyalar soni 3 karra koʻpayib, 9000 ga, ulardagi shifo oʻrinlari 57 mingga, shuningdek, ular koʻrsatayotgan tibbiy xizmat turlari esa 50 tadan qariyb 130 taga yetgani taʼkidlandi.
Bugun xususiy klinikalar davlat shifoxonalari bilan tengma-teng turib, ayrim yuqori texnologik xizmatlar boʻyicha oldinga ham oʻtib ketgani, masalan, jarrohlikda robot texnologiyalari ham birinchilardan boʻlib xususiy sektorda qoʻllangani eʼtirof etildi. Hatto xususiy klinikalarning zamonaviy apparatlarni samarali ishlatish tajribasini oʻrganish kerakligi qayd etildi. Bu eʼtirof ishlarimiz besamar ketmayotgani, yurtdoshlarimiz salomatligini saqlash va mustahkamlashga intilishimiz davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganining ifodasidir.
Davlatimiz rahbari qaysi soha rivoji haqida soʻz yuritmasin, unda oʻtkazilayotgan islohotlar markaziga xalqni rozi qilish masalasini qoʻyadi. Jumladan, mazkur yigʻilishda ham Prezidentimiz masalaning shu jihatiga urgʻu berarkan, bunday dedi: “Bugun odamlarning hayotga munosabati ham, talab va ehtiyojlari, dunyoqarashi ham tubdan oʻzgardi.
Bu boshqa sohalar qatori tibbiyotda ham sifatni oshirish, zamonaviy yondashuvlar olib kirish boʻyicha oldimizga yangi vazifalarni qoʻymoqda. Shu bois, tibbiyotda xalqning bahosini eshitadigan tizimni joriy qilamiz”.
Haqiqatan ham shunday: bugun odamlarning tibbiy xizmatga munosabati, talabi mutlaqo boshqacha. Eng ilgʻor va zamonaviy muolaja xizmatlaridan foydalanishni istaydi. Bu esa barcha turdagi tibbiyot muassasalari jamoasidan ilm-fan yutuqlari bilan hamnafas va hamqadam boʻlish, davolashning eng samarali uslub va texnologiyalarini oʻrganish va amaliyotga joriy etish, zamonaviy tekshiruv, tahlil qilish va tashxislash jihozlarini qoʻllashni talab etadi. Busiz hech qaysi klinikaning faoliyati rivojlanmaydi va aholining tibbiy xizmatlarga talabini qanoatlantira olmaydi. Chunki ayni paytda sohadagi raqobat nihoyatda qizgʻin.
Mamlakatimizda tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan yuksak eʼtibor, berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli klinikalar faoliyatiga har kuni yangilik kirib kelyapti. Davolashning yangidan-yangi usullarini yoʻlga qoʻyyapti. Mijozlar ishonchini qozonishga qaratilgan muttasil saʼy-harakatlar soha rivojlanishiga ijobiy taʼsir etyapti.
Prezidentimiz hozir tibbiy xizmatlarning 30 foizi xususiy sektor tomonidan koʻrsatilayotgani, ilgʻor tashabbuslar ham ulardan chiqayotganini taʼkidlab, xususiy sheriklikni kengaytirish boʻyicha barcha takliflarni koʻrib chiqishga tayyorligini bildirgani xususiy klinikalar faoliyatiga mutlaqo boshqacha stimul beradi.
Yigʻilishda xususiy tibbiyot klinikalarida koʻrsatilayotgan xizmat narxlari arzon ekani, kelgusida ham tibbiyotda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va ularga qoʻshimcha sharoitlarni yaratish davom ettirilishi taʼkidlandi. Xususan, kelgusi yildan tibbiy uskuna, jihoz va tez yordam mashinalarini olib kirish boʻyicha imtiyoz 3 yilga uzaytiriladigan boʻldi. Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismini qaytarish boʻyicha berilgan imtiyoz xususiy tibbiyot tashkilotlariga ham qoʻllanadi.
Zamonaviy koʻp tarmoqli klinikalarni tashkil qilish va ularni jihozlash uchun tadbirkorlarga 200 million dollarlik imtiyozli resurs ajratiladi. Bu mablagʻ kelgusi yildan boshlab tadbirkorlarga 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 17 foiz stavkada beriladi. Bu imtiyozlar nihoyatda katta qoʻllab-quvvatlov. Ularning ahamiyatini xususiy klinika rahbari sifatida men va boshqa hamkasblarim juda yaxshi bilamiz.
Davlat nimaning hisobidan imtiyoz beradi? Albatta, oʻz manfaati, daromad manbaini boy berish evaziga. Bu Oʻzbekiston oʻz xalqining salomatligi, tansihatligi uchun hamma narsaga tayyor ekaniga yaqqol dalildir. Uchrashuvda Prezidentimiz aytgan otashin jumlalar yuragimda muhrlanib qoldi: “Men shifokor egnidagi oq libosni nafaqat kasb belgisi, balki Vatanga cheksiz sadoqat ramzi deb bilaman”.
Oq rang — poklik, musaffolik, halollik, rahmdillik, mehr-shafqat belgisi. Demak, egniga tibbiyot xodimi libosini kiygan inson mana shu fazilatlar qatori Vatanga, xalqqa, Prezidentga sadoqatni ham zimmasiga olgan boʻladi. Biz jamoamizga professional, shu bilan birga, egnidagi libosga munosib xodimlarni qabul qilishga alohida eʼtibor qaratamiz. Chunki shifokor, umuman, tibbiyot nafaqat shifo ulashuvchi, bemorlar dardiga darmon boʻluvchi yuksak malakali mutaxassis, balki shirinsuxan, xushmuomala, inson qadrini birinchi oʻringa qoʻyuvchi mehr-shafqat sohibi boʻlishi ham shart. Oʻzim guvohi boʻlgan bir misolni aytib bermoqchiman. Yaqin tariximizda atrofimizdagi davlatlarda shifokor boʻlib ishlayotgan yurtdoshlarimizning mijozi koʻp boʻlgan. Xususiy klinika rahbari buning sababiga qiziqib qolgan. Chunki shifoxonadagi boshqa mutaxassislar ham yuqori malakali, hatto tajribali ham. Shunda bemorlar orasida soʻrovnoma oʻtkaziladi. Natijaga qarang: kelgan xastalarga oʻzbek shifokorining xushmuomalaligi, shirinsuxanligi maʼqul boʻlgan ekan. Kasal odamning koʻngli nihoyatda nozik boʻladi, sal narsani ham yuragiga yaqin oladi. Buni yaxshi bilgan va amal qilgan shifokorning ishi ikki karra oson bitadi: mijozi unga ishonadi va xastalikni tez yengadi. Hamkasblarim bilan muloqotda mana shu haqiqatni doim uqtiraman.
Ayni paytda mamlakatimizning qoʻshni davlatlar bilan yaqin aloqalari kun sayin mustahkamlanib, doʻstona siyosat samarasi yurtimizdagi klinikalarga kelayotgan mijozlar sonida ham yaqqol koʻrinmoqda. Birgina bizning klinikaga 2023-yili qoʻshni davlatlardan 1861 ta, boshqa xorijiy mamlakatlardan 625 ta murojaat boʻlgan. Joriy yilda bu koʻrsatkich mos ravishda 2328 va 863 tani tashkil etdi. Bu nafaqat bizga, balki oʻzbek tibbiyotiga bildirilayotgan ishonch belgisi. Uni oqlash uchun yanada koʻp va ilmga tayanib, mehnat qilishimiz, oʻqib izlanishimiz, zamonaviy meditsina yutuqlarini faoliyatimizga tatbiq etib borishimiz shart. Mamlakatimizni mintaqaning tibbiyot xabiga aylantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar surʼati bizdan shuni talab qilmoqda.
Husniddinxoʻja HOMIDXOʻJAYEV,
“DAVO” klinikasi rahbari