– Janob Mehmet Erol, taʼbir joiz boʼlsa, Oʼzbekiston va Turkiya oʼrtasidagi doʼstona munosabatlarni yangi bosqichda, koʼtarinki ruhda davom ettirish davri boshlanmoqda. Kuni kecha Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʼanning bizning yurtga tashrifi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doʼstlik ruhidagi qarashlari ham shundan dalolat beradi. Shu maʼnoda, suhbatimizni Oʼzbekistonning yangi taraqqiyot bosqichidan boshlasak. 2022-2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi islohotlarni amalga oshirishda qanchalik muhim, deb oʼylaysiz?

– Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi keng jamoatchilik muhokamasidan oʼtkazilib, oʼzbek xalqi va oʼzbek davlati ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Hujjatdan koʼzlangan asosiy maqsad, bu – “daromadi oʼrtachadan yuqori boʼlgan davlatlar” qatoriga kirish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish va kerakli mexanizmlarni faollashtirishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, mazkur hujjatni yangi Oʼzbekistonning keyingi besh yilga moʼljallangan "Yoʼl xaritasi desak, aslo mubolagʼa boʼlmaydi. Bir narsani tan olish kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyev oʼz lavozimiga kirishishi hamonoq Oʼzbekiston dunyo bilan konstruktiv aloqalarni oʼrnatdi. Bu esa, oʼz navbatida, mamlakatning iqtisodiy hayotida shiddatli burilish yasadi. Chunki Oʼzbekiston iqtisodiyotni liberallashtirish jarayonlarini ragʼbatlantirmoqda, xususiylashtirish bosqichi izchillik bilan amalga oshirilib, monopoliyaga qarshi kurashmoqda va natijada mamlakatda raqobatbardosh erkin bozor tartibi barpo etilyapti.

Shubhasiz, ushbu islohotlar  Oʼzbekistonga investitsiyalar oqimini tezlashtiradi. Sarmoyalar hisobiga aholining bandligi taʼminlanadi, ishsizlik darajasi kamayadi.

Bundan tashqari, narxlarda yuzaga kelgan barqarorlik inflyatsiyaning pasayishiga olib keladi. Bunday holatda oʼzbek xalqining xarid qobiliyati oshadi. Oʼzbekistonda inflyatsiya darajasi 2017-yilning dekabrь oyida 18,8 foizni tashkil etgan boʼlsa, 2021-yilning dekabr oyidayoq 10 foizga tushdi. Shu bilan bir qatorda, 2023-yilning dekabr oyigacha inflyatsiyani 5 foizga tushirish maqsad qilingan. Bu, shubhasiz, Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan qatʼiy qadamlarning samarali natijasidir.

Taraqqiyot strategiyasi doirasida Oʼzbekistonda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot besh yil ichida 1,6 barobar oshishi koʼzda tutilgan. Shuningdek, 2030-yilga borib, aholi jon boshiga daromadni 4 ming dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu maqsadlarga erishish uchun barcha tarmoqlarda, xususan, sanoat, mashinasozlik, togʼ-kon sanoati, qishloq xoʼjaligi, energetika sohalarida yuqori oʼsish surʼatlariga erishish belgilangan.

Darhaqiqat, 2022-2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish doirasida amalga oshirilishi lozim boʼlgan islohotlarning maqsadli vazifalari belgilab berilgan. Bu, yangi Oʼzbekistonni barpo etish jarayonida qoʼllanilishi kerak boʼlgan strategiyadir.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʼzbekistonda energetika, kimyo va farmatsevtika sanoatlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, mebelsozlik, turizm kabi tarmoqlarni kengaytirish boʼyicha amalga oshiriladigan islohotlar Taraqqiyot strategiyas ida belgilab berilgan yoʼnalishga mos keladi. Shuningdek, strategiyada Oʼzbekiston qishloq xoʼjaligi va chorvachilik siyosatida oʼzini oʼzi taʼminlashi koʼzda tutilgan. Demak, kelajakda yurtingiz oziq-ovqat xavfsizligi toʼliq taʼminlangan davlatga aylanadi. Bu umr koʼrish davomiyligini oshirish va sogʼlom jamiyat barpo etish demakdir.

Bularning barchasiga erishish uchun boshqaruvda shaffoflik, qonun ustuvorligi tamoyili hukmron boʼlishi maqsad qilingan. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan yangi Oʼzbekiston zamirida aynan shu maqsadlar jam boʼlgan.

Dunyoning nufuzli davlatlaridan biriga aylanishni maqsad qilgan Oʼzbekiston farovon jamiyat barpo etish uchun iqtisodiyotni liberallashtirish jarayoniga katta eʼtibor qaratmoqda. Bu Oʼzbekiston hukumatining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʼlish borasidagi saʼy-harakatlarida ham yaqqol koʼzga tashlanayotir.

Bugun Oʼzbekistonning “Uchinchi  Renessans davri” oʼzbek xalqi manfaatlari ustuvor boʼlgan, farovon jamiyat qurishga intiluvchi oqilona strategiyaga asoslanadi. Bu strategiya hamda unda belgilangan “Yoʼl xaritasi” jiddiy islohotlar qatʼiylik bilan amalga oshishini taʼminlaydi.

– Yangi Oʼzbekiston Taraqqiyot strategiyasining qaysi jihatlarini xalqaro munosabatlar nuqtai nazaridan eng ahamiyatlisi, deb hisoblaysiz? 

– Bu yerda bir narsani taʼkidlab oʼtish joiz, Oʼzbekistonning iqtisodiyotni liberallashtirish borasida olib borayotgan siyosati uning tashqi siyosati bilan chambarchas bogʼliq. Shavkat Mirziyoyev oʼz lavozimiga kirishganidan buyon Oʼzbekiston xalqaro munosabatlarda oʼzining tinchliksevar pozitsiyasiga alohida ahamiyat qaratdi. Shu bilan birgalikda, oʼzaro manfaatli hamkorlik siyosati orqali har bir davlat uchun nufuzli va salohiyatli hamkorga aylana oldi.

Hozirda Аfgʼonistondagi voqealar rivoji asnosida koʼplab davlatlar oʼz milliy manfaatlariga erishish yoʼlida katta siyosat olib bormoqda. Oʼzbekiston esa, koʼproq xalq diplomatiyasiga ustuvorlik qaratmoqda. Bu yondashuv Аfgʼonistonni xalqaro hamjamiyatdan ajratib qoʼyishdan koʼra, uni mintaqaviy jarayonlarga jalb etishga undamoqda.

Shu oʼrinda, Oʼzbekistonning 2017–2021-yillar davomida ilgari surib kelgan Markaziy va Janubiy Osiyo oʼrtasida mintaqaviy hamkorlikka  xizmat qiluvchi bir qator tashabbuslarini ham taʼkidlab oʼtish joiz. Jumladan, Markaziy Osiyodan Hind okeani portlariga chiqadigan transafgʼon transport koridorlari (“Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” hamda “Mozori-Sharif – Hirot” temir yoʼllari), “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish tarmogʼi, Termiz xalqaro savdo markazi, Oʼzbekiston va Аfgʼoniston chegaraoldi erkin iqtisodiy zonalari barpo etish kabi yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi nafaqat mamlakat konstruktiv diplomatiyasining yutugʼi, balki Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʼra biladigan rahbar ekanidan ham dalolatdir.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo boʼlgan Oʼzbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga ham oʼz hissasini qoʼsha boshladi. Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Gʼarb bilan munosabatlarini rivojlantirmoqda. Oʼzbekistonning koʼp vektorli tashqi siyosati mamlakatni sarmoyadorlar uchun jozibador qilish imkonini bermoqda. Umuman olganda, Oʼzbekistonning tashqi siyosati mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish maqsadlariga xizmat qilyapti.

Oʼzbekiston davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi asnosida xalqaro hamjamiyat eʼtirofiga sazovor boʼlmoqda. Bu bevosita Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasida erishilishi koʼzda tutilgan iqtisodiy natijalar bilan ham chambarchas bogʼliq. Zero, Oʼzbekiston hukumati tashqi siyosatda shakllangan munosabatlarni sarmoyaga aylantiradi va bu bosqichma-bosqich mamlakat orzusini roʼyobga chiqaradi.

Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Turkiya – Yevropa orqali Xitoy, Rossiya, Turk dunyosi davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama aloqalarini rivojlantirgan Oʼzbekist on “Oʼrta koridor” orqali Gʼarbga yoʼl ochadi. Chunki Oʼzbekistonning  taraqqiyot strategiyasida barcha davlatlar bilan hamkorlik qilish, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvga katta ahamiyat berilgan.

Nazarimda, 2022-2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi Turkiyaning taraqqiyot reja va istiqbollari bilan juda oʼxshash. Shu maʼnoda, har ikki davlat ham oʼz xalqining tinch va farovon turmushi uchun xizmat qilishni, jahon iqtisodiyotining qudratli dastagiga aylanishni maqsad qilgan.

– 2022-2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi Oʼzbekiston va Turkiya oʼrtasidagi munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga hissa qoʼshadimi? Bu borada ham oʼz fikringizni bildirsangiz.

– Shavkat Mirziyoyevning Prezident etib saylanishi Turkiya va Oʼzbekiston munosabatlarida muhim voqea boʼldi, desam aslo mubolagʼa boʼlmaydi. Mamlakatlarimiz hamkorligi, ayniqsa, soʼnggi besh yilda ancha jonlandi. Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktyabrda Turkiyaga hamda Rejep Tayyip Erdogʼanning 2018-yil aprelda Oʼzbekistonga davlat tashriflari oʼzaro siyosiy ishonchni mustahkamlab, samarali hamkorlikka keng yoʼl ochdi.

Shu oʼrinda taʼkidlash joizki, oliy darajadagi Oʼzbekiston – Turkiya strategik sheriklik kengashining tashkil etilishi ikki davlat oʼrtasidagi yaqin hamkorlikning yanada mustahkamlanishida muhim rolь oʼynadi. Аlbatta, bu oʼzgarishlarda Prezident  Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta. Zero,  Oʼzbekiston rahbari 2020-yilda Turkiyaga tashrifi chogʼida bunday degan edi:

“Soʼnggi ikki yilda amalga oshirgan ishlarimiz kelajakda tarixning zarhal sahifalariga muhrlanishiga ishonchimiz komil. Bugun boʼlib oʼtgan oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashining birinchi yigʼilishi doʼstona munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochdi”.

Ha, taʼkidlash joizki, bu kengash ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi muloqot formatidir. U 2018 yilda davlat rahbarlarining Qoʼshma bayonotiga muvofiq tuzilgan.

2021-yilda Prezident Shavkat  Mirziyoev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Turkiyaga tashrif buyurdi. Tashrif chogʼida Oʼzbekiston rahbari quyidagi fikrlarni bildirib oʼtdi:

“...Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, Oʼzbekistonning qardosh davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasi ikki baravar koʼpaydi. Qolaversa, koʼrsatkichlar bugungi salohiyatimizga mutlaqo munosib emas, desak xato boʼlmaydi... Аʼzo mamlakatlarda, xususan, Turkiyada bu sohada toʼplangan tajribani hisobga olib, “aqlli shaharlar”ni qurish va innovatsiyalarni rivojlantirish boʼyicha taj riba almashish uchun ekspertlar va IT-mutaxassislar uchun  doimiy platforma yaratish muhim ahamiyatga ega...”.

Mana, kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʼan rasmiy tashrif bilan Oʼzbekistonda boʼldi. Tashrif doirasida oliy darajadagi Oʼzbekiston – Turkiya strategik sheriklik kengashining ikkinchi yigʼilishida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Izchil muloqotlar va mushtarak intilishlar natijasi hamkorlik rivojida yaqqol namoyon boʼlmoqda. Masalan, keyingi yillarda oʼzaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga oʼsib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda Oʼzbekistonda Turkiya investitsiyasi ishtirokida 1500 dan ziyod korxona faoliyat yuritib, 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Eʼtirof etish kerakki, bu jarayonlar Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida ham izchil davom etadi. Hozirgi kunda Oʼzbekiston Turkiyaga mis, plita, rux, neftь moylari, oʼgʼit, konserva mahsulotlari, oltin, qoʼrgʼoshin, ipak eksport qilmoqda. Turkiyadan esa dori-darmon, treyler, plastmassa buyumlar, tozalash vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash mashinalari import qilinmoqda.

Bugun Oʼzbekiston hukumati iqtisodiyotni rivojlantirish yoʼlida bor imkoniyatlaridan samarali foydalanishga bel bogʼlagan. Shu nuqtai nazardan, u 2022-2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida “Yoʼl xaritasi”ni yaratishga muvaffaq boʼldi. Bu, oʼz navbatida, Oʼzbekistonda turkiyalik sarmoyadorlar sonining oshishiga turtki boʼlishi shubhasiz.

Bu borada bizda ham katta ragʼbat bor. Umuman olganda, Turkiya oʼz tadbirkorlarining Oʼzbekistonga investitsiya kiritishini hamisha qoʼllab-quvvatlab kelgan. Zero, Oʼzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʼrtasidagi oʼzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish strategik muhim ahamiyatga ega ekanini unutmasligimiz zarur.


“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʼlim boshligʼi Аnvar Sherov suhbatlashdi.

“Yangi Oʼzbekiston” gazetasi № 65 (587), 2022-yil 1-aprel.