Oʻzbekiston va Albaniya oʻrtasida Diplomatik pasport egalari uchun vizasiz tartib oʻrnatiladi

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Nyu-York shahrida Albaniya Yevropa va tashqi ishlar vaziri Igli Hasani bilan uchrashdi.

    “Albaniya Yevropa va tashqi ishlar vaziri Igli Hasani janoblari bilan birgalikda diplomatik pasport egalari uchun vizasiz tartib toʻgʻrisidagi bitimni imzoladik, – deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram-kanalida. – Biz Oʻzbekiston va Albaniya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish va amaliy qadamlar qoʻyishga tayyormiz. Uchrashuvimiz chogʻida oʻzaro munosabatlarimizni, ayniqsa, iqtisodiy yoʻnalishda rivojlantirishga qaratilgan muhim takliflar bilan keng fikr almashdik”.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Albaniya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1993-yil 23-noyabrda oʻrnatilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.