Muloqot chogʻida Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Britaniya tomoniga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizni yanada rivojlantirish boʻyicha strategiyalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Boʻlajak parlament saylovlariga, Oʻzbekistonning dolzarb mintaqaviy muammolar boʻyicha pozitsiyasini oydinlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Institut rahbari Oʻzbekiston bilan bugungi hamkorlikni yuqori baholadi. Ekspert, shuningdek, “Chatham House”ning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borayotganini qayd etib, mintaqadagi tahlil markazlari bilan birgalikda tadqiqotlar, davra suhbatlari va konferensiyalar oʻtkazishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
1920-yilda tashkil etilgan “Chatham House” xalqaro siyosat va xavfsizlik sohasida tadqiqotlar bilan shugʻullanuvchi yetakchi Britaniya tahlil markazlaridan biri hisoblanadi. Institutda davlat, hukumat rahbarlari va yetakchi jahon siyosatchilari muntazam ravishda maʼruza bilan ishtirok etib, uni global jarayonlarni tahlil qilish va strategik tavsiyalar ishlab chiqish uchun asosiy maydonga aylantiryapti.