Bu haqda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi xabar beradi.
Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri oʻrinbosari Rustam Yusupov rahbarligidagi delegatsiya 16−22-sentyabr kunlari Iordaniya poytaxti Amman shahrida xizmat safarida boʻldi. Muzokaralarda “Navoiyuran”, Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati va Uzbek Overseas Geology Company vakillari ishtirok etdi.
Iordaniya Energetika va mineral resurslar vazirligi bilan muzokaralarda qoʻshma loyihalar, geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish va hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilindi. Jordan Uranium Mining Company (JUMCO) kompaniyasi va “Navoiyuran” mutaxassislari uranga istiqbolli maydonlarni joyiga chiqqan holda oʻrgandi.
Iordaniyaning National Arab Mining Company (NAMC) kompaniyasi bilan mis, nodir metallar hamda sanoat uchun muhim boʻlgan minerallar sohasida oʻzaro hamkorlik oʻrnatish maqsadida tegishli yoʻl xaritasi va memorandum imzolandi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha ikki mamlakat vazirliklari va Iordaniyaning NAMC, JUMCO kompaniyalari ishtirokida qoʻshma ishchi guruh tuzildi. Shuningdek, uran, muhim va rangli metallarga oid istiqbolli maydonlar boʻyicha birlamchi geologik maʼlumotlar olindi hamda ularni chuqur oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi.







