Sanoatning yangi sahifasi

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda konchilik va metallurgiya sohasidagi islohot koʻlami kengaydi.

    Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidagi ulkan bunyodkorlik ishlari sanoatimiz tarixida yangi sahifalar ochilayotganidan dalolat beradi. Oʻzbekistondagi tarixiy investitsiya loyihasi — “Yoshlik I” koni oʻzlashtirilishi xalqimiz, iqtisodiyotimiz, mamlakatimiz istiqboli uchun gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi.

    Bugungi kunda “Yoshlik I” koni dunyoda maʼdan tarkibida oltin hajmi boʻyicha eng yirik kon? deya tan olingan. U mis konlaridagi oʻrtacha oltin tarkibi boʻyicha ikkinchi, maʼdan hajmi boʻyicha uchinchi, mis hajmi boʻyicha oltinchi oʻrinni egalladi.

    Loyiha boshlangandan buyon konning 190 million kub metr yuzasi ochilib, maʼdan qazib olishga toʻliq tayyorlandi. Konning temir yoʻl, elektr taʼminoti va avtomobil yoʻlidan iborat infratuzilmasi barpo etildi.

    Prezidentimiz 2021-yilda 60 million tonna maʼdanni qayta ishlovchi 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga start bergan edi. Ayni kunlarda dunyodagi eng yirik togʻ-kon sanoati majmuasi sifatida eʼtirof etilayotgan ushbu fabrikani bunyod etish ishlari yakunlanish arafasida.

    Qurilishni jadallashtirish maqsadida metall konstruksiyalar zavodi ishga tushirildi. Mutaxassislarning baholashicha, fabrikaga sarflangan metall konstruksiyalar 10 dan ziyod Eyfel minorasini qurishga yetadi. Mana shuning oʻzi ham bu fabrika qanchalik yirik majmua ekanini koʻrsatadi.

    “Yoshlik I” koni, 3-mis boyitish fabrikasi hamda yordamchi obyektlarni elektr bilan taʼminlash uchun 500 kilovolt kuchlanishli raqamli podstansiya, yuqori quvvatli 110 kilovatt elektr liniyasi, 80 va 63 megavattli podstansiyalar qurilishi yakunlandi.

    Kon hududida joylashgan, quvvati 30 million tonna boʻlgan dastlabki maydalash va yuklash boʻlinmasining birinchi qismi hamda kondan fabrikagacha maʼdanni tashishga moʻljallangan konveyer liniyasi qurilib, ishga shay holatga keltirildi. Portlovchi moddalar zavodi quvvati 90 ming tonnaga oshirildi. Tez orada tashqi suv, gaz va elektr taʼminoti obyektlari, togʻ-kon texnikasini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushiriladi.

    Bugungi kunda 3-mis boyitish fabrikasida ishlab chiqariladigan 1 million tonnagacha mis konsentratini qayta ishlash uchun yangi metallurgiya majmuasini qurish loyihasi ustida ishlanmoqda. Majmua uchun eng zamonaviy Flash Smelting-Flash Converting texnologiyasi tanlab olindi. Bu texnologiya konsentratdan 98,4 foiz misni ajratib olish imkonini beradi. Yana bir muhim jihati, texnologik jarayon toʻliq yopiq boʻlib, atrof-muhitga mutlaqo zararsiz va 99,7 foiz zararli gazlar ushlab qolinadi.

    Hozir yiliga 60 million tonna maʼdanni qayta ishlovchi 4-mis boyitish fabrikasini qurish loyihasini ham boshlab yuborganmiz. Buning natijasida 2028-yilga borib jami qayta ishlanadigan maʼdan hajmi bugungi 40 million tonnadan 160 million tonnaga yetkaziladi yoki 4 karra oshadi. Eng muhimi, minglab yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Yirik loyihalar qoʻshimcha investitsiyalar kiritilishini taʼminlaydi

    Hozir jahon bozorida misga talab tobora oshib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, mis ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali koʻp pogʻonali zanjirlarni yaratgan holda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlashga oʻtishni taqozo etadi. Buning uchun toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish zarur. Aynan shu maqsadda joriy yilning 14-15-avgust kunlari Xitoyning Pekin shahrida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati va Xitoy korxonalari oʻrtasida ilk bor biznes forum oʻtkazildi.

    Bu forum Prezidentimizning joriy yil yanvar oyida Xitoyga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi boʻldi. Nufuzli tadbir Xitoy savdo-sanoat palatasi, Xitoy xalqaro savdoga koʻmaklashish kengashi, Xitoy rangli metallar uyushmasi kabi davlat tashkilotlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Unda Huigong, Shangdon Gold, Tianjin Sino-Investment Development Group, Fortune, Jiangsu Pengfei Group, NFC, BGRIMM kabi 300 dan ziyod yirik kompaniya vakillari ishtirok etdi.

    Biznes forumda “Metallurgiya va turdosh tarmoqlar: oʻzaro bogʻliqlik, imkoniyatlar, oʻsish nuqtalari” mavzusida taqdimot oʻtkazdik. Taqdimotimizdagi kombinat kelajagi, loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Xitoy kompaniyalari vakillarida katta qiziqish uygʻotdi. Mavjud imkoniyatlarimiz hamkorlik qilish manfaatli ekanini yana bir marta tasdiqladi.

    V2V formatdagi muzokaralar davomida qator kompaniyalar bilan misni chuqur qayta ishlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlik bitimlari, memorandumlar imzolandi. Ohangaron tumanidagi “Mis klasteri” industrial zonasiga berilgan imtiyozlar Chin yurti kompaniyalari vakillarini qiziqtirib qoʻydi. Hozir ushbu hududda 2 ta qoʻshma korxona negizida togʻ-kon texnikasiga ehtiyot qismlar va akkumulyator batareyalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilmoqda.

    Yurtimizdagi nodir metallar va kritik minerallar qazib olish hamda qayta ishlashni koʻpaytirish maqsadida Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati tashkil etildi. Shu bois, noyob metallar ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni egallab turgan Xitoy kompaniyalarini muhim minerallarni ajratib olish loyihalariga jalb qilish oʻrganib chiqilmoqda. Nurlikon litiy slyudalari maʼdanidan litiy olishning samarali texnologiyasini ishlab chiqish, Toshqozgan konida grafitni boyitish loyihalari shular sirasidan. Sariqkoʻl sheyelit koni asosida kon-qayta ishlash majmuasini qurish va yuqori sifatli volfram konsentratini ishlab chiqarish loyihasi ham istiqbolli hisoblanadi.

    Bundan tashqari, tantal-niobiy, titan-magnetit-vanadiy kabi maʼdanlarni qayta ishlashga samarali texnologiyalarni jalb qilish rejamizda bor. Pirovardida, bu ishlar nafaqat mis, balki yuqori qoʻshilgan qiymatli turli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishdan salmoqli foyda olish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda mamlakat milliy iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Raqamlashtirish — davr talabi

    Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Raqamli OKMK – 2030” konsepsiyasi qabul qilingan. Unga muvofiq, biznes va texnologik jarayonlarni boshqarish, transport-logistika tizimi bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Masalan, hujjatlar aylanmasi, iqtisodiyot-moliya, buxgalteriya yoʻnalishi uchun ID va 1S tizimlari joriy qilingan. Birgina joriy yilda mazkur yoʻnalishda 20 dan ziyod loyiha amalga oshirilishi belgilangan edi, amalda ularning bir nechasi qoʻllanilmoqda. Jumladan, mis eritish zavodi va 2-mis boyitish fabrikasining mnemosxemalari toʻliq yangi SCADA tizimga oʻtkazilib, texnologik maʼlumotlarni onlayn tahlil qilish imkoniyati yaratildi. Fabrika bunkerlarida maʼdan darajasi lazer datchiklar, temiryoʻl vagonlari datchiklar orqali onlayn nazorat qilinadi. 1S:ERP (Performance) axborot tizimi takomillashtirilib, ishlash barqarorligi 3 barobar oshirildi.

    Yangi barpo etilgan muhandislar maktabida avtomatlashtirish sohasi mutaxassislarini oʻqitish boʻyicha elektron oʻquv dastur va qoʻllanmalar ishlab chiqilib, dasturchilar Siemens va AVEVA (Schneider Electric) avtomatlashtirish tizimlarida ishlashga oʻqitilmoqda.

    “Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlarida kon-transport boshqaruvi tizimi joriy qilinmoqda. Bunda 102 ta avtosamosval, 36 ta ekskavator, 20 ta burgʻilash texnikasi, 207 ta yordamchi texnika maxsus texnik apparat vositalari, yaʼni planshet, GPS/Glonass trekkerlari va sensorlar bilan jihozlanib, maʼlumotlarni onlayn shaklda jamlash va qayta ishlash yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Konlarda marksheyderlik ishlarini yuqori aniqlikda amalga oshirish uchun 2 ta uchuvchisiz uchish qurilmasi ishga tushirildi hamda ulardan foydalanish boʻyicha mutaxassislar malakasi oshirildi. Shuning oʻzi togʻ-kon jinslarini tashish hajmini 10 foizgacha oshirish imkonini beradi.

    Maʼdan boyitishda koʻp miqdorda texnik suv talab qilinadi. Shu bois, mis boyitish fabrikasida maʼdan-suv nisbatlarini avtomat tarzda boshqarish uchun 15 ta nazorat va oʻlchov javoni hamda 200 dan ziyod nazorat-oʻlchov asbobi oʻrnatildi. Ushbu loyihamiz hisobiga yiliga 1,8 million kub metr suv tejaladi.

    Kadrlar – kelajagimiz

    Prezidentimiz raisligida joriy yil 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida sohamiz uchun dolzarb masalalar koʻtarilgan edi. Shu bois, xalqaro standartlar hamda ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan holda muhandis va ishchi-xodimlarning malakasini oshirish tizimini qayta koʻrib chiqdik. Chunki ogʻir sanoatning rivojlanishi bevosita ham, bilvosita ham kadrlar salohiyatiga bogʻliq. Bugungi kunda Olmaliq shahrida kombinat ehtiyojini qondirish uchun 2 ta oliy taʼlim muassasasi – Moskvaning “MISiS” va Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali faoliyat koʻrsatmoqda. Ularni yiliga 1000 dan ziyod oliy maʼlumotli muhandis-kadr tamomlaydi. Bu biz uchun katta kadrlar zaxirasidir.

    Bundan tashqari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida muhandislik maktabi barpo etilgan. Maktab Germaniyaning Frayberg texnika universiteti Konchilik akademiyasi, “Aurubis” va “Günter Papenburg” kompaniyalarining taʼlim metodologiyalari asosida ishlaydi.

    Hozir bu yerda “geologiya”, “konchilik ishi”, “kon sanoati transportlari”, “marksheyderlik ishi”, “foydali qazilmalarni boyitish”, “metallurgiya”, “mexanika”, “energetika”, “ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” yoʻnalishlari boʻyicha 150 nafar oliy maʼlumotli yosh mutaxassis tayyorlanmoqda.

    Kombinat oʻquv markazida 131 ta yoʻnalish boʻyicha yiliga 10 mingdan ortiq ishchi va muhandis xodim malaka oshiradi. Oʻquv markazi va tarkibiy boʻlinmalarida 960 tinglovchiga moʻljallangan 28 ta oʻquv hamda 5 ta kompyuter xonasi mavjud. Mutaxassislarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim va malakasini oshirish uchun 255 ta elektron videodarslikka asoslangan LMS elektron platformasi yaratilgan. 624 ishchi-xodimimiz respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda. 4 nafari esa xorijiy taʼlim muassasalari doktoranturasida oʻqiydi. Umuman, biz 26 ta oliy va 2 ta professional taʼlim muassasasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz.

    Yoshlarimiz kelgusida kombinat va mamlakatimiz sanoati rivoji, iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, muxtasar aytganda, el-yurt farovonligi uchun xizmat qilishiga ishonamiz.

    Mustaqillik inshootlari

    Mehnat jamoamiz barchamiz uchun eng ulugʻ va eng aziz bayramni “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida katta tantana va koʻtarinki ruhda qarshi olmoqda. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati barcha ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini yorugʻ yuz bilan ado etmoqda. Shuning barobarida yangi obyektlarni ishga tushirish va ijtimoiy sohani qoʻllab-quvvatlash ishlari ham davom ettirilmoqda.

    Shu kunlarda Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Ingichka boyitish fabrikasining II navbati ishga tushirildi. 2022-yilda ushbu loyihaning 1-bosqichi ishga tushirilib, yiliga 100 tonna volfram konsentrati olish yoʻlga qoʻyilgan va 82 ta yangi ish oʻrni yaratilgan edi. Buning natijasida 2023-yilda 5,7 milliard soʻmlik 100 tonna volfram konsentrati olindi. 1,8 million dollarlik qoʻshimcha eksportbop 27 tonna volfram shtabiklari tayyorlandi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida volfram tarkibli 27,9 milliard soʻmlik 36 tonna qattiq qotishmali kompozit mahsulotlari ishlab chiqarilib, Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Oʻzmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatiga hamda OKMK tarkibiy boʻlinmalariga yetkazib berildi.

    Fabrikaning ikkinchi bosqichi ishga tushishi natijasida yiliga jami

    285 tonna volfram konsentrati ishlab chiqariladi. Qoʻshimcha mahsulot qiymati 16,24 milliard soʻmni tashkil etadi. Loyiha tufayli 120 kishi ishli boʻldi.

    Shuningdek, investitsiya loyihasi doirasida “Yoshlik-I” koni va uning kon-texnika majmuasini hamda Qalmoqqir konini tashqi elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida raqamli transformator podstansiyasi qurildi. Podstansiyaning barcha metall konstruksiyalari va beton buyumlari mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan.

    Mazkur obyektimiz ham mustaqillik bayramiga toʻyona sifatida ishga tushirildi. Kombinatda ijtimoiy sohani qoʻllab-quvvatlash izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumani “Eltamgʻali” mahalla fuqaro yigʻinidagi 80 oʻrinli bolalar bogʻchasi qayta taʼmirlab, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, ushbu mahalladagi 2 qavatli turar joy binosi toʻliq taʼmirlandi, endilikda kam taʼminlangan 14 ta oila oʻz xonadoniga ega boʻladi. Kapital taʼmirlash ishlari yakunlanayotgan Olmaliq shahridagi “Daryocha” bolalar bogʻchasi ham yangicha qiyofada bolajonlarga tuhfa etiladi.

    Mustaqilligimizning 33-yilligini har sohada ulkan zafarlar bilan kutib olayotgan jonajon Oʻzbekistonimiz ravnaqi yoʻlida mehnat qilish barchamiz uchun sharafdir.

    Abdulla XURSANOV,

    “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi


    Hamkorlik materiali