Zamonamizga xos xalqaro munosabatlar tez o'zgaruvchan jarayonlar bilan chambarchas bog'liqki, bunday murakkab sharoitda har bir mamlakat har tomonlama ishonchli o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yishga intiladi. SHu jihatdan Evroosiyo qit'asining katta qismini qamrab olgan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub'ekti sifatida o'z salohiyati bilan juda katta ahamiyat kasb etmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev raisligida 18 dekabr` kuni bo'lib o'tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisi ham buning yana bir tasdig'i bo'ldi.
Shunisi e'tiborliki, joriy yilda O'zbekiston ilk bor MDH kengashi yig'ilishiga raislik qildi va raislik kontseptsiyasining to'liq bajarganligi tuzilma ishtirokchilari tomonidan ham bir ovozdan e'tirof etilmoqda. Vaholanki, bu jarayon o'ta murakkab sharoitda – global pandemiya davrida kechdi. SHunga qaramay, tashkilot faoliyati tugab borayotgan yilda har qachongidan ham faol bo'ldi, deyishimiz mumkin. Xususan, respublikamiz raisligida 60 ga yaqin ko'p tomonlama tadbirlar o'tkazildi. 70 dan ortiq muhim hujjat qabul qilindi. 2030 yilgacha mo'ljallangan Iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi, transport sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari, turizm, sport va yoshlar siyosati sohalaridagi hamkorlik strategiyalari qabul qilindi. SHu bilan bir qatorda MDHga a'zo davlatlar hukumat rahbarlari Kengashi, Iqtisodiy kengash, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va tuzilmaning boshqa nizom hamda tarmoq organlari majlislari o'tkazildi.
Shu paytgacha insoniyat tarixidagi eng og'ir sinovlardan bo'lgan pandemiya sharoitida MDHda raislik qilayotgan O'zbekiston, avvalo, tuzilma doirasida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish vazifasiga alohida e'tibor qaratdi. SHu ma'noda MDH Iqtisodiy kengashi faoliyati yuzasidan rejalashtirilgan barcha tadbirlarni yuqori darajada o'tkazish uchun anchagina sa'y-harakat va yangi yondashuvlar talab etildi. Koronavirus pandemiyasi sababli paydo bo'lgan xavfsizlik va transport bilan bog'lik cheklovlar, masofadan turib ishlash shakliga o'tish muloqotning yangi vositalarini izlashga majbur etdi. O'zbekiston tomoni bunda yangi texnologiyalardan foydalanib, tadbirlarni qisman bevosita, qisman videokonferentsaloqa tizimida tashkil etdi. SHu tariqa, O'zbekiston raisligi doirasida uning oldiga qo'yilgan barcha vazifalar muvaffaqiyatli hal qilindi. Jumladan, bir yil mobaynida O'zbekiston MDH Iqtisodiy kengashi doirasida 115 ta masalani ko'rib chiqdi, ularning katta qismi ma'qullandi.
Qabul qilingan asosiy hujjatlar orasida MDHning 2030 yilgacha bo'lgan davrda iqtisodiy rivojlanishi strategiyasi, ushbu strategiyaning dastlabki bosqichini amalga oshirish bo'yicha tadbirlar rejasi va boshqalarni keltirish mumkin. SHuningdek, 2030 yilgacha bo'lgan davrda Transport sohasidagi hamkorlik kontseptsiyasi va Mintaqalararo hamkorlik strategiyasi ham shular jumlasidan. Qayd etish joizki, O'zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu hujjatlar muvaffaqiyatli qabul qilindi.
Shu jihatdan, O'zbekiston 18 dekabr` kuni bo'lib o'tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi sammitiga salmoqli natijalar bilan keldi. Sammitda so'zga chiqar ekan, Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasi bo'yicha kompleks dastur ishlab chiqish zarurligini qayd etdi. Bunda agrosanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, engil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo'shma klasterlar tashkil etish nazarda tutiladi. Ushbu dastur hamda innovatsion loyihalar va ilg'or texnologiyalar taqdimotini kelgusi yil Toshkent shahrida o'tadigan MDH mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi forumi doirasida o'tkazish taklif etildi.
Prezidentimiz forumda aynan shu masalaga alohida to'xtalgani bejiz emas. SHunisi e'tiborliki, iqtisodiy taraqqiyotning joriy bosqichida sanoat kooperatsiyasi – nafaqat ishlab chiqarish sohasida, balki xizmat ko'rsatish, ilmiy-texnik va innovatsion sohalarda ham turli-tuman shakldagi o'zaro hamkorlikning butun bir tizimi hisoblanadi. Hozirda xizmatlar, investitsiyalar, ishchi kuchi harakati kabi omillarni hisobga olmay turib ishlab chiqarish zanjirlari samarasi haqida so'z yuritish mumkin emas. SHu jihatdan, Hamdo'stlik mamlakatlarining global miqyosda raqobatbardoshligini ta'minlash uchun aynan iqtisodiy integratsiyalashuvni chuqurlashtirish lozim.
Bu masalada MDHga xos ulkan salohiyatdan foydalanish uchun qo'shma kooperatsion loyihalarni rag'batlantirish va buning natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni o'zaro manfaatli shartlarda uchinchi mamlakatlarga eksport qilish sxemalarini yo'lga qo'yish maqsadga muvofiq. Ayni holatda erishiladigan asosiy natija shundan iboratki, yakuniy mahsulot (tovar yoki xizmat) nafaqat ichki, balki tashqi bozorlarda ham raqobatbardosh bo'ladi. SHu tariqa, sanoat kooperatsiyasi asosida innovatsiyalardan foydalanish, ilg'or texnologiyalarni joriy etish, xodimlar malakasini muttasil oshirish natijasida korxonalarning raqobatbardoshligi oshgani sayin, MDH hududidagi kooperatsion aloqalar rivojlanaveradi, demakki, iqtisodiy manfaatdorlik ham yuksaladi. eng muhimi, yangi korxonalar paydo bo'ladi va bu yangi ish o'rinlari yaratilishiga zamin yaratadi.
Albatta, Oliy Majlis Senati a'zosi sifatida men davlatimiz rahbari tomondan Sammitda urg'u berilgan yana bir masalaga to'xtalishim joiz. Xususan, anjumanda MDH makonida do'stlik va yaqin hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlarning o'rni ortib borayotgani ta'kidlandi. Prezidentimiz O'zbekiston kelgusi yilda MDH Parlamentlararo assambleyasining yig'ilishlaridan birini poytaxtimizda o'tkazishga tayyorligini bildirdi. Bu juda muhim. Zero MDH Parlamentlararo assambleyasi, avvalo, Hamdo'stlikka a'zo davlatlar tomonidan turli sohalardagi qonunchilik negizini yanada takomillashtirish, ijtimoiy siyosat, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, gumanitar va madaniy hamkorlik masalalarini hal qilishga nisbatan kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishda alohida o'rin tutadi.
Joriy yilda o'tkazilgan Parlamentlararo assambleya tadbirlarida ko'rib chiqilgan ko'plab model` qonunlar va normativ hujjatlarning har biri aynan hozirgi paytda dolzarb masalalar echimi nuqtai nazaridan MDHga a'zo mamlakatlar taraqqiyotida qo'yilgan muhim qadamlar bo'ldi. SHu o'rinda aytish joizki, MDH Parlamentlararo assambleyasi bevosita Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligini shakllantirishning boshida turgan institut hisoblanib, uning huquqiy maydoni shakllanishiga katta hissa qo'shgan. Hozirda MDH Parlamentlararo assambleya Hamdo'stlikka a'zo mamlakatlar milliy qonunchiligini o'zaro yaqinlashtirish va uyg'unlashtirishga alohida e'tibor qaratmoqda. Buning natijasida qabul qilinayotgan namunaviy hujjatlar va tavsiyalar ushbu yo'nalishdagi taraqqiyotga xizmat qilishi, shubhasiz. SHuningdek, MDH Parlamentlararo assambleya Hamdo'stlik ishtirokchilari bo'lgan mamlakatlar o'rtasida xuquqiy tusdagi ma'lumot almashinuvini tashkil etmoqda. MDH doirasida imzolangan kelishuvlarni parlamentlar tomonidan ratifikatsiya qilish tartib-taomillarini sinxronlashtirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqib, parlamentlararo amaliy hamkorlikni ta'minlamoqda. Bu esa, o'z navbatida, xalqaro maydonda muhim birlashtiruvchi kuch hisoblangan parlament diplomatiyasi rivojiga xizmat qilyapti.
Shu ma'noda, MDH sammitida davlatimiz tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar qisqa muddatda butun mintaqada uyg'un iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni ta'minlash, global pandemiyaning oqibatlarini bartaraf etish, o'zaro manfaatli va ishonchli hamkorlikni, millatlararo do'stlik rishtalarini mustahkamlashda o'z natijalarini namoyon etishiga ishonchimiz komil.
Feruza ESHMATOVA,
Oliy Majlis Senati xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi raisi