4-5-may kunlari Tbilisi shahrida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 57-yillik yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
“Kelajak sari koʻprik” umumiy shiori ostida oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Tadbir doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Teshabayev va OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov umumiy qiymati 3,5 milliard AQSH dollarlik 2025-2027-yillarga moʻljallangan dasturni amalga oshirish boʻyicha Memorandumni imzoladilar.
Dasturda har ikki tomon uchun ham manfaatli boʻlgan va “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq boʻlgan loyihalar oʻrin olgan.
Oʻzbekiston 1995-yilda OTBga aʼzo boʻldi. 1998-yilda OTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ochildi. OTB tomonidan Oʻzbekiston suveren portfeliga taqdim etgan mablagʻlarning umumiy hajmi 12 milliard dollarga yetdi. Oʻtgan yili OTB 4 ta suveren loyiha va 2 ta dasturga 6 ta kredit va 1 ta grant ajratdi.