Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Tojikiston Respublikasiga tashrif buyurib, Tojikiston Qishloq xoʻjaligi vaziri birinchi oʻrinbosari Asozoda Nuraly Mahmadullo bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida bogʻ loyihasi muhokama qilinib, amalga oshirish choralari belgilandi. Tashrif davomida rasmiylar Dushanbe shahrida joylashgan “Doʻstlik bogʻi” uchun ajratilgan hududni borib koʻrishdi va loyiha bosqichlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida zarur tavsiyalar ishlab chiqildi, shu kuni loyihaning amaliy ishlariga start berildi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladigan ishlar:
Tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish – suvdan samarali foydalanish va ekinlarning yaxshi oʻsishi uchun zamonaviy sugʻorish texnologiyalari oʻrnatiladi.
Koʻchatlar yetkazib berish – Oʻzbekistondan yuqori sifatli Tojikiston iqlimiga moslashtirilgan mevali daraxt koʻchatlari olib kelinib, ularning barqaror oʻsishini taʼminlash uchun maxsus agrotexnik xizmatlar ham koʻrsatiladi.
Yer tayyorlash va unumdorlikni oshirish – bogʻ uchun ajratilgan yer maydonida unumdorlikni oshirish ishlari olib boriladi, sifatli oʻgʻitlar bilan taʼminlanadi.
Bogʻ infratuzilmasini yaratish – sugʻorish tizimlari, himoya va parvarish qilish tizimlari, bogʻ dizayni va ekish jarayonlari toʻliq rejalashtiriladi.
Agronomik maslahatlar va tajriba almashish – Oʻzbekistondan tajribali mutaxassislar jalb qilinib, Tojikistonlik qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.








