“Oʻzbekiston va Turkiya omon boʻlsin!”

    Xalqaro hamkorlik 29 Mart 2022 2138

    Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi hamda oliy darajadagi strategik aloqalar oʻrnatilganining 5 yilligiga bagʻishlanadi.

    Mening tilim — qush tilidur,

    Mening qoʻlim — doʻst qoʻlidur.

    Men bulbulman, doʻst gulimdur,

    Biling, gulim soʻlmas mening.

    Yunus Emro

    Maqolamizni boshqa nom bilan atashimiz ham mumkin edi. Lekin aynan ushbu sarlavhada toʻxtalishimizning sababi bor: 2021-yil Adana shahrida nuroniy bir oʻzbek onaxondan duo olar ekanmiz, uning qalbidan dur kabi toʻkilgan ezgu tilaklar qatori “Oʻzbekiston va Turkiya omon boʻlsin!” degan soʻzlar bizni qattiq toʻlqinlantirib yubordi. 92 yoshli Saodat ayaning ana shu samimiy duosida oʻz oila aʼzolari bilan birga bir paytlar turli sabablar tufayli turk zaminidan boshpana topgan minglab oʻzbeklarimizning ham tilaklari mujassam edi. Bu haqda maqolamiz oxirida yana toʻxtalamiz. Keling, dastlab bu yil 30 yilligini nishonlayotganimiz oʻzbek-turk diplomatik munosabatlari, hamkorlik aloqalarimizning bugungi holati va istiqbollari haqida fikr yuritaylik.

    Turkiya haqida gap ketganida, xalqimiz doimo minnatdorlik bilan esga oladigan bir haqiqat bor: Oʻzbekistonimizni jahon maydonida mustaqil davlat sifatida birinchi boʻlib tan olgan davlat aynan Turkiya dir. “Jigar — jigar, digar — digar”, deganlaridek, yosh mamlakatimiz xalqaro munosabatlar dunyosiga qadam qoʻyar ekan, avvalo, azaliy qardoshimiz Turkiya chin dildan qutlab qarshi olganini xalqimiz, Vatanimiz hech qachon unutmaydi.

    Men elchilik faoliyatim davomida shunga amin boʻldimki, 70 yillik sobiq shoʻro tuzumi davrida turk qardoshlarimiz bizning milliy istiqlolimizni intizor boʻlib kutgan, orzu etgan ekan. Ushbu ruhni oʻz xalqiga Turkiya Jumhuriyatining asoschisi Mustafo Kamol Otaturk singdirib ketgan, desak, toʻgʻri boʻladi. 1933-yildagi bir nutqida Otaturk sovet imperiyasi haqida toʻxtalib, “Vaqti kelib, SSSR ham xuddi Usmoniylar davlati, Avstriya-Vengriya kabi parchalanib, boʻlinib ketishi mumkin... Shunday zamonlar kelganida Turkiya nima qilishi kerakligini bilmogʻi shart. Bizning tili mushtarak, kelib chiqishi bir birodarlarimiz bor. Ularga koʻmak berish uchun tayyor boʻlishimiz zarur”, degan edi. Turk qardoshlarimiz ana shu soʻzlarning amaldagi ifodasi sifatida Oʻzbekistonni yurtimiz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

    Oʻtgan yili mamlakatimiz istiqlolining 30 yilligini keng nishonlashga bagʻishlangan qabul marosimida Turkiya Respublikasi Prezidenti Bosh maslahatchisi Yalchin Toʻpchu janoblari bir fikrni alohida taʼkidlab aytgan edi: “Mustaqilligingizning 30 yilligi bilan qutlayman. Shu bilan birga, mamlakatingiz zamini 3000-yillik davlatchilik tarixiga ega ekanini alohida qayd etmoqchiman. Hatto bizning kechmishimiz ham sizlarning tuproqlaringizda ibtido topgan. Biz bu yerlarga koʻchib kelgan boʻlsak-da, Movarounnahrning maʼnaviyat buloqlari asrlar davomida Onadoʻli muhitini sugʻorib kelgan...” Toʻpchu janoblarining ushbu soʻzlari chin yurakdan aytilganini turk jamiyatining ichiga kirgan, oddiy turk fuqarosi bilan muloqot qilgan har bir inson sezadi, his etadi. Mamlakatimizni yanada kengroq tanitish maqsadidagi Onadoʻli boʻylab amalga oshirgan 50 dan ortiq xizmat safarlarimda bunga takror va takror amin boʻldim va boʻlmoqdaman. Chamasi, 2019-yilning boshida Choʻrumga ziyorat vaqtida mahalliy rasmiylar va tadbirkorlar bilan uchrashuvdan soʻng oddiy bir turk oilasida mehmon boʻldik. Suhbat davomida Oʻzbekistonning muqaddas qadamjolari, “Yetti pir” ziyoratgohlari haqida ham gap ochildi. Shunda oilaning kenjatoy oʻgʻilchasi “men ham oltin silsilani bilaman”, deb Buxoroda mangu orom topgan valiylarimizning nomlari va faoliyatlari haqida ayta ketdi. “Sizga kim oʻrgatdi bularni?” deb qiziqdim. Bolakay yonimda oʻtirgan otasiga ishora qildi. Ayni savol ifodasi bilan boqqanimni anglagan Mansur Bey Abduxoliq Gʻijduvoniydan Bahouddin Naqshbandga qadar boʻlgan aziz avliyolar shajarasini bobosidan eshitgani, ular haqida oʻrganganlarini oʻzi ham farzandlariga yetkazgani haqida faxr bilan soʻzlay boshladi...

    Albatta, bunday tarixiy, maʼnaviy-ruhiy yaqinlik — minglab yillar davomidagi jarayonlarning tabiiy natijasi. Bugun minglab kilometr yiroqda boʻlgan turkqardosh larimiz bilan qachonlardir bir beshikda ulgʻayganimiz, birga voyaga yetganimiz — ayni haqiqat. Qoraxoniylar va Saljuqiylar hukmronligi vaqtida qoʻshni boʻlganimiz, Alouddin Samarqandiy va Abu Bakr Kosoniy kabi allomalarimizning Onadoʻliga kelib, olimlik va elchilik faoliyatlarini amalga oshirgani tarix kitoblarida bitilgan. Yuqorida eslaganimiz “Yetti pir”ning bosh boʻgʻini — Abduxoliq Gʻijduvoniy ham Turkiyaning Malatiyasidan Buxoroga kelib oʻrnashgan oilada oʻsib-ulgʻaygani, Mirzo Ulugʻbekning yaqin shogirdi Ali Qushchining Samarqanddan Istanbulga borib, Ayo Sofiya madrasasida dars bergani kabi oʻzaro ilmiy-maʼnaviy almashinuvlarimiz chuqur ildizlarga egadir.

    Bir turk professori oʻzaro suhbatimizda qiziq gapni aytgan edi: “Bilasizmi, Turkiya 350 mingdan koʻproq qoʻlyozma asarlar merosi bilan bu borada dunyoda birinchi oʻrinda turadi, lekin bu meros oʻzbek qardoshlarimizniki ham hisoblanadi. Chunki ushbu qoʻlyozmalarning aksariyati yoki Movarounnahr ulamolarining asarlari yoxud ularga bitilgan sharhlardan iborat...”.

    Haqiqatan ham, Turkiyadagi qoʻlyozma fondlari tadqiq qilinsa, Buxoriy, Nasafiy, Xorazmiy, Fargʻoniy kabi nisbali allomalarimizning oʻn minglab asarlari topiladi. Bu ham — asrlar osha mamlakatlarimiz oʻrtasida davom etgan siyosiy-diplomatik, ilmiy-maʼnaviy munosabatlarning yorqin dalili. Masalan, Turkiyaning davlat arxivida Usmoniylar va yurtimiz hududidagi xonliklar oʻrtasidagi izchil diplomatik yozishmalar, elchilik hayʼatlari almashinuvi, Onadoʻliga kelgan oʻzbeklar haqida kamida 500 ta tarixiy hujjat mavjud. Ular oʻzaro munosabatlarimiz naqadar teranligini ochiq-oydin koʻrsatib turibdi. Usmoniylar davlatida faoliyat koʻrsatgan “Oʻzbek takyalari” (Özbek tekkeleri) qaysidir maʼnoda mamlakatimizning Onadoʻlidagi ilk konsulxonalari edi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

    Turkiyada yangi boshqaruv tizimi oʻrnatilgan bir davr — oʻtgan asrning 20-yillari ham diplomatik munosabatlarimiz tarixida muhim oʻrin tutadi. Qariyb 100-yil avval Buxoro Respublikasidan kelib, Mustafo Kamol Otaturkka Istiqlol urushida gʻalaba tilagan va maʼnaviy jihatdan qimmatli hadyalar bergan oʻzbek hayʼati haqidagi maʼlumotlar Turkiya Buyuk Millat Majlisining hujjatlarida muhrlangan. Darvoqe, 1921-yil qabul qilingan va har bir turk fuqarosi yuksak gʻurur bilan aytadigan Turkiya Davlat madhiyasi — Istiqlol marshining muallifi buxorolik oʻzbek ayolining farzandi Mehmet Akif Ersoʻydir. Yana bir jihat: Turkiya Prezidentining shtandartida aks etgan 16 yulduz — tarixdagi buyuk turkiy imperiyalarni, jumladan, yarmidan koʻprogʻi bizning zaminimizdagi davlatlarni ifoda etadi. Eng muhimi, ushbu 16 yulduz ham Turkiyaga koʻchib oʻtgan vatandoshlarimizdan biri — Akib Oʻzbekning taklifi boʻlib, turk rasmiylari tomonidan qabul qilingan.

    “Borsang — qarindosh, bormasang — begona”, deydilar. Shu jihatdan, qariyb 70 yillik ayriliq davrida ikki farqli muhitda rivojlangan xalqlarimizning dunyoqarashi va tasavvurlarida maʼlum tafovutlar shakllangani ham rost. Mustaqilligimizning ilk yillarida jadal surʼatlar bilan boshlangan oʻzaro munosabatlarimiz 2000-yillarga kelib, muayyan sabablarga koʻra, turgʻunlik davriga kirib qolganini ham tan olishimiz kerak. Avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevning ulkan siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlab olib borayotgan siyosati tufayli bu turgʻunlikka barham berildi va qardosh davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar tarixida mutlaqo yangi davr boshlandi.

    2016-yilning 17-18-noyabr kunlari 13 yillik tanaffusdan soʻng Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyib Erdogʻan mamlakatimizga norasmiy tashrif bilan kelganini yaxshi eslaymiz. Ammo oʻsha tashrifning tashkil etilishi oson kechmagani, Yurtboshimizning katta jasorat bilan, taʼbir joiz boʻlsa, kimlarningdir qosh-qovogʻiga qaramay keskin qaror qilganlarini hamma ham bilmaydi. Prezidentimizning oqilona qarorlari sababli Turkiya bilan oʻrtamizda paydo boʻlgan muzlar eriy boshlagan edi…

    * * *

    Oʻzbekiston va Turkiya diplomatik munosabatlarining 30 yilligiga umumiy nazar tashlaydigan boʻlsak, hech shubhasiz, soʻnggi 5 yil aloqalarimiz tarixidagi eng yorqin sahifa boʻlib gavdalanadi. 2017-yilning oktyabr oyida muhtaram Prezidentimizning Turkiyaga amalga oshirgan rasmiy tashriflari koʻp jihatdan ushbu tarixiy sahifaning ochilishi boʻldi. 21 yillik tanaffusdan soʻng eng oliy darajada Turkiyaga amalga oshirilgan mazkur tashrifda 22 ta yangi bitim imzolandi. Prezidentlar oʻzaro munosabatlarning strategik darajaga koʻtarilganini alohida taʼkidladilar. Darvoqe, strategik aloqalarimizning asoslari oʻrnatilgan ushbu tashrifga bu yil 5 yil toʻlishini alohida qayd etish zarur.

    Yuqorida zikr etilgan tarixiy tashrifni tashkillashtirishda bevosita qatnashish sharafiga ega boʻlganim — diplomatik faoliyatim davomidagi unutilmas xotira boʻlib qoladi. Tashrif davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Rejep Tayyib Erdogʻan janoblari bilan ochiq va samimiy muloqotlari, delegatsiyalarimiz oʻrtasidagi koʻp yillik sogʻinch va hayajon muhitida oʻtgan uchrashuvlar haqiqatan ham oʻzaro munosabatlarimiz tarixida yangi davrni boshlab berdi. Oʻshandan keyin oʻzaro tashriflar izchillik kasb etdi. 2018-yil 30-aprel — 1-may kunlari Turkiya Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi, 2020-yil 19-20-fevral kunlari Oʻzbekiston Prezidentining Oliy darajadagi Oʻzbekiston — Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi, shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021-yil 12-noyabrda Turkiy kengash sammitida ishtirok etish uchun Istanbul shahriga tashriflarini alohida qayd etish joiz.

    Ayniqsa, 2020-yilgi tashrif chogʻida Yurtboshimizning Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasi ochilish marosimida xorijdan yagona oliy martabali mehmon sifatida ishtirok etishlari ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar naqadar yuksakka koʻtarilganining yorqin ifodasi edi. Prezident Erdogʻan mazkur marosimda “Oʻzbekiston — bizlar uchun tamaddunimizni insho etishda mehnati singgan olimlarni yetishtirib bergan zamin, ilmu irfon va madaniy qarashlarimizning manbai boʻlgan eng muhim hayot bulogʻimizdir. Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi allomalar, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi maʼnaviyat peshvolari — Movarounnahrning bizlarga armugʻonidir”, deb aynan Oʻzbekiston rahbarining ushbu tarixiy voqeada ishtirok etayotgani gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidlagan edi.

    Shu oʻrinda eʼtirof etish kerakki, bevosita davlat rahbarlari oʻrtasida qaror topgan yaqin doʻstlik va samimiy birodarlik vazirlik va kompaniyalar, davlat tashkilotlari va muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik uchun qulay imkoniyatlar yaratdi. Oʻtgan besh yilda Bosh vazir oʻrinbosari va vazirlar darajasida — oʻnlab, tashkilot-muassasalar va hokimliklar darajasida esa — yuzlab delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari amalga oshirilib, hamkorlik va tajriba almashinuv boʻyicha aniq va salmoqli natijalarga erishilmoqda.

    Albatta, oʻzaro uchrashuvlarda turk birodarlarimizning koʻplab sohalarda taraqqiyot borasida ancha ilgarilab ketganini payqash mushkul emas. Qariyb yuz yillik jumhuriyat tarixiga egaligi, qolaversa, Yevropa Ittifoqiga yaqinligi sabab doʻst Turkiyada davlat, jamiyat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida, turli sohalar boʻyicha yangilik va innovatsiyalarni tatbiq qilishda muayyan tajriba shakllangan. Turkiyadagi oʻzgarishlarni koʻrgan inson soʻnggi 20 yillik davrda erishilgan olamshumul taraqqiyotni yaqqol sezadi. Turk iqtisodiyoti koʻp tarmoqli, oʻz mintaqasida eng yirik, jahonda jadal va izchil rivojlanib borayotgan iqtisodiyotlardan biri. Mamlakat — eksportbop meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirishda dunyoda yetakchilardan sanaladi. Koʻplab turk doʻstlarimiz oʻzaro suhbatda bugungi yutuqlarning asoslarini islohotparvar Turgut Oʻzalning 80-yillardagi tashabbuslari bilan bogʻlaydi va mamlakatimizdagi bugungi islohotlar jarayoni bilan qiyoslaydi. Oʻsha davrlarda markazdan boshqaruv oʻrniga bozor mexanizmiga oʻtish, chet el sarmoyasi va texnologiyasini jalb etish, erkin mintaqalar, bojxona va soliq tizimini qulaylashtirish, uyushgan sanoat zonalari (Organize Sanayi Bölgeleri) kabi yangi tushuncha va tadbirlar mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining tamal toshi boʻlib xizmat qildi. Iqtisodiy islohotlar muvaffaqiyat qozonishida Turkiya palatalar va birjalar ittifoqi (TOBB) va mahalliy shoxobchalari, Turkiya eksportyorlari majlisi (TİM), Turk sanoatchilari va ishbilarmonlari assotsiatsiyasi (TÜSİAD), Mustaqil sanoatchilar va ishbilarmonlar assotsiatsiyasi (MÜSİAD), Xalqaro sarmoyadorlar assotsiatsiyasi (YASED) kabi ishbilarmonlarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi, maslahat va tavsiyalar bilan qoʻllab-quvvatlovchi jamoat tashkilotlarining ishtiroki ham katta ahamiyat kasb etdi.

    Bugunga kelib yangi industrial mamlakatlar safiga qoʻshilayotgan Turkiya sanoatida avtomobilsozlik, kemasozlik, energetika, metallurgiya, elektronika, kimyo, farmatsevtika, toʻqimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat va koʻnchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yetakchi oʻrinda. Soʻnggi yillarda elektronika sanoati, ayniqsa, jadal rivojlandi. Maishiy texnika, tayyor kiyim va toʻqimachilik mahsulotlari, plastmassa va boʻyoq sanoatida ham Turkiya dunyo yetakchilari qatorida. 2022-yil oxiriga qadar mamlakatda 100 foiz mahalliy asosda elektromobil ishlab chiqarib, sotuvga qoʻyish rejalashtirilgan. Uchuvchisiz uchish apparatlari borasida mamlakat jahondagi kuchli uchlikka kirib ulgurdi va bu yoʻnalishdagi salohiyatini muntazam rivojlantirmoqda. Yaqin kelajakda Turkiya “Mega sanoat mintaqalari” loyihasini hayotga tatbiq etib, yangi texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish niyatida. Mamlakatda fuqarolik va harbiy uchoqlar, vertolyot, elektr avtobuslar, samolyot tashuvchi kema, tank va zirhli texnikalar ishlab chiqarish loyihalari kun tartibida turibdi. 2022-yilda 35 milliard AQSH dollari miqdorida daromad keltirishi kutilayotgan turizm ham turk iqtisodiyotining strategik sektorlaridandir.

    Mamlakatda istiqboldagi taraqqiyotni belgilab beruvchi muhim iqtisodiy soha — energetika mutanosib oʻsishda boʻlib, 2023-yilda yillik energiya ishlab chiqarish quvvati 110 ming megavattga yetishi kutilmoqda. Turkiyaning yaxshi rivojlangan transport tizimi biz uchun Yevropa yoʻnalishidagi qulay koridor boʻlib xizmat qilishi mumkin. Bosfor boʻgʻozi ustidagi 3 ta osma koʻprik, boʻgʻoz ostidan oʻtuvchi “Yevroosiyo” tunneli, yaqindagina qurilib foydalanishga topshirilgan Dardanel boʻgʻozi orqali oʻtuvchi “Chanoqqalʼa 1915” osma koʻprigi, shuningdek, yangi qurilgan Boku — Tbilisi — Kars temir yoʻli ham “Zamonaviy temir ipak yoʻli” loyihasining ajralmas tarkibiy qismlari hisoblanadi. Ketma-ket ikkinchi yil dunyoning eng yaxshi aeroporti deb tan olinayotgan Istanbul yangi tayyoragohi Turkiyaning aviatsiya sohasidagi yutuqlarini koʻrsatib turibdi. Istanbul, Mersin, Izmir, Trabzon, Iskandarun va Samsun kabi shaharlardagi portlar esa, dengizdan yiroq mamlakatimiz uchun muqobil transport yoʻlaklari vazifasini oʻtashi mumkin.

    Albatta, turk birodarlarimizning bunday yutuqlari bizlarni gʻoyat xursand qiladi. Chunki qardoshning muvaffaqiyati qardoshga albatta naf keltiradi.

    Turk birodarlarimiz bilan qancha yaqin boʻlsak, ular erishgan yutuqlarga ham shunchalik yaqinlashamiz. Darvoqe, soʻnggi yillardagi oʻzaro iqtisodiy koʻrsatkichlarimiz ham mazkur fikrni tasdiqlab turibdi. 2021-yil yakunlariga koʻra, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo hajmi qariyb 3,4 milliard AQSH dollarini tashkil qildi. Bu — oʻtgan yilga nisbatan qariyb 60 foizlik oʻsish degani.

    Yirik savdo sheriklarimiz orasida 5-oʻrinda boʻlib kelgan Turkiyaning 2021-yilda 4-oʻringa koʻtarilganini ham taʼkidlash zarur. Mamlakatlarimiz savdo aylanmasidagi yana bir ijobiy sifat — eksport va import nisbatlarining mutanosibligi. Oʻtgan yili Turkiyadan 1 milliard 698 million dollar hajmda mahsulot xarid qilish barobarida 1 milliard 690 million AQSH dollari miqdorida sotuvlar amalga oshirilgan. Savdo hajmidagi bunday mutanosiblik hamma davlat bilan aloqalarimizda ham kuzatilavermaydi. Hajm koʻp boʻlgani holda, eksport miqdori kam boʻlgan sheriklarimiz ham mavjud. Shu sababli ham, umumiy savdo hajmi boʻyicha toʻrtinchi boʻlsa-da, xorijga eksport miqdori jihatidan Turkiya uchinchi oʻrindagi sherigimiz hisoblanadi.

    Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-investitsiyaviy munosabatlar taraqqiyotini yorqin aks ettiruvchi yana bir raqamga eʼtiboringizni qaratmoqchiman: 2021-yilda mamlakatimizda xorij kapitali asosida ochilgan firmalar soni jihatidan Turkiya yetakchilik qildi. Yil davomida turk sarmoyasi bilan 407 ta yangi tadbirkorlik subyekti faoliyat boshladi va bunday firmalar soni 1882 taga yetdi. Hozirda ushbu koʻrsatkich boʻyicha 3-oʻrinda boʻlgan turk firmalari, yuqoridagi tendensiya saqlanib qoladigan boʻlsa, 2022-yil oxiriga borib 2-oʻringa chiqib olishini taxmin qilish qiyin emas.

    Mazkur koʻrsatkichlar soʻnggi yillarda Turkiya bilan savdo-iqtisodiy sherikligimiz haqiqatan ham yangi bosqichga koʻtarilgani, Turkiya biz uchun strategik iqtisodiy sherikka aylanganini koʻrsatadi. Albatta, bunday natijalarga erishishda turk birodarlarimiz bilan oʻrtamizdagi yaqin milliy-madaniy qadriyatlar, oʻxshash tafakkur va tushunchalarning taʼsiri bilan bir qatorda muhtaram Prezidentimiz tomonidan biz diplomatlar oldiga vazifa qilib qoʻyilgan iqtisodiy diplomatiya borasidagi marralarning oʻrni ham katta. “Turk investori bilan koʻrishmagan kun men uchun bekor oʻtgan boʻladi” degan shior ostida elchixonamizda har kuni kamida bir turk investori bilan muzokara oʻtkazish, har oy Turkiyaning iqtisodiy salohiyatli viloyatlariga safar qilib, mamlakatimizning savdo- investitsiyaviy salohiyatini targʻib qilishni anʼanaga aylantirdik. Eshigimizni qoqqan har bir ishbilarmon bilan obdan gaplashib, imkoniya ti va qobiliyatiga qarab, albatta, Oʻzbekistonga yoʻnaltirish soʻnggi toʻrt yilda asosiy vazifamiz boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

    Kuchli iqtisodiy munosabatlar oʻz-oʻzidan ijtimoiy-gumanitar hamkorlikning rivojlanishiga ham turtki boʻlar ekan. Binobarin, mamlakatlarimiz oʻrtasida bu borada ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani va bundan keyin ham ushbu hamkorlik kengayib boraverishini qayd etish kerak. Oʻzimning ilk mehnat faoliyatim bevosita kadrlar bilan ishlash sohasida boʻlgani sababli ushbu yoʻnalishga bugun ham alohida qiziqish bilan qarayman. Muhtaram Prezidentimizning davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish va kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbus va gʻoyalarini inobatga olib, elchixonamiz ham ushbu yoʻnalishda Turkiya tajribasini chuqur oʻrgandi. Natijada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslari idorasi oʻrtasida juda samarali munosabatlar oʻrnatildi. Oʻtgan yillar davomida yuzlab davlat xizmatchilarining Turkiyada malaka oshirishiga va bu yoʻnalishda qisqa muddatli taʼlim kurslarini tashkil qilishga erishildi. Ushbu ishlarni bu yil ham yanada kengaytirib, davom ettiramiz.

    Yuksak malakali zamonaviy kadrlar tayyorlash haqida gap ketganida, taʼlim tizimining sifati va imkoniyatlari haqida alohida toʻxtalish oʻrinli boʻladi. Zero, har bir jamiyatning taraqqiyoti avvalo milliy taʼlim, jumladan, oliy taʼlim rivojiga bogʻliq. Prezidentimiz ilgari surgan Uchinchi Renessansning eng muhim halqasi ham, hech shubhasiz, ilmiy tadqiqotlarni izchil yoʻlga qoʻya olgan, zamon bilan hamnafas, dunyodagi hamkorlari bilan jadal hamkorlik olib boruvchi professor-oʻqituvchilarimizdir. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim sohasida haqiqatan ham ulkan islohotlar amalga oshirilganiga guvoh boʻlmoqdamiz. 2016-yilda 77 ta boʻlgan oliygohlar soni bugunga kelib 159 taga yetgani, davlat grantlari muntazam oshirib borilayotgani, qisqa muddatda oliy taʼlim qamrovi 28 foizga chiqqani, soʻnggi yillarda 23 ta xorijiy oliygoh ochilgani ham bu boradagi ishlar salmogʻini koʻrsatib turibdi.

    Ushbu yoʻnalishda Turkiya bilan ham muayyan hamkorlik loyihalari amalga oshirildi. Toshkentda faoliyat boshlagan Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi huzuridagi Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti filiali, Buxoroda ochilgan Turkiya tibbiyot fanlari universiteti fakulteti buning yorqin dalilidir. Bevosita davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori sababli bu sohadagi hamkorligimiz ham yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Prezidentimizning takliflari va rahnamoligida Oʻzbek-turk universitetini taʼsis etish ishlari boshlab yuborildi. Poytaxtimizning Yunusobod tumanida barpo qilinadigan mazkur oliy dargoh Yangi Oʻzbekiston kelajagi uchun yetuk kadrlar yetkazib berishga, umuman, salohiyatli turk professor-oʻqituvchilarining bilimlaridan mamlakatimiz xalq xoʻjaligining turli sohalardagi taraqqiyotida foydalanishga xizmat qiladi. Turkiya Oliy taʼlim kengashi raisi, professor Erol Oʻzvar oʻzaro suhbatimizda mazkur universitetning eng ilgʻor va yetakchi dargoh boʻlishi uchun turk tomoni barcha imkoniyatlarni safarbar etishini qayd etdi. Shu yil boshida Erol janoblari Turkiyaning eng nufuzli 10 ta universiteti rektorlari bilan mamlakatimizga tashrif buyurgani ham bejiz emas. Maqsad — oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, Oʻzbek-turk universiteti loyihasini mukammal va eng namunaviy shaklda amalga oshirish.

    Oʻtgan yillar davomida madaniy aloqalarimiz ham yuksak darajaga koʻtarildi. Aslida har qanday ogʻir davrlarda ham madaniy munosabatlarimiz hech qachon toʻxtab qolmaganini qayd etish zarur. Turkiyadagi biror bayram tadbirlari va festivallar Ota Yurt — Oʻzbekistondan kelgan sanʼatkorlar ishtirokisiz oʻtmagan. Oxirgi yillarda bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yangi darajaga koʻtardik. Turk kino ustalari bilan hamkorlikda suratga olingan “Mendirman Jaloliddin” seriali, 2019-yil aprel oyida Xorazm viloyati musiqali drama teatrining Turkiyaga tashkil etilgan ijodiy safari, 2021-yil oktyabrda Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrining Istanbuldagi “Maltepe” xalqaro musobaqasida qatnashib, gʻolib boʻlgani, noyabrda oʻtkazilgan “Qoʻrqut Ota Turk dunyosi filmlari” festivalida sanʼatkorlarimizning muvaffaqiyatli ishtirok etgani bu boradagi ishlarimizning ayrimlari, xolos. 2021-yilning dekabr oyida Turkiyaning turli shaharlarida tashkil etilgan “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” madaniy aloqalarimizdagi loyihalarning gultoji boʻldi, deyish mumkin.

    Mazkur tadbirlarni amalga oshirish jarayonida Turkiyada ishlayotgan, taʼlim olayotgan yoki boshqa maqsadda kelib yashayotgan fuqarolarimiz bilan birga mahalliy aholining ham katta qiziqish bilan ishtirok etgani eʼtiborlidir. Ushbu holat xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va diaspora vakillari bilan munosabatlar sohasida Turkiya misolida alohida yondashuv zarurligini koʻrsatadi. Mamlakatimizdan taʼlim olish, mehnat qilish, oilaviy va boshqa sabablar tufayli vaqtincha Turkiyada boʻlib turgan qariyb 70 ming fuqaromiz qatorida ilgari asrlar davomida kelib joylashgan tarixiy vatandoshlarimizni ham inobatga olishimiz kerak, deb oʻylayman. Yanada kengroq qaralsa, Turkiyadagi aholining deyarli yarmi oʻzini u yoki bu darajada madaniy-tarixiy nuqtayi nazardan Oʻzbekiston bilan bogʻlaydi. Bu yerda suhbatlashgan har ikki turk birodarimizdan biri, albatta, oʻz oilasining qachonlardir Movarounnahrdan koʻchib kelganini va bu koʻchish hikoyasi avloddan-avlodga yetkazilganini aytadi. Shu bilan birga, biz uchun oʻta murakkab mustabid tuzum davrida turli yoʻllar bilan Turkiyaga kelib qolgan va bugunga qadar Vatanimizga maʼnaviy va madaniy nuqtayi nazardan mansublikni unutmagan, “Turkistonliklar” jamiyatlari nomi ostida Istanbul, Adana, Shonli Urfa shaharlarida oʻzbek urf-odat va qadriyatlarini muhofaza qilib kelayotgan yaqin oʻtmishdagi vatandoshlarimizni ham alohida qayd etmoqchiman.

    Soʻnggi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita eʼtiborlari sababli Vatanimizning milliy istiqloli yoʻlida mardonavor kurashgan qahramonlarimizning nomi tiklanib, ularga chuqur hurmat va ehtirom koʻrsatilib, taʼbir joiz boʻlsa, tarixiy adolat joyiga qoʻyilmoqda. Oʻtgan yil avgust oyida yuzdan ortiq ajdodlarimiz oqlangani ham aslida Yangi Oʻzbekistondagi insonparvarlik gʻoyalarining tantanasidir.

    Darvoqe, maqolamiz avvalida tilga olganimiz Saodat aya ham oʻz davrida Vatanimiz milliy ozodligi uchun kurashgan, ammo bolsheviklarning taʼqibi sabab, xorijga chiqib ketishga majbur boʻlgan sheryurak ajdodlarimizdan birining avlodi ekan. Bunday vatandoshlarimiz Turkiyada juda koʻp va ona yurt muhabbati ularning ezgu orzu-niyatlarida, qon-qonida, tarixiy xotirasida hanuz yashamoqda. Davlatimizning ularga qaratayotgan eʼtibori va ehtiromi — koʻp yillardan beri orziqib kutilgan adolatning yorqin ifodasidir. Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi tantanalari arafasida Saodat ayaning farzandi — Adana shahrida yashayotgan oʻzbeklarimiz yetakchisi Usmon Bek “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Unga ana shu yuksak mukofotni taqdim etar ekanmiz, Usmon Bek, u kishining oila aʼzolari va Saodat aya bilan bugungi dorilamon kunlar haqida dildan gurunglashdik. Davlatimiz rahbari haqqiga ezgu duolar qildilar. Onaxonning koʻp yillik hayot tajribalariga asoslangan suhbatlari va oʻgitlarini doimo xotiramizda saqlaymiz.

    Maqolamiz soʻngida muhtarama onaxon bildirgan oʻsha ezgu tilaklarni biz ham chin dildan taʼkidlaymiz: Oʻzbekiston va Turkiya omon boʻlsin!

    Alisher AʼZAMXOʻJAYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasining

    Trukiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi