Oʻzbek-turk uchrashuvi Qishloq xoʻjaligi sohasidagi texnik, ilmiy va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitim doirasida tashkil etilgan. Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi qishloq xoʻjaligi ijroiya qoʻmitasining bundan avvalgi yigʻilishi 2018-yil 18-aprelda Buxoroda oʻtkazilgan edi.

– Ikki mamlakatning agrosanoat majmualari hamkorligini rivojlantirish uchun asosiy idoralararo maydon rolini oʻtovchi ushu yigʻilish bu yili Turkiya Respublikasi qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vaziri Bekir Pakdemirlining tashrifi arafasida oʻtkazilyapti, – dedi Xalqaro hamkorlik va investitsiyalar bosh boshqarmasi boshligʻi Shohruh Tolibov. – Tashrif doirasida, shuningdek, Turkiyaning qishloq xoʻjaligi sohasidagi ishbilarmon doiralari vakillarining ham yurtimizga kelishi kutilyapti. Bu esa, oʻz navbatida, ikki davlat savdo–iqtisodiy aloqalarini kengaytirish hamda agrar sohada yangi investitsion loyihalarni yaratish masalalarini muhokama qilish imkonini beradi.

Uch kunlik tadbirlar doirasida bir nechta uchrashuvlar oʻtkazilib, tomonlar qator yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikning hozirgi ahvoli va istiqbollari borasida fikr almashishadi, jumladan:

– Oʻsimlikshunoslik;

– Oʻsimliklar karantini va himoyasi;

– Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va akvakultura;

– Qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari;

– Qishloq joylarni rivojlantirish;

– Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligi;

– Qishloq xoʻjaligi taʼlimi sohasidagi hamkorlik;

– Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash;

– Urugʻchilik;

– Qishloq xoʻjaligi texnika va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash;

– Qishloq xoʻjaligida standartlashtirish;

– Oʻrmon xoʻjaligi.

Masalalar muhokamasida ASKning sohaga aloqador boshqa vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etadi.

Natijalarga koʻra esa kichik komissiya hamraislari keyin amalga oshiriladigan tegishli bayonnomani tasdiqlaydi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjalik vazirligi matbuot xizmati.