Oʻzbekiston va Turkmaniston – asrlar silsilasida sinalgan doʻstlar

    Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ziyodga koʻpaydi va oʻtgan yil yakunlariga koʻra 530 million dollarga yetdi, 150 dan ortiq qoʻshma korxona tashkil etildi.

    Doʻstga sadoqat, qondosh-qarindoshlik rishtalarini qadrlash, ularning quvonchiga sherik, gʻamiga yelkadosh boʻlish, sinovli damlarda sadoqat va mehr-oqibat koʻrsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan ezgu fazilatdir. Xalqimizning hayoti va turmush tarzining asosi boʻlib kelgan bunday qadriyatlar inson kamolotida va jamiyat rivojida muhim oʻrin tutgan.

    Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistonnning tashqi siyosatini yuritishda bu boradagi azaliy qadriyatlar bardavomligiga alohida eʼtibor qaratilayotgani dunyo mamlakatlari, jumladan, qoʻshni Markaziy Osiyo respublikalari bilan aloqalarni yana-da mustahkamlash, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishda muhim omil boʻlayotir. Davlatimiz rahbarining kuni kecha Turkmaniston Respublikasiga boʻlgan amaliy tashrifi asrlar sinovidan oʻtib kelgan va bugungi kunda yangi bosqichda davom etayotgan ana shunday doʻstlik, qardoshlik aloqalarining yana bir ifodasi boʻldi.

    Prezidentimiz Turkmaniston yetakchisiga otasi Malikguli Berdimuhamedovning vafoti munosabati bilan Oʻzbekiston xalqi va shaxsan oʻzi nomidan chuqur hamdardlik bildirdi. Malikguli Berdimuhamedov turkman xalqining sodiq farzandi va haqiqiy vatanparvar boʻlgani, oʻz yurtining ravnaqiga ulkan hissa qoʻshgani taʼkidlandi.

    Turkmaniston Prezidenti hamdardlik uchun tashakkur izhor etib, birodar oʻzbek xalqi va uning yetakchisi ushbu musibatli damlarda dalda boʻlayotganini yuksak baholashi va qadrlashini alohida qayd etdi. Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston Milliy Kengashining Xalq Maslahati raisi etib saylangani bilan tabrikladi. Bu mamlakat taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirilayotgan siyosat Turkmaniston xalqi tomonidan qatʼiy qoʻllab-quvvatlanayotganining yorqin dalili ekanini taʼkidladi.

    Pandemiya bilan bogʻliq murakkab davrda Oʻzbekiston – Turkmaniston munosabatlari ijobiy surʼat bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ziyodga koʻpaydi va oʻtgan yil yakunlariga koʻra 530 million dollarga yetdi, 150 dan ortiq qoʻshma korxona tashkil etildi.

    Shu bilan bir qatorda, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha, eng avvalo, transport, energetika, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida mavjud salohiyatni yana-da toʻliq ishga solish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

    Xalqaro transport va tranzit yoʻlagini yaratish toʻgʻrisidagi Ashxobod bitimini bundan buyon ham birgalikda ilgari surish, shuningdek, Xitoy – Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz – Turkiya multimodal yoʻnalishining samarali ishlatilishini taʼminlash va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni davom ettirishga tamonlar tayyor ekani taʼkidlandi.

    Muzokaralarda xalqlarimiz yaqinligining eng muhim omili sifatida madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash dolzarb ekani yana bir bor qayd etildi. Prezidentimiz Turkmaniston rahbariga uning xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik munosabatlarining navbatdagi yorqin ramzi sifatida Ashxobod shahrida “Toshkent” bogʻini tashkil etish tashabbusi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

    Hamkorlikni kengaytirish va yangi “oʻsish nuqtalari”ni izlash maqsadida yaqin vaqtda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston –Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga qaror qilindi. Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari ikki mamlakat xalqlarining koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini yana-da mustahkamlash yoʻlida oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillari asosidagi strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashda qatʼiy ekanliklarini tasdiqladilar.

    Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, bugungi kunda yurtimizda bir milliondan ortiq turkman millatiga mansub vatandoshlarimiz istiqomat qilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi yangilanishlar va islohotlarga ular ham oʻz hissasini qoʻshayotir.

    Ishonchimiz komilki, bunday bordi-keldilar azaliy qardoshlik rishtalarimizni yana-da mustahkamlash barobarida mamlakatlarimizning iqtisodiyoti yuksalishiga, mintaqada tinchlik-farovonlik muhitini mustahkamlash va hamkorlik qirralarini kengaytirishga muhim turtki boʻladi.

    Zulayho AKROMOVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

    Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi