“Oʻzatom” agentligi, Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi, Vengriyaning MVM EGI Zrt., Pólus kompaniyalari, OTP Bank Uzbekistan hamda Rossiyaning “Atomstroyeksport” AJ va “Atomenergoproyekt” AJ vakillari muzokaralarda ishtirok etdi.
Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri — stansiyaning ishonchli va samarali faoliyatini taʼminlaydigan muhim uskuna — “quruq” gradirnyalarni yetkazib berish va ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik modellarini muhokama qilish boʻldi.
Muloqotda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, jumladan, erkin iqtisodiy zonada qoʻshma korxona tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu loyihada mahalliy ishtirok ulushini oshirish va hududiy sanoat salohiyatini rivojlantirishga turtki boʻlishi qayd etildi.
Shuningdek, kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. MVM EGI Zrt. mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, taʼlim dasturlari va amaliyot tashkil etishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar shunday hamkorlik Markaziy Osiyodagi eng yirik energetika loyihalaridan biri muvaffaqiyatli amalga oshishiga xizmat qilishini taʼkidlashdi.








