Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev oʻz qutlov soʻzida qadim zamonlardan buyon Yaponiya va Oʻzbekiston xalqlari va madaniyatlarini bogʻlab kelayotgan Buyuk Ipak Yoʻlining madaniy merosini asrab – avaylashning muhimligini taʼkidladi. Amalga oshirilayotgan loyiha Ipak Yoʻli boʻylab topilgan noyob madaniy boyliklarni asrab-avaylashga koʻmaklashish, ularni himoya qilish ishlari samaradorligini oshirish, Oʻzbekiston madaniyati rivojiga katta hissa qoʻshish, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorligining timsoliga aylanishga qaratilgan.
Ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan ushbu loyiha doirasida Oʻzbekistonda yapon texnologiyalari va madaniy meros obyektlari va predmetlarini saqlash boʻyicha tajribasini joriy etish koʻzda tutilgan.
Xususan, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, Oʻzbekiston davlat tarix muzeyi va Termiz arxeologiya muzeyiga kolleksiyalar va eksponatlarni asrash uchun uskunalar, shuningdek raqamli arxivlash uchun zarur uskunalar, shu jumladan 3D skanerlar, 360 darajada suratga oladigan kameralar va boshqa jihozlar topshiriladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.