Oʻzbekiston — xavfsiz sayohat kafolatlangan diyor

    Turkiya Oʻzbekistonda koʻrilayotgan choralarni pandemiya nuqtayi nazaridan tahlil qildi.

    Yevrosiyo tadqiqot institutining tahliliy byulletenida turizm sohasida koronaviurs pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha Oʻzbekistonda koʻrilayotgan samarali chora-tadbirlar toʻgʻrisida maqola chop etildi, deya xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.

    Ushbu maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida dunyoda kuzatilayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozning yangi turdagi koronavirus pandemiyasi oqibatlarini oldini olish va baratarf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrilayotgani qayd etilgan.

    Nashr muallifi Oʻzbekiston hukumati tomonidan COVID-19 global pandemiyasidan jabr koʻrgan respublikaning turizm sohasini tez tiklash boʻyicha koʻrilayotgan choralarni alohida taʼkidlaydi. Shu bilan birga, maqola muallifi Oʻzbekistonning mamlakatning sayyohlik sanoatini iqtisodiyotning strategik tarmogʻiga aylantirish borasidagi saʼy-harakatlariga yuqori baho beradi.

    Shuningdek, muallif soʻnggi yillarda viza tartibini liberallashtirish, sayyohlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirish boʻyicha Oʻzbekiston hukumati tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarni taʼkidlab oʻtgan. Oʻzbekistonning barcha viloyat aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimining joriy etilishi chet ellik mutaxassislarda katta qiziqish uygʻotayotgani ham aytib oʻtilgan.

    Maqolada global COVID-19 pandemiyasi sharoitida xavfsiz turizm uchun, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham eʼtiborga molik chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani taʼkidlangan. Xavfsiz sayohat kafolatlangan Oʻzbekiston diyori sayyohlik brendining ajralmas qismiga aylanganiga urgʻu berilgan.

    Eslatib oʻtamiz, Yevrosiyo tadqiqot instituti Ahmad Yassaviy xalqaro turk-qozoq universiteti tarkibida faoliyat yuritadi. Institut ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, maʼlumot toʻplash, iqtisodiyot, sanʼat, filologiya, moliya, energetika, xalqaro munosabatlar va boshqa sohalardagi loyihalarni rejalashtirishga yoʻnaltirilgan.

    Bundan tashqari, institut mintaqaning tarixiy va madaniy merosini saqlash, tinchlik va hamkorlikka erishish, siyosiy va iqtisodiy strategiyalar va yangi yoʻnalishlar boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishda qatnashadi.