Bunda oʻzaro ishonchning oʻzi kamlik qiladi. Xalqaro bozorda mustahkam oʻrin egallash uchun xaridor talabiga mos, sifatli mahsulotni hamma mavsumda uzluksiz yetkazib berish zarur.

Bundan bir necha yil oldin mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, anʼanaviy bozorlardan tashqariga chiqish uchun soha oldiga barqaror yetishtirish va yetkazib berish vazifasi qoʻyilgandi. Shunga yarasha qator islohotlar oʻtkazildi, aniq saʼy-harakatlar bajarildi. Natijada Oʻzbekiston oʻtgan yili bir qancha xorijiy davlatlarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib beruvchi barqaror eksportyorlar qatoridan joy oldi.

Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili Oʻzbekistonning meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti qiymati ilk bor 3,2 milliard dollarga yaqinlashdi. Bu salkam 141 foiz oʻsish degani. Yurtimizda yetishtirilgan mahsulotlar qoʻshimcha 18 ta yangi bozorga kirib borib, eksport geografiyamiz 89 davlatga yetdi. Yangi importyorlar qatoriga Gvatemala, Ekvador, Misr, Sloveniya, Daniya, Malta kabi davlatlar qoʻshilgan. Eksport qilingan meva-sabzavotlar turi esa 110 dan oshdi.

Gap faqat raqamlarda emas. Son bilan birga sifat ham oshib boryapti. Eksportda bu eng muhim jihatlardan biri boʻlgani holda keyingi yillarda yurtimizda ayni yoʻnalishda aniq va tizimli ishlar bajarilmoqda. Jahon bozorida mahsulotning sifatidan qadoqlanishigacha, xususan, xalqaro standartlarga mosligi kabi har bir jihat aniq mezonlar asosida oʻlchanadi. Ana shu talablarga javob berish eksport hajmini oshirish barobarida milliy brendni shakllantirishda ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada qilinayotgan ishlar koʻlami esa ancha keng. Avvalo, tuproqni ekinga tayyorlashdan eksportbop mahsulot yetishtirishgacha boʻlgan jarayonni qamrab olgan tizim yaratilgan.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim ERGASHEV bilan suhbatimiz jahon oziq-ovqat bozoridagi asosiy talablar, sifat standartlariga moslik, mamlakatimiz eksport hajmini oshirish yoʻnalishida qilinayotgan ishlar va bu borada asosiy vazifalar xususida boʻldi.

— Jahon bozorida eksport talablarining tobora oshib borayotgani oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bilan ham bogʻliq. Global ekologik xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda mahsulotlar sifatiga talab ortayotgani tabiiy hol. Dunyo aholisi ekologik toza mahsulot isteʼmol qilishga intilyapti. Natijada importyor davlatlar oziq-ovqat, xususan, meva-sabzavotlarni xarid qilishda fitosanitar xavfsizlik talablariga jiddiy eʼtibor qaratyapti, — deydi I.Ergashev. — Biz endi quyoshli oʻlkamizda pishib yetiladigan meva-sabzavotlarning juda mazali, tabiiy ekanini aytish bilangina xaridorlarni ishontira olmaymiz. Vaholanki, yillar davomida shuning oʻzi bilan cheklanganimiz bois, qoʻshni anʼanaviy bozorlardan tashqariga chiqa olmadik. Bugun esa, avvalo, oʻzimizga talablarimiz oʻzgargan. Mahsulotlar soni va sifatini oshirish bilan birga ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, jahon bozorida milliy brendimizni keng yoyishga intilyapmiz. Buning uchun har bir jihat — tuproq sifatidan tortib, mahsulot eksport qilingunga qadar boʻlgan jarayon xalqaro talablar asosida bajarilyapti. Yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qadoqlash, markirovkalash va xalqaro standartlar asosida eksport qilishda tajribamiz oshib bormoqda. Biz bu mexanizmni joriy etib, unga moslashishga erishdik. Endi bularni faqat takomillashtirib boramiz.

Prezidentimizning tegishli qaroriga binoan 2021-yilda tashkil etilgan Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalar ham shulardan iborat. Oʻtgan davrda tashkilot faoliyati yoʻnalishi kengayib, zimmasiga yangi vazifalar yuklandi. Bugun agentlik oʻsimliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini yurituvchi davlat boshqaruvi organidir. Tashkilot tarkibida agentlikning hududiy boshqarmalari, Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika agrokimyoviy tahlil markazi, “Biosifat” respublika markazi faoliyat yuritib kelmoqda.

Ularda mahsulotlar sifati tekshirilib, tegishli fitosanitar sertifikati va karantin ruxsatnomalari beriladi. Shu bilan birga, agentlik oʻsimliklar karantinidagi mahsulotlar turlari, urugʻliklar, oʻsimliklar, oʻsimlik mahsulotlari va ­boshqa materiallarni karantin tekshiruvi hamda laboratoriya ekspertizasidan oʻtkazish; urugʻliklar, oʻsimliklar, oʻsimlik xomashyosi, boshqa oʻsimlik mahsulotlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari (xalq isteʼmoli tovarlari)ni mamlakat ichida tashish, eksport qilish uchun olib chiqishning karantin qoidalari hamda ulardan foydalanish shartlarini tasdiqlash; mamlakatimiz uchun oʻsimliklar karantinida boʻlgan zararli organizmlar, chetdan kiritilishi mumkin boʻlmagan ekish materiallari, oʻsimliklar karantini ostidagi mahsulotlar, respublikamiz hududidan olib chiqilishi mumkin boʻlmagan ­oʻsimliklar karantinidagi mahsulotlar roʻyxatini tasdiqlash; zararli organizmlarga qarshi kurashning biologik usulini keng qoʻllash choralarini koʻrish kabi koʻplab vazifalarga ham masʼul.

Xalqaro tartib-tamoyillarga asosan Oʻzbekistondan eksport qilinadigan mahsulotlar, avvalo, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi huzuridagi Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi va laboratoriyaning hududiy filiallarida ekspertizadan oʻtkaziladi. Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan mazkur laboratoriya xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan boʻlib, tuzilma taqdim etadigan xulosalar asosida meva-sabzavotlar eksport qilinadi. Markaz eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Bugun 6 yoʻnalishdagi fitosanitariya ekspertizalarini oʻtkazish, oʻsimliklarning barcha yoʻnalishida kasallik va zararkunandalarni aniqlash imkoniyati mavjud. Masalan, pomidor va bulgʻor qalampiri uzluksiz ravishda 8 soat davomida PZR tekshiruvidan oʻtkaziladi va ijobiy natija koʻrsatsagina eksportga ruxsat etiladi. Oʻtgan yili laboratoriyada import qilingan mahsulotlar boʻyicha 324,8 mingta ekspertiza oʻtkazildi. Shundan 940 holatda 27 turdagi karantin obyektlari aniqlanib, xavfli zararli organizmlar kirib kelishining oldi olindi va tegishli choralar koʻrildi.

Shuningdek, 2025-yilda 9 davlatga 39 turdagi mahsulot eksporti uchun fitosanitar ruxsatnomalari olindi. Natijada fitosanitar ruxsatnomalar soni 647 taga yetdi. Yaʼni eksportga chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati tekshirilgach, ularga tegishli xalqaro sertifikat beriladi. Shundan keyingina xorijga chiqariladi.

Boisi, eksportga tayyorlanayotgan mahsulot fitosanitar xavfsiz, turli kasallik va zararkunandalardan xoli boʻlishi lozim. Aks holda, bu importyorning ishonchiga putur yetkazish barobarida milliy brendga dogʻ boʻlib tushadi hamda eksport hajmining qisqarishiga olib keladi. Chunki eksport bir korxona yoki shaxsning emas, balki mamlakat manfaatini ifodalaydigan muhim jarayondir.

Keyingi yillarda jahon bozorida mahsulotlar qadogʻiga ham eʼtibor oshmoqda. Qadoq qancha zamonaviy, noodatiy, xalqaro markirovka talablariga mos boʻlsa, mahsulotning xaridorgirligi shuncha oshmoqda. Chunki bugun qadoq faqat chiroyli koʻrinish emas, balki ekologik, mustahkam, tashishga qulay va zarur axborot aks ettirilgan muhim oʻramdir. Xalqaro Global GAP sifat talablariga koʻra, qadoqda aniq maʼlumotlar, original dizayn va QR-kod boʻlishi zarur. Xaridor ushbu kod orqali mahsulot haqidagi barcha maʼlumotlar hamda sertifikatlarini osongina tekshiradi.

— 2025-yil mamlakatimiz qishloq xoʻjaligini takomillashtirish va yangilash yili boʻlgani taʼkidlanmoqda. Sohadagi raqamlar, koʻrsatkichlar ham shuni koʻrsatyapti. Xususan, meva-sabzavot eksporti hajmi sezilarli oshib, oʻnlab yangi bozorlarga kirib borildi. Ayrim mevalarimiz rekord darajada eksport qilindi, shunday emasmi?

— Haqiqatan, oʻtgan yil koʻplab sohalar qatori qishloq xoʻjaligida ham sermahsul boʻldi. Biz shunday islohotlar davrida bu natijalarni endi shunchaki ob-havo yoki boshqa tabiiy omillar bilan bogʻlay olmaymiz. Chunki erishilayotgan natijalar asosida sohadagi katta amaliy ishlar, ilmiy asoslangan saʼy-harakatlar, ilgʻor texnologiyalarning joriy etilishi va albatta, shu yoʻnalishdagi dehqon, fermer, tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar mujassam. Bu boradagi chora-tadbirlar oʻtgan yili boshidanoq Prezidentimizning tegishli qarori asosida belgilanib, aniq ishlarga kirishilgan edi. Birgina imtiyozlar yoʻnalishida olsak, dehqon va fermerlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, subsidiya va kreditlar tizimini soddalashtirish boʻyicha yangi mexanizmlar joriy etildi. Meva-sabzavot eksporti bilan shugʻullanuvchi korxonalarga qator imtiyoz va yengilliklar berildi. Masalan, mahsulotini zamonaviy qadoqlarda eksport qiladigan korxonalar uchun foyda soligʻi 15 foizdan 1 foizga tushirildi. Ularning xodimlari uchun qoʻllanadigan 12 foizli ijtimoiy soliqlar ham 1 foizga qisqartirildi. Qolaversa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini aholi tomorqalari, dehqon va fermerlardan yigʻib, saralab, zamonaviy qadoqlab, eksport qilgan korxonalarga har bir qadoqning 3000 soʻmdan oshmagan qismi qoplab berilishi tartibi joriy etildi. Faoliyatida xalqaro standartlarni qoʻllagan tadbirkorlik subyektlarining esa sertifikat olish xarajati toʻliq qoplab berilmoqda. Bularning barchasi eksportyor korxonalarning soliq yuklamasi kamayib, mablagʻni tejashi va daromadi oshishiga xizmat qilyapti.

Umuman, oʻtgan yili Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi uchun ham masʼuliyatli, sermazmun va samarali kechdi. Yil davomida mamlakatimiz fitosanitar xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, dalalar chetidan samarali foydalanish, eksportyor tadbirkorlar faoliyatini davlat koʻmagida rivojlantirish, qadoqlangan mahsulotlar eksporti orqali toʻlov qobiliyati yuqori davlatlarga Oʻzbekiston mahsulotlarini olib chiqish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida izchil ishlar bajarildi.

Mamlakatimiz boʻylab qiymati 34 million dollardan ortiq salkam 2 million tonna quvvatga ega, qadoq mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha 27 ta loyiha ishga tushirildi. Mahsulot yetishtiruvchi, yigʻuvchi, tayyorlovchi hamda eksportchilar ishtirokida 388 ta qishloq xoʻjaligi kooperativi tashkil qilindi. Organik sertifikatga ega ekin maydonlari 13 ming gektarga yetkazildi.

Tizim toʻliq raqamlashib borayotgani ham eksport jarayonini tez va sifatli yoʻlga qoʻyishga xizmat qilyapti. Masalan, oʻtgan yili agentlikning “E-fito.uz” axborot tizimi Bojxona qoʻmitasi elektron platformasi bilan integratsiya qilindi. Bu orqali meva-sabzavot mahsulotlari eksporti statistikasini ular yetishtirilgan hudud boʻyicha shakllantirish mexanizmi ishga tushirildi. Shuningdek, 52 ming 273 ta fermer xoʻjaligida “Dala daftari”ni yuritish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Asosiy natijalar yurtimiz meva-sabzavoti eksporti hajmida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Bu yoʻnalishda eksport geo­grafiyamiz 89 davlatga yetishi ­barobarida, Oʻzbekiston koʻplab mamlakatlar uchun barqaror mahsulot yetkazib beruvchi eksportyorga aylandi. Ilk bor Moʻgʻulistonga 1 million 481 ming dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi.

Birgina Janubiy Koreyaga gilos va anor eksporti boʻyicha mamlakatimiz yetakchi ­oʻringa chiqdi. Joriy yildan ushbu davlatga gilos eksporti hajmini yanada oshirish koʻzlangan. Janubiy Koreya bozorlariga ushbu mevani toʻgʻridan toʻgʻri olib kirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazilyapti. Bunga imkoniyatimiz yetarli. Avvalo, intensiv bogʻlar maydonini kengaytirish, eksportbop navlarni koʻpaytirish, saqlash va qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirishni davom ettirish zarur. Eng muhim talablardan yana biri esa fitosanitar xavfsizlikni taʼminlashdir. Shu sababli 2026-yilning meva eksporti mavsumiga hozirdan tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Axir, Janubiy Koreyanikidek talabchan bozorlarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmining ortishi meva-sabzavotlarni yetishtirish, qadoqlash, markirovkalash borasidagi talablarni yanada keng joriy etishni taqozo qiladi.

Eksport hajmining ortishida xalqaro koʻrgazmalarning ham oʻrni katta. Avvallari tadbirkorlarimizning bunday koʻrgazmalarda ishtirok etishi bir mashaqqat boʻlsa, u yerda hamkorlar topish yanada murakkab edi. Hozir esa, aksincha, bunday xalqaro koʻrgazmalar aynan yangi hamkorlar topishda zarur maydonga aylangan. Shu bois, mahalliy tadbirkorlarning ulardagi ishtirokini davlatimiz har tomonlama qoʻllab-quvvatlayapti.

Oʻtgan yili birgina Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi koʻmagida 200 ga yaqin eksportchi korxona vakillari xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etdi. Turli davlatlarda tashkil etilgan “Oʻzbekiston mahsulotlari” savdo yarmarkalari doirasida 150 dan ortiq eksportyor jami 23,5 million dollarlik eksportoldi kelishuvlarga erishdi. BAA, Shvetsiya, Malayziya, Yaponiya, Moʻgʻuliston kabi davlatlarning yirik savdo tarmoqlarida uzum, anor, qovun, olxoʻri, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavotlarning doimiy sotuvi yoʻlga qoʻyildi.

— Oʻzbekiston 2026-yilda Jahon savdo tashkilotining teng huquqli aʼzosi boʻlishni maqsad qilgan. Bu yanada katta bozor sari yoʻl degani. Shu bilan birga, mahsulotlarimiz eksportida xalqaro talablar yanada qatʼiylashadi. Bunga moslashish boʻyicha, umuman, joriy yilda ushbu yoʻnalishda qanday vazifalar belgilab olingan?

— 2030-yilgacha mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti qiymatini 10 milliard dollarga yetkazishdek yuqori marrani koʻzlaganmiz. Shundan kelib chiqib, joriy yilda oldimizga qoʻyilgan vazifalar ham, koʻzlangan marralar ham nihoyatda salmoqli. Avvalo, meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini 140 foizdan oshirishni boshlangʻich maqsad qilganmiz. Boisi, JSTga aʼzolik bu kutilmani yanada oshirishi mumkin. Har qanday holatda ham eksport geografiyasini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish ishlari faol davom ettiriladi.

Eksportda yuqori natijani taʼminlash hosildorlikni oshirish bilan bogʻliq. Shu bois, joriy yilda yurtimiz qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish, dala chetlarida ham iqlimga mos olcha, olxoʻri kabi mevalarni yetishtirish rejalashtirilgan. Qolaversa, 4,3 million gektar yerda dala nazorati monitoringini oʻtkazish, 731 ming gektar maydonda agrokim­yoviy kartogramma ishlab chiqish, pestitsid va mineral oʻgʻitlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy qilish ishlari boshlab yuborilgan.

Mineral oʻgʻitlar va kimyoviy vositalar bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari hamda fermer xoʻjaliklarining davlat roʻyxatidan oʻtmagan kimyoviy vositalarni qoʻllamasligi boʻyicha yangi tartibni ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilish, xususiy sektorning zararsizlantirish (fumigatsiya) tadbirlarini amalga oshirishi tartibini tasdiqlash kabi qator amaliy vazifalar ham belgilangan.

Bu vazifalar jahon standartlariga moslangan boʻlib, ularning aynan xalqaro talablar bilan uygʻunligiga alohida ­eʼtibor qaratiladi. Boisi, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi mahsulotlar eksporti hajmini oshirish uchun imkoniyat taqdim etishi bilan birga yangi tartib-taomillarni joriy etishni taqozo qiladi. Laboratoriya tekshiruvlari, sifat nazorati va boshqalar shular jumlasidan.

Shu bois, yangi joriy etilgan ana shunday tartiblardan biriga koʻra, 2026-yil

1-yanvardan boshlab Oʻzbekistondan eksport qilinayotgan barcha turdagi qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari, jumladan, quritilgan mahsulotlar “Certificate of Analysis” (CoA) tahlilidan oʻtkazilishi talab etiladi. Mazkur talab Oʻzbekistondan Yevropa Ittifoqi davlatlari bozoriga eksport qilinayotgan mahsulotlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan “Atyab International Services” hamda “Control Union” xalqaro laboratoriyalarini jalb etgan holda joriy qilinmoqda.

“Atyab International Services” oziq-ovqat xavfsizligi, laboratoriya tahlillari va muvofiqlikni baholash sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilot boʻlib, Yevropa va Yaqin Sharq bozorlari uchun qabul qilinadigan tahlil natijalarini taqdim etadi. “Control Union” esa 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yurituvchi, oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sohasida xalqaro standartlar asosida sertifikatlash va laboratoriya xizmatlarini koʻrsatuvchi nufuzli tashkilot.

“Certificate of Analysis” tahlili esa pestitsid qoldiqlari, ogʻir metallar, mahsulotning mikrobiologik xavfsizligi hamda boshqa muhim texnik va sanitar koʻrsatkichlar boʻyicha tekshiradi. Yangi mexanizm eksportdan oldin mahsulotlarning xalqaro standartlar va import qiluvchi davlatlar reglamentlariga toʻliq muvofiqligini tasdiqlashga qaratilgan boʻlib, eksport jarayonidagi xavf-xatarlarni bartaraf etish imkonini beradi. Natijada eksport mahsulotlarining xavfsizligi va sifati kafolatlanadi, eksportchilar moliyaviy yoʻqotishlardan himoya qilinadi, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro bozorlarda Oʻzbekiston mahsulotlariga ishonch mustahkamlanadi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.