Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdan tashqari Arab-islom qoʻshma sammitida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.
Ikkinchi bor oʻtkazilayotgan Arab-islom qoʻshma sammiti Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan. Anjumanda Yaqin Sharq muammosini hal qilish, xususan, Isroilning Falastin va Livandagi harbiy harakatlarini toʻxtatish yuzasidan oliy darajada fikr almashish rejalashtirilgan.
Mazkur anjumanning Arab-islom qoʻshma sammiti deb nomlanishiga oʻtgan yili Arab davlatlari uyushmasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining alohida sammitlarining birgalikda oʻtkazilgani sabab boʻldi. Shundan soʻng, mazkur ikki tashkilotning oliy darajadagi majlislarini Arab-islom qoʻshma sammiti nomi ostida oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Tadbirdan avval tashqi ishlar vazirlari darajasidagi yigʻilish boʻlib oʻtadi. Unda asosiy tadbir kun tartibi va qabul qilinadigan Qoʻshma bayonot loyihasi koʻrib chiqilishi koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston va arab davlatlari xalqlari oʻrtasidagi munosabatlar tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va anʼanalar, muqaddas islom dinimiz ularning asosini tashkil etadi. Movarounnahr va arab diyorlari oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda oʻrta asrlarda yashab oʻtgan buyuk mutafakkir va allomalarimizning beqiyos xizmatlari bor.
Hozirgi xavf-xatarlarga qaramay, ikkala mintaqa ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni boʻlib kelmoqda. Ayni paytda Oʻzbekiston arab davlatlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaramoqda.
Oʻzbekiston arab-islom mamlakatlari bilan savdo va transport bogʻliqligini kuchaytirishdan manfaatdor. Xususan, arab dunyosi bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega boʻlib qolmoqda.
Turizm sohasi ham oʻzaro aloqalarni muhim yoʻnalishi hisoblanadi. Oʻzbekiston «Koʻrfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo« yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun moʻljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qoʻshma turistik mahsulotlarni koʻpaytirish va boshqa takliflarni ilgari surmoqda.
Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkiloti doirasida dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlariga qarshi birgalikda kurashish masalasiga alohida eʼtibor qaratayotir. Xususan, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash sohasida, shuningdek, bunday tahdidlarning internet va vositalar orqali tarqalishidan yoshlarni himoya qilish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi bir qator sammitlarda taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi minbari, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar sammitlarida Yaqin Sharqdagi mojaroni tinch yoʻl bilan hal etish va mamlakatimizning bu boradagi pozitsiyasini ochiq oydin taʼkidlab kelmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu mintaqadagi mojaro tobora keskinlashib borayotgani, bu esa qoʻshni mamlakatlar va yirik davlatlarning mazkur muammo domiga tortilishi oqibatida global inqirozning yirik oʻchogʻiga aylanib ketishi mumkinligini tashvish bilan qayd etyapti.
Xususan, 2023-yil 9-noyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida davlatimiz rahbari oʻtkir xalqaro va mintaqaviy muammolarga, shu jumladan Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi vaziyatga ham toʻxtalib oʻtdi. Gʻazo sektoridagi harbiy harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, tinchlik muzokaralarini boshlash va oqilona murosaga kelishga chaqirdi. Falastin xalqi BMT rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan oʻzining mustaqil davlatini barpo etishga huquqi borasidagi Oʻzbekistonning qatʼiy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-oktyabr kuni Qozon shahrida boʻlib oʻtgan «BRIKS plyus« anjumanining yalpi majlisidagi nutqida ushbu muammoga toʻxtalar ekan, jumladan shunday dedi:
«Biz Gʻazo va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi ogʻriq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon boʻlishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi. Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – «ikki xalq uchun ikki davlat« tamoyili asosida mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻlib qolmoqda«.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, bugungi kunda oʻt ochishni zudlik bilan toʻxtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam koʻrsatish kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar ekani taʼkidladi.
Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkilotining shu yil 6-iyul kuni boʻlib oʻtgan oliy darajadagi sammiti Oʻzbekistonning ushbu muammo boʻyicha aniq fikri yana bir karra tasdiqlandi. Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni taʼminlashning eng asosiy sharti ekanligi alohida urgʻulandi.
6-noyabr kuni Bishkek shahrida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ham Yaqin Sharq muammosi muhokamalarning asosiy mavzusi boʻldi. Oʻzbekiston Prezidenti mazkur sammitdagi tahliliy nutqida Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlardan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olganini alohida taʼkidladi. Qayd etilganidek, yetakchi davlatlar oʻrtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush oʻchoqlari koʻpayib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.
«Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi qoʻshma reja va katta loyihalarga jiddiy toʻsiq boʻlmoqda«, dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Shu maʼnoda, siyosat va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, tashkilotga aʼzo mamlakatlarning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib, xalqaro muammolar boʻyicha yakdil va aniq pozitsiyani faol ilgari surish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Bu oʻrinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. Gʻazo sektori va Livandagi misli koʻrilmagan gumanitar fojia, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon boʻlayotgani alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish boʻyicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlar qoralandi.
Mazkur koʻp yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro meʼyoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq 1967-yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus boʻlgan mustaqil Falastin davlatini tuzish ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti keyingi hafta Ar-Riyoz shahrida oʻtadigan arab-islom davlatlari sammitida bu muammoga konstruktiv siyosiy yechim topilishiga umid bildirdi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 31-oktyabr kuni oʻtkazgan yigʻilishda Gʻazo sektori aholisiga baholi qudrat yordam koʻrsatish uchun BMTning Yaqin Sharq agentligiga 1,5 million dollar ajratish haqida qaror qabul qilganini maʼlum qilgandi edi.
«Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qatʼiy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq oʻz mustaqil davlatini barpo etishga boʻlgan huquqini qoʻllab-quvvatlaymiz«, — degan edi Oʻzbekiston yetakchisi.
2023-yil 1-noyabr kuni esa «Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga gumanitar yordam ajratish toʻgʻrisida«gi qaror qabul qilindi.
Qaror bilan, falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish boʻyicha BMTning Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) tomonidan olib borilayotgan Falastin xalqi uchun gumanitar yordam koʻrsatish tadbirlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Agentlikka gumanitar yordam koʻrsatish uchun 1,5 million AQSH dollari ajratildi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlab oʻtish kerakki, davlatimiz rahbarining Arab-islom qoʻshma sammitida ishtirok etishi dunyoda kechayotgan global chaqiriqlarni muvaffaqiyatli hal etish, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, xalqaro munosabatlardagi zamonaviy murakkab jarayonlarning kelgusi rivojini chuqur anglash, shu bilan birga, xalqaro masalalarni hal etishda chinakam xohish va intilish namoyon ekanligidan darak beradi.