Joriy yilning 26 dekabr` holatiga Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg'or texnologiyalar markazi tomonidan berilgan ma'lumotga ko'ra, O'zbekistonda 488 nafar ko'ngilli emlandi. Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan mazkur ZF2001 rekombinant vaktsinasining sinovlari ikki-tomonlama noma'lum, plattsebo nazorat usulda olib borilmoqda.

Ushbu tadqiqot butun dunyo bo'yicha bir necha markazlarda, 18 yoshdan oshgan jami 29 000 ko'ngilli ishtirokchilarni qamrab oladi. Xitoydagi ko'ngillilarda vaktsinaning xavfsizligi va immunogenligi tekshiriladi. Xitoydan tashqaridagi davlatlarda esa vaktsinaning xavfsizligi, himoyaviy samaradorligi va immunogenligi o'rganiladi.

Bugungi kunga kelib, ushbu vaktsinaning I va II faza klinik tadqiqotlari o'tkazilgan bo'lib, ushbu vaktsina kandidatining xavfsiz ekanligini ko'rsatdi. Shu sababdan ham vaktsinaning xavfsizligi va COVID-19 infektsiyasini oldini olishdagi samaradorligini aniqlash maqsadida, hamda vaktsinaning ishlab chiqarilishiga ruxsat etilishi va tez orada keng miqyosda qo'llanilishini ta'minlash maqsadida III faza klinik tadqiqotlari o'tkazilishi rejalashtirilgan.