Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, CMS ijrochi kotibi Emi Frenkel, IUN Butunjahon muhofaza etiladigan tabiiy hududlar komissiyasi raisi Madhu Rao, Yirik landshaftlarni saqlash markazi (CLLC) bosh ijrochi direktori, IUCN WCPA tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar guruhi raisi Gari Tabor, Wildlife Connect tashabbusi rahbari Rafael Antelo, «limate Chane» assotsiatsiyasi prezidenti Ronan Dantek, Bioxilma-xillik, tabiat va salomatlik (ICLEI Africa) direktori Ingrid Koetzi va boshqalar ishtirok etdi.
«O‘zbekiston ushbu yangi Hamkorlikka muhim hissa qo‘shishdan va loyiha muvaffaqiyatining ajralmas qismi bo‘lgan uzoq muddatli majburiyatlarni taklif qilishdan mamnun. Yangi Global hamkorlikning yaratilishi bizning jamoaviy sa'y-harakatlarimizda burilish nuqtasi bo‘ldi. U turli manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlik platformasini ta'minlaydi, butun dunyo bo‘ylab ekologik aloqalarni saqlash, kengaytirish va tiklash bo‘yicha strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga yordam beradi», — dedi Aziz Abduhakimov o‘zining tabrik nutqida.
Sessiya davomida Emi Frankel loyihani taqdim etdi va uning ahamiyati haqida gapirdi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Tadbirda GPEC loyihasi ekologik bog‘liqlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini hal etish, kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish, milliy, transchegaraviy va xalqaro miqyosda aloqalarni saqlab qolish hamda tiklash bo‘yicha siyosat va tadbirlarni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishi ta’kidlandi. Loyiha 4 ta asosiy jihatga: tadqiqot, ma’lumotlar va monitoring; ekologik siyosat va qonunchilik; samarali bajarish; xabardorlikni oshirish va tushuntirish ishlarini olib borishga qaratiladi.