Shunga asosan 2024-yil 13-mayda “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlari forumi Samarqand shahrida oʻz ishini boshladi.
Forumda 30 dan ortiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan nufuzli mehmonlar – Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol aʼzolari, hukumatlari rahbarlari, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda xorijiy tashkilotlarning 40 nafardan ortiq vakillari, shuningdek, mahalliy davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ayol rahbarlar, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy soha faollari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalarning jami 400 ga yaqin vakillari hamda faol xotin-qizlar ishtirok etyapti.
Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilarga yoʻllagan tabrigini Senat Raisi Tanzila Narbayeva oʻqib eshittirdi.
Shundan soʻng Senat Raisi — Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqib, jahon miqyosida siyosiy-iqtisodiy beqarorlik holati davom etayotgan, turli nizolar, yangi xatarlar xavfi yuqori boʻlayotgan bir sharoitda xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar sohalardagi faol ishtirokini taʼminlash har qachongidanda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, Senat Raisi Osiyo mintaqasida ayollarning oʻzaro tajriba almashish boʻyicha ijobiy amaliyotga egaligini, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti bugungi kunda gender tenglikni taʼminlash, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid mintaqadagi dolzarb muammolarni hal qilishda samarali platforma sifatida xizmat qilayotganini, uning tajribasi asosida butun Osiyo ayollarini birlashtirish zarur ekanligini aytib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, xotin-qizlarning manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash va oilalar mustahkamligi masalalari siyosatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda maʼnaviy hayotida, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib boryapti.
Qisqa davr ichida sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi, soʻnggi 5-yilda 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi bunga yorqin misoldir.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi muhim qonunlar qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi.
Gender tenglik siyosatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va uni toʻlaqonli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida 2030-yilga qadar moʻljallangan gender strategiyasi qabul qilindi. Uni barcha soha va tarmoqlarga joriy etish ishlari jadallik bilan olib borilyapti.
Qonunchilikka normativ-huquqiy hujjatlarni gender ekspertizadan oʻtkazish, genderga asoslangan milliy byudjetni qabul qilish, gender audit kabi tushunchalar kiritilib, amaliyotga joriy etilyapti.
Shuningdek, forumda Oʻzbekiston parlamenti yuqori va quyi palatalarida, mahalliy Kengash deputatlari tarkibida, ijro organlarida ham ayollar oʻrni ortib borayotgani qayd etilib, bugun ayol vazirlar, vazir oʻrinbosarlari, hokimlar va hokim oʻrinbosari, yirik nodavlat notijorat tashkiloti rahbari lavozimidagi xotin-qizlar sinfi paydo boʻlgani hamda yil sayin ularning soni ortib borayotgani alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, forumda BMT Bosh kotibi oʻrinbosari va “BMT-Ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus, BMTning Jenevadagi boʻlimi bosh direktori Tatyana Valovaya, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong hamda bir qator davlatlarning parlamentlari rahbarlari soʻzga chiqib, forumning maqsad va vazifalari, ahamiyati hamda undan kutilayotgan natijalarga toʻxtalib oʻtdi.
Ochilish marosimidan soʻng ishtirokchilar oʻzaro tajribalar bilan oʻrtoqlashish, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlarning bu boradagi zamonaviy yondashuvlarini oʻrganish maqsadida parallel sessiyalarga boʻlingan holda ish boshladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.