Bugungi kunda Islom banklari daromadi yiliga 15-20 foiz, aktivlari esa 20 foizga oshmoqda.
Mamlakatimizda Islomiy moliyalashtirish ishlari 2004-yilda boshlangan boʻlib, bu Oʻzbekistonning Islom taraqqiyot banki (ITB) aʼzoligiga qoʻshilishi bilan bogʻliq. Bu yurtimiz iqtisodiyoti uchun yangi yoʻnalish boʻlib, unga bugun biznes tarafdan ham, aholi tomonidan ham ehtiyoj mavjud. Mamlakatimiz aholisining 90 foizidan yuqori qismi Islom diniga eʼtiqod qilishi va eʼtiqodi tufayli 15-20 foizga yaqin aholi anʼanaviy kreditlash tizimidan foydalanmayotganini hisobga olsak, muqobil kreditlash tizimi orqali mazkur qatlam toʻliq qamrab olinishi mumkin.
Musulmon davlatlaridagi mavjud islomiy moliyalashtirishga asoslangan banklar, investitsiya fondlari va kompaniyalarning mablagʻlarini yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash maqsadida jalb etish ayni muddaodir. Buning uchun, albatta, mamlakatimiz bank tizimiga yangicha yondashuv bilan nazar solmoq lozim. Yaʼni, anʼanaviy moliyalashtirish mexanizmlari bilan bir qatorda sherikchilikka asoslangan moliyalashtirish mexanizmlarini ham joriy etish muhim hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga hamda xalqimizga qilgan Murojaatnomasida “endigi vazifa – chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror oʻsishning poydevorini yaratishdan iborat” ekani bejiz taʼkidlanmadi. Iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirish uchun moliyaviy-investitsion resurslarni jalb etish usullaridan biri islomiy banking vositalari, islomiy kapital bozori hamda islomiy nobank va mikromoliyaviy muassasalardan foydalanish hisoblanadi. Shuningdek, moliyaviy xizmatlar, kapital va sugʻurta bozorlarini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu sohada raqobat muhitini yaratish maqsadida davlat rahbari Murojaatnomada mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish boʻyicha huquqiy bazani yaratish vaqti-soati kelganini alohida eʼtirof etib oʻtdilar.
Oʻzbekiston bank-moliya tizimiga islomiy moliyalash tamoyilining tatbiq etilishi moliyalashtirishni yana-da kengaytirish, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish, real ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, Islomiy moliyalashtirishni muvaffaqiyatli joriy etayotgan dunyoviy davlat sifatida Oʻzbekiston obroʻsining koʻtarilishi, ijtimoiy adolatni mustahkamlash, muqobil moliyaviy mahsulotlar paydo boʻlishi hisobiga aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Ushbu sohaning rivoji gʻarb mamlakatlari qoʻllab-quvvatlovining oshishiga, sudxoʻrlik, qarz yukining pasayishida va korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, davlat rahbari oʻz Murojaatida belgilab bergan vazifalarni amalga oshirish maqsadida hukumat anʼanaviy banking bilan bir qatorda Islomiy moliya xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqishi lozim. Ushbu yoʻl xaritasi mavjud qonunchilikni (bank faoliyati, soliq, qimmatli qogʻozlar va sugʻurta faoliyatiga doir qonunchilikka qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish) takomillashtirish, targʻibot ishlarini olib borish, Islomiy moliya infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro hamkorlik va davlat-xususiy sherikchilik sektorini taraqqiy ettirish, ilmiy-oʻquv ishlarini yaxshilash va investorlar bilan ishlashni oʻz ichiga olishi zarur.
Jahongir ABDURASULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi