Ushbu olimpiadada Matematika fanidan 7-8-sinf oʻquvchilari oʻrtasida tashkil etilgan Al-Xorazmiy olimpiadasining hududiy bosqichida 1-2-3-oʻrinlarni egallagan oʻquvchilar ishtirok etishi belgilangan.
Bundan tashqari 2-al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasida bir qator xorijiy davlatlardan ham terma jamoalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Xalqaro olimpiadada ishtirokchilarga 2 kun davomida yozma ish uchun 4 tadan masala berilib, har bir masala 10 ball bilan baholanadi. Masalalarni yechish uchun ishtirokchilarga har kuni 4 soatdan vaqt beriladi. Jami ikki tur uchun maksimal ball 80 ballni tashkil qiladi.
Xalqaro olimpiada yakunida gʻoliblar aniqlanadi va gʻoliblar ulushi ishtirokchilarning 60 foizidan ortiq boʻlmagan qismini tashkil etadi. Xalqaro olimpiada gʻoliblariga oltin, kumush, bronza medallari hamda tegishli diplomlar topshiriladi.
Xalqaro olimpiadaning yakuniy natijalariga koʻra, 2008-yil 27-dekabr va undan keyin tugʻilgan ishtirokchilar orasidan eng yaxshi natija koʻrsatgan 6 nafar oʻquvchilar xalqaro 28-Oʻsmirlar oʻrtasida Bolqon matematika olimpiadasida ishtirok etadigan Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibiga kiritiladi. Mazkur xalqaro olimpiada 2024-yilning 25-30-iyun kunlari Turkiya davlatida boʻlib oʻtadi.