Oʻzbekistonda ilk bora restavratorlar seminari oʻtkazilmoqda

    Aziz Abduhakimov oʻz nutqida Oʻrta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etishni taklif qildi.

    5-6-oktyabr kunlari Samarqandda ilk bor “Oʻzbekistonda restavratsiya sanʼatini qayta tiklash madaniy meros va madaniy yodgorliklarni asrashga doir dolzarb masalalar” mavzusida restavratorlar seminari oʻtkazilmoqda.

    Ushbu seminarda Oʻzbekistonning barcha restavrator ustalari ishtirok etyapti.

    Seminarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari-Turizm va madaniy meros vaziri A.Abduhakimov ochib berdi.

    — Madaniy meros obyektlari, tarixiy obidalar bu faqatgina turizm obyekti emas, birinchi navbatda bu xalqimizning boyligi hisoblanadi. Ularda millatimizning buyuk tarixi, madaniyati aks etgan.

    Tan olish kerak sohada mutaxassislar yetishmaydi, ayrim hollarda tarixiy obidalarni taʼmirlash, tiklash ishlari madaniy merosni qiymati, qadrini tushunmaydigan shaxslarga topshirilgan. Meʼmorchilik sanʼatining durdonalarini restavratsiya qilaman, taʼmirlayman deb tarixiy, badiiy qiymatiga shikast yetkazgan holatlar ham boʻlgan.

    Madaniy meros obyektlarini taʼmirlash juda nozik ish. Shu bois ularni taʼmirlash va tiklash ishlariga oʻz ishining ustalarini, aynan oʻzbek meʼmorchiligi yoʻnalishdagi mutaxassislarni jalb etish muhim ahamiyatga ega. Aks holda, biz ularni tiklash oʻrniga, ularga tuzatib boʻlmaydigan darajada zarar yetkazishimiz mumkin.

    Biz ushbu seminar orqali sohadagi kelgusi 10 yillik maqsad va vazifalarni belgilab olish, Oʻzbekiston restavratsiya sanʼatini butun dunyoga tarannum etishni niyat qilib olganmiz. Oʻylaymanki bugungi tashkil etilayotgan tadbir ham sohadagi yangi bilim va koʻnikmalarni oʻrganish, oʻzaro tajriba almashinuv uchun katta maktab boʻladi, — dedi Aziz Abduhakimov.

    Aziz Abduhakimov oʻz nutqi davomida yaqin vaqtlar ichida Oʻrta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etishni taklif qildi.

    Ikki kun davom etadigan seminarda bir qator mutaxassislarning chiqishlari rejalashtirilgan boʻlib, ularda madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarga malakali usta restavratorlarni jalb qilish, Oʻzbekiston imijini koʻtarish, yutuqlarni ommalashtirish, sohadagi kamchiliklarni muhokama qilish va bartaraf etish choralarini koʻrish hamda anʼanaviy restavratsiya uslublarini qayta tiklash masalalari koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.

    Ushbu seminar kelajakda anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi maqsad qilingan.